Sayt test holatida ishlamoqda!
17 Noyabr, 2026   |   7 Jumadul soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
05:51
Quyosh
07:13
Peshin
12:13
Asr
15:21
Shom
17:05
Xufton
18:22
Bismillah
17 Noyabr, 2026, 7 Jumadul soni, 1448

E’TIBOR, EHTIROM VA E’ZOZ

06.09.2024   11283   10 min.
E’TIBOR, EHTIROM VA E’ZOZ

Dil izhori

Alloh taologa beadad shukrlar bo‘lsinki, yurtimiz mustaqilligining 33 yilligini katta xursandchilik bilan kutib oldik. Bugun har bir go‘shada bayram shukuhi hukmron. Bu ayyom o‘zini shu Vatan farzandi deb bilgan har bir inson uchun qadrli, aziz va mo‘tabar. Chunki u bizga o‘zligimiz, insoniy haq-huquq va qadr-qimmatimizni baxsh etdi.

Eng ulug‘, eng aziz bayram arafasida Prezidentimiz farmonlariga muvofiq turli soha vakillari faxriy unvon, orden va medallar bilan taqdirlandi. Shunday fidoyi yurtdoshlarimiz qatorida uch nafar imom-xatib “Imom Buxoriy” ordeni bilan mukofotlangani barcha diniy soha vakillarini benihoya xursand qildi. Aytish joizki, yaqin o‘tmishda imom-xatiblarga bu darajada ehtirom ko‘rsatilmagan.  Ushbu quvonchli voqea yangi O‘zbekistonda islom dini va soha xodimlariga qaratilayotgan e’tiborning yana bir yorqin ifodasi bo‘ldi.

Imom-xatiblar yuksak mukofotlarni 30 avgust kuni Ko‘ksaroy qarorgohida davlatimiz rahbaridan qabul qilib oldi. Quyida ularning dil so‘zlari bilan tanishasiz.

Ma’rifiy sohada ilmiy asos yaratilmoqda

— Bugun men juda ham shodman. Mana shunday ulug‘ mukofotni shaxsan davlatimiz rahbarining o‘zidan qabul qilib olish menga yuksak sharaf bo‘lish bilan birga, katta mas’uliyat ham yukladi. Mamlakatimizda Prezidentimiz  rahbarligida barcha sohalarda inson qadri va uning sha’nini yuksaltirish borasida olib borilayotgan izchil islohotlarning samaralarini birma-bir sanab adog‘iga yetish mushkul.

O‘zbekiston zamini islom ilm-fani va madaniyatining qadimiy beshiklaridan biri hisoblanadi. Xalqimizning boy tarixiy, ilmiy, ma’naviy merosini har tomonlama o‘rganish, jahon hamjamiyatiga keng tanitish, eng muhimi, islom dinining asl insonparvarlik mohiyatini chuqur ochib berish maqsadida yurtimizda Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Imom Nasafiy kabi buyuk allomalarimizning bebaho ilmiy maktabini o‘rganish va tadqiq etish uchun ilmiy-tadqiqot markazlari faoliyati keng yo‘lga qo‘yildi.

Dinimizni ilmiy jihatdan o‘rganishni rivojlantirish maqsadida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, Buxoroda Mir Arab oliy madrasasi, Samarqandda Hadis ilmi maktabi va Surxondaryoda Imom Termiziy nomidagi islom instituti hamda shu nomdagi madrasaga asos solindi. Samarqandda Imom Buxoriy, Surxondaryoda Imom Termiziy, Toshkentda Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari tashkil etildi. Ularda talabalar va yosh tadqiqotchilar buyuk ajdodlarimizning boy merosini o‘rganish va tadqiq etish barobarida zamonaviy ilmlarni ham o‘zlashtirib, yetuk olim bo‘lib kamol topadi. Shular qatorida turli hududlarda hadis, kalom, tasavvuf, fiqhni o‘rganishga ixtisoslashgan ilmiy maktablar, xususan, bizning viloyatimizda ham tasavvuf ilmi maktabi faoliyati yo‘lga qo‘yilgani diniy-ma’rifiy sohada yangi davr boshlaganidan darak beradi.

Quvonarlisi, mamlakatimiz rahbarining tashabbusi bilan Buxoro Ark qo‘rg‘oni yaqinida Mir Arab oliy madrasasining yangi binosi barpo etildi va foydalanishga topshirildi. 200 o‘ringa mo‘ljallangan oliy madrasada Qur’oni karim, hadis, fiqh va tasavvuf ilmlari, xorijiy tillar puxta o‘rgatiladi. Bugungi kunda 100 nafardan ortiq talaba zamonaviy jihozlangan o‘quv xonalari, kutubxona, faollar zali, talabalar yotoqxonasi va sport zalida malakali ustozlardan ta’lim olmoqda.

2021–2024 yillarda viloyatimizdagi 15 ta masjidning yangitdan qurib foydalanishga topshirilgani, 42 ta masjidda esa yirik ta’mirlash ishlari olib borilgani mamlakatimizda muborak dinimizga qaratilayotgan alohida e’tiborning isbotidir.

Mustaqillik bayrami arafasida shunday ulug‘ e’tirofga sazovor bo‘lish, menga cheksiz g‘urur bag‘ishladi. Kelajak avlodni yangi O‘zbekistonning chinakam bunyodkori qilib tarbiyalash, xalqimizning madaniy-ma’rifiy, diniy-axloqiy dunyoqarashini boyitish yo‘lidagi faoliyatimda bu mukofot menga qanot bag‘ishlaydi, deya ishonch bilan ayta olaman.

Jobir domla ELOV,

O‘zbekiston musulmonlari idorasining

Buxoro viloyatidagi vakili,

Buxoro viloyati bosh imom-xatibi,

Mir Arab oliy madrasasi rektori

* * *

Ajdodlarimizning o‘lmas merosi chuqur o‘rganilmoqda

— Bugun juda baxtiyorman. Eng ulug‘, eng aziz bayram — mustaqilligimizning 33 yilligi arafasida davlatimizning eng yuksak mukofotlaridan biri “Imom Buxoriy” ordeni bilan taqdirlanganimdan quvonchim cheksiz, so‘z bilan ta’riflashga ojizman. Prezidentimiz tashabbusi bilan ta’sis etilgan ordenga birinchilardan bo‘lib loyiq ko‘rilganimdan, yuksak mukofotni davlat rahbarining o‘z qo‘lidan olganimdan boshim ko‘kka yetdi.  

Turli sohalarda erishilayotgan barcha yutuqlar vatanimizda hukm surayotgan tinchlik va osoyishtalik, odilona siyosat natijasidir. Islom dini ilmlari rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk vatandoshlarimizning ulkan ilmiy merosini yanada chuqur o‘rganish, tabarruk ziyoratgoh va qadamjolar, ko‘hna masjid va madrasalarni obod qilish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Viloyatimizda o‘nlab yangi masjidlar qurildi, mavjudlarida qayta qurish va ta’mirlash ishlari olib borilyapti. Misol uchun, bir vaqtlar yo‘q bo‘lib ketish arafasida turgan Abul Muin Nasafiy ziyoratgohini bugun butun dunyo sayyohlari  katta zavq va hayrat bilan tomosha qilmoqda.

Mazkur majmuada Abul Muin Nasafiy ilmiy merosiga bag‘ishlab o‘tkazilgan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyalarda Turkiya, Misr, Fransiya, Rossiya, Bangladesh, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston kabi davlatlardan yuzlab olim va kalomshunos mutaxassislar ishtirok etib, yurtimizda e’tiqod erkinligini ta’minlashga qaratilayotgan e’tiborni yuksak baholadi. Shuningdek, Kasbi tumanidagi Sulton Mir Haydar, Kitob tumanidagi Xo‘ja Ilm Koni va Mavlono Darvesh Muhammad Vaxshuvoriy, Qamashi tumanidagi Langar ota majmualarini rekonstruksiya va restavratsiya qilish ishlari amalga oshirildi.

Mustaqillikning dastlabki yillarida muborak haj amalini ado etishga muyassar bo‘lgan vatandoshlarimiz soni barmoq bilan sanoqli bo‘lgan. Bugungi kunda vijdon erkinligi va diniy-ma’rifiy muhit barqarorligini ta’minlashga qaratilayotgan alohida e’tibor tufayli ularning soni 15 mingdan oshdi. Joriy yilda faqat Qashqadaryo viloyatining o‘zidan 801 nafar fuqaro haj amallarini bajarib keldi.

Haj mavsumida Prezidentimiz hojilar holidan xabar olib, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari bilan telefon orqali muloqot qilgani nafaqat haj ziyoratiga borganlarni, ularning oila a’zolarini, barcha mo‘min-musulmonlarimizni behad quvontirdi.

Bunday g‘amxo‘rlikdan ruhlangan hojilarimiz, viloyatimizdagi barcha jome masjidlar imom-xatiblari va ularning noiblari “Yangi O‘zbekiston fidoyisi bo‘lib, ma’naviyat targ‘ibotchisiga aylanamiz” shiori ostida xayrli amallarni bajarishmoqda.

Rahmatullo USMONOV,

O‘zbekiston musulmonlari idorasining

Qashqadaryo viloyatidagi vakili,

viloyat bosh imom-xatibi

* * *

Yuksak ma’naviy-axloqiy jamiyat barpo etish yo‘lida

Ko‘ksaroy qarorgohida mamlakatimizda ko‘zga ko‘ringan ilm-fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, adabiyot, madaniyat vakillari qatorida davlat mukofoti bilan taqdirlanganim menga cheksiz faxru iftixor bag‘ishladi.

Yaratganga behad shukrlar bo‘lsinki, yurtimizda Istiqlol bayrog‘i ostida xalqimizning yurt ravnaqi yo‘lidagi azaliy istaklarini ro‘yobga chiqa boshladi. Bu, albatta, o‘z-o‘zidan bo‘lib qolmaydi. Davlatimiz rahbari boshchiligida jamiyat hayotining barcha jabhalarida olib borilayotgan islohotlarning tub mohiyati, eng avvalo, inson manfaatiga qaratilgan bo‘lib, ularning negizida farovon turmush, ilm-fan ravnaqi, yuksak ma’naviy-axloqiy, ilmiy-ijodiy salohiyatni yanada yuksaltirish va rivojlantirish yotadi.

Bugun shu maqsadda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan ulkan islohotlar, erishilayotgan yutuqlar maqtovga loyiq. Jumladan, Prezidentimiz tashabbusi bilan Imom Buxoriy me’moriy majmuasi yuksak darajada va  mahobatli shaklda bunyod etilmoqdaki, u bir necha asrlar davomida yurtimiz va dunyo mo‘min-musulmonlari uchun ruhiy-ma’naviy oziqa oladigan muhtasham dargohga aylanadi. Shuningdek, kelajak avlod uchun bir necha yuz yillar ziyo sochadigan, yoshlarga ilm-ma’rifat nurini taratadigan osori-atiqa bo‘ladi.

Davlatimiz yetakchisi rahbarligida bunyod etilayotgan va Uchinchi Renessans poydevori, deya ta’riflanayotgan Islom sivilizatsiyasi markazi ham buyuk allomalarimizning jahon tamadduniga qo‘shgan hissalarini dunyo hamjamiyatiga namoyon etadigan, islom ma’rifatini keng tarqatadigan va yoshlarni ulug‘ allomalarga munosib avlod qilib tarbiyalaydigan ma’rifat koshonasi bo‘lib asrlar osha xizmat qildi, insha Alloh.

Mana shu o‘zgarishlar ko‘z o‘ngimda ro‘y berayotgani va o‘zim ham unda ishtirok etib, ulkan savobli ishlarga sababchi bo‘layotganimdan faxrga to‘laman. Bundan o‘ttiz yil oldin Farg‘ona viloyatining Quvasoy shahrida yangi qurilgan jome masjidining imom-xatibi sifatida o‘z faoliyatimni boshlaganman. Istiqlolning ilk davrlarida viloyatimizda bor yo‘g‘i 4 masjid bor edi. Ulardagi shart-sharoitlar haqida so‘z yuritishning hojati ham yo‘q. Bugun viloyatimizda 200 dan ortiq masjid faoliyat yurityapti. Ularning barchasi zamon talabiga mos tarzda ta’mirlangan, binolari yangidan bunyod etilib, namozxonlar uchun barcha sharoitlar hozirlangan.

Yana bir ta’kidlash joiz bo‘lgan voqea imom-xatib va diniy soha xodimlarining jamiyatdagi o‘rni mustahkamlandi. Oldinlari  faqat to‘y-ma’rakalardagina ko‘rinish beradigan imomlarimiz bugun yurtimizda olib borilayotgan islohotlarda, uni xalqqa yetakazishda astoydil fidoyilik ko‘rsatmoqda. Ayniqsa, yoshlarimizni yot g‘oyalar ta’siridan asrab-avaylash, hanafiy mazhabiga xos diniy tushunchalarni targ‘ib qilish, dindoshlarimiz to‘g‘ri yo‘lda yurishi uchun olib borilgan ma’naviy-ma’rifiy ishlarda bevosita ishtirok etayotganimdan behad xursandman. 

Kamtarona mehnatim yuksak qadrlanishidan, “Imom Buxoriy” ordeni bilan taqdirlanganimdan behad minnatdorman. Aslida bu mukofot nafaqat mening, balki butun Farg‘ona viloyatida faoliyat ko‘rsatayotgan barcha imom-xatib va noiblarning ulkan mehnati natijasi, deb hisoblayman.

Biz, din peshvolari bunday e’tibor va ehtirom oldida qarzdorlikni mudom his etamiz. Bunga javoban yurtimiz tinchligi va aholi farovonligi yo‘lida yanada kuch-g‘ayrat va fidokorlik bilan xizmat qilamiz. Shuningdek, davlatimiz rahbari tomonidan olib borilayotgan islohotlar bardavom bo‘lishini doimo Rabbimizdan so‘raymiz. Zero, Alloh taolo Qur’oni karimda: “Menga duo qiling va sizga ijobat qilurman...”, deb marhamat qilgan.

Alisher NAIMOV,

Farg‘ona viloyati bosh imom-xatibi o‘rinbosari,

Quvasoy shahar bosh imom-xatibi

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Samarqand – buyuk ajdodlar merosidan Uchinchi Renessans sari

16.11.2026   3394   12 min.
Samarqand – buyuk ajdodlar merosidan Uchinchi Renessans sari

Vatanimiz mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimda davlatimiz rahbari 2026-2036 yillarni mamlakatimiz uchun milliy yuksalish davri deb e’lon qildi.

Prezidentimiz yangi o‘n yillikda ta’lim va malaka, sog‘liqni saqlash, zamonaviy texnologiyalar, suv va atrof-muhitni muhofaza qilish, qonun ustuvorligi, mahalla tizimini rivojlantirish hamda tinchlikparvar tashqi siyosatni qamrab olgan yetti ustuvor milliy dastur amalga oshirilishini bildirdi.

Samarqand viloyati hokimi, Oliy Majlis Senati a’zosi Adiz Boboyev davlatimiz rahbari ma’ruzasida qayd etilgan ulug‘ mutafakkirlar, buyuk allomalar merosini o‘rganish va ular nomi bilan bog‘liq maskanlarni obod qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida Samarqand viloyati misolida o‘z fikrlarini bayon etdi.

Ilm va ma’rifatga tayangan jamiyat taraqqiyotga erishadi

– Milliy istiqlol – xalqimizning tarixiy xotirasi, milliy o‘zligi va buyuk kelajakka bo‘lgan ishonchini mustahkamlagan, mamlakatimiz taraqqiyoti uchun keng imkoniyatlar ochgan buyuk qadriyat, – deydi Samarqand viloyati hokimi Adiz Boboyev. – Xalqning buyukligi, avvalo, uning tarixi, ma’naviy salohiyati, ilmiy tafakkuri va kelajak avlodlar oldidagi mas’uliyati bilan belgilanadi. O‘zining boy tarixiy merosi, yuksak ma’naviyati va bunyodkorlik an’analari bilan jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shgan xalqimiz ana shunday bebaho meros bilan faxrlanadi, uni e’zozlab kelmoqda.

Uch ming yildan ziyod davlatchilik an’analariga, qadimiy shaharsozlik madaniyatiga va boy ma’naviy merosga ega xalqimizning bugungi taraqqiyot yo‘li ham ana shu tarixiy zaminga tayanadi. Mustaqillik esa bizga ushbu ulug‘ merosni chuqur anglash, milliy qadriyatlarimizni tiklash, buyuk ajdodlarimiz qoldirgan ilmiy va ma’naviy boylikni asrab-avaylash hamda uni yangi avlodlarga yetkazish imkonini berdi.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimda qayd etganidek, jonajon Vatanimiz azaldan ulug‘ mutafakkirlar, aziz avliyolar, buyuk allomalar yurti bo‘lib kelgan. Biz mana shunday bebaho merosga munosib ravishda Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Burhoniddin Marg‘inoniy yodgorlik majmualari kabi betakror ilmiy-ma’rifiy dargohlarni barpo etdik.

Bu muhtasham va tabarruk maskanlar bugun nafaqat yurtimiz va islom olami, balki butun jahon ahlining haqli e’tirofiga sazovor bo‘lmoqda. Biz bunday bunyodkorlik ishlarini jadal davom ettiramiz.

Binobarin, biz o‘tmishimizga faqat faxr bilan emas, balki katta mas’uliyat hissi bilan ham qaraymiz. Zero, tarixiy merosga munosib bo‘lish – ajdodlar nomini e’zozlash bilangina cheklanmaydi. Bu, eng avvalo, ularning ilmga intilish, adolatga sodiqlik, bunyodkorlik va ma’rifatparvarlik fazilatlarini bugungi hayotimizda davom ettirish demakdir.

Samarqandning o‘tmishini xalqimizning ko‘p asrlik davlatchilik va madaniyati tarixidan ayro tasavvur etib bo‘lmaydi. Bu zamin azaldan ilm-fan, savdo-sotiq, hunarmandchilik va madaniyat rivojlangan, turli xalqlar va sivilizatsiyalar o‘zaro muloqot qilgan maskan bo‘lib kelgan.

Ayniqsa, sohibqiron Amir Temur davrida Samarqandning jahoniy shuhrati oshib, chinakam yer yuzining sayqaliga aylangan. Shahar buyuk jahongirning qudratli davlati poytaxti bo‘lish bilan birga ilm-fan, madaniyat, hunarmandchilik va savdo-sotiq markazi vazifasini ham bajargan. Keyinchalik temuriylar davrida bu an’analar davom etgan. Xususan, Mirzo Ulug‘bek nomi bilan bog‘liq ilmiy maktab jahon astronomiyasi va matematikasi rivojida o‘chmas iz qoldirdi. Uning Samarqandda barpo etgan rasadxonasi, olib borilgan astronomik kuzatishlari va yaratgan asarlari bugun ham insoniyat tafakkurining yuksak namunasi sifatida qadrlanadi.

Samarqand zaminidan yetishib chiqqan allomalar, mutafakkirlar va davlat arboblarining hayoti bizga bir haqiqatni eslatadi: ilm va ma’rifatga tayangan jamiyatgina uzoq muddatli taraqqiyotga erisha oladi. Shu ma’noda, buyuk ajdodlarimiz merosini o‘rganish o‘tmishni eslashgina emas, balki bugungi islohotlarimizning ma’naviy asoslarini mustahkamlash hamdir.

Samarqandning xalqaro miqyosdagi nufuzi ham uning ana shu boy tarixi, betakror me’moriy obidalari va asrlar davomida shakllangan ilmiy-madaniy muhiti bilan chambarchas bog‘liq. Bu merosni asrash, uni dunyoga keng tanitish va kelajak avlodlarga bus-butun yetkazish barchamizning muqaddas burchimizdir.

Buyuk meros – bugungi taraqqiyot uchun ma’naviy tayanch

Xalqimizning bir necha ming yillik tarixi, madaniyati, birinchi va ikkinchi Renessansdagi ulkan hissasini keng targ‘ib etish va bu an’analarni davom ettirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu haqda gap ketganda, hurmatli Prezidentimiz tashabbuslari bilan Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Burhoniddin Marg‘inoniy yodgorlik majmualari kabi yirik loyihalarning amalga oshirilganini alohida ta’kidlashni istardim.

Xususan, buyuk muhaddis Imom Buxoriy merosini o‘rganish va keng targ‘ib qilish, ulug‘ ajdodimiz mangu orom topgan maskanni bu zotning islom olamidagi nufuzi va salohiyatiga monand qayta bunyod etish borasida chinakamiga olamshumul ishlar bajarildi. Davlatimiz rahbarining alohida e’tiborlari bilan dastlab bu yerda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Hadis ilmi maktabi tashkil etildi. Muhaddislar sultonining ma’naviy merosini chuqur tadqiq etishga kirishildi.

So‘ngra majmua hududi kengaytirilgan holda, ziyoratchilarga har tomonlama qulayliklar yaratilishi hisobga olinib, yangidan bunyod etildi. Majmua loyihasidan boshlab qurilish, obodonlashtirish ishlarigacha Prezidentimizning doimiy e’tiborlarida bo‘ldi.

Majmua tarkibida eng ilg‘or axborot texnologiyalari qo‘llanilgan muzey tashkil etilishi Imom Buxoriyning hayoti va ilmiy merosi, islom ma’rifati rivojiga qo‘shgan hissasini namoyon etishga xizmat qilmoqda.

Qurilish-bunyodkorlik ishlari davomida majmua atrofida uch va to‘rt yulduzli 20 dan ortiq zamonaviy mehmonxona, milliy va dunyo xalqlari taomlarini tayyorlovchi o‘nga yaqin restoran va oshxonalar, 1800 dan ortiq transport vositasini saqlashga mo‘ljallangan avtoturargohlar, 40 ga yaqin elektromobillarni quvvatlash nuqtalari, 100 dan ortiq savdo va servis shoxobchalari tashkil etildi. Faqatgina bu emas, ziyoratgoh joylashgan Xo‘ja Ismoil mahallasi infratuzilmasi yangilanib, aholi turar joylari, ijtimoiy soha obyektlari qayta qurildi, rekonstruksiya qilindi va hudud ko‘rkam shaharcha ko‘rinishini oldi.

Ayni paytda bunday bunyodkorlik ishlari Samarqand shahridagi Imom Moturidiy ziyoratgohida olib borilmoqda. Mazkur yodgorlik majmuasi ham hurmatli Prezidentimiz tashabbuslari bilan qaytadan, ziyoratchilar uchun har tomonlama qulaylik yaratilgan holda obod qilindi. Imom Moturidiy maqbarasida rekonstruksiya ishlari olib borildi, yangi masjid va muzey tashkil etildi. E’tiborlisi, bu jarayonda hududda Burhoniddin Marg‘inoniy dafn etilgan joy aniqlanib, ulug‘ alloma sharafiga maqbara qurildi.

Yaqinda, 18 oktyabr kuni davlatimiz rahbari bu yerdagi bunyodkorlik ishlari bilan tanishib, “bunday buyuk qadamjolarni obod qilish zamirida katta ma’naviyat, ma’rifat, ta’lim va ilm bor. Odamlar bu yerga kelib, nafaqat ziyorat qilsin, balki bilim olsin, o‘zligini anglasin” deb alohida ta’kidladilar.

Bunday ulug‘vor bunyodkorlik ishlari nafaqat davlatimiz qudrati, balki xalqimizning yuksak diniy-ma’rifiy salohiyatini ham namoyon etdi. Chunki, bunday maskanlarning ahamiyati faqat me’moriy ko‘rkamligi yoki sayyohlik salohiyati bilan o‘lchanmaydi. Ularning eng muhim vazifasi ilm-ma’rifatni targ‘ib etish, ma’naviy qadriyatlarni asrash, yosh avlodni ezgulik va bag‘rikenglik ruhida tarbiyalash, ajdodlarimiz merosini zamonaviy tadqiqotlar bilan boyitishdir.

Uchinchi Renessans poydevori – ilmli va tashabbuskor avlod

Bugun mamlakatimiz oldida turgan eng muhim vazifalardan biri yoshlarni zamonaviy bilimlar, xorijiy tillar, raqamli texnologiyalar va innovatsion fikrlash ko‘nikmalari bilan qurollantirishdir. Chunki har qanday buyuk taraqqiyotning asosida inson kapitali, sifatli ta’lim va erkin ijodiy muhit turadi.

Samarqand zaminida kamol topayotgan har bir yosh o‘z tarixini bilishi, buyuk ajdodlari bilan faxrlanishi barobarida, zamonaviy kasb-hunarlarni egallashi, yangilikka intiluvchan va raqobatbardosh bo‘lishi kerak. Shu maqsadda yoshlarimizning iste’dodini ro‘yobga chiqarish, ularning ilm-fan, tadbirkorlik, san’at va sport sohalaridagi tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash uchun barcha imkoniyatlarni safarbar etyapmiz. Ayni paytda viloyatimizda 15 dan ortiq oliy ta’lim muassasasi, Prezident maktabi va har bir tuman va shaharda ixtisoslashgan ta’lim muassasalari, 50 dan ortiq xususiy maktablar va nufuzli o‘quv markazlari faoliyat ko‘rsatmoqda. Zamonaviy IT maktab va startap loyihalar ofislari kun sayin ko‘paymoqda. Birgina shu yilning o‘zida Samarqand shahrida 5,4 gektar maydonda yoshlar ijodiy parki tashkil etilib, bu yerda IT, xorijiy tillarni o‘rgatish, robototexnika o‘quv markazlari, sport to‘garaklari faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Bugun biz intilayotgan Uchinchi Renessans g‘oyasining mazmun-mohiyati ham aslida shu buyuk ajdodlarimiz yaratgan ilmiy va ma’naviy maktablarni munosib davom ettirish, yangi kashfiyotlar, zamonaviy bilimlar va yuksak intellektual salohiyat orqali mamlakatimizning taraqqiyotiga xizmat qilish.

Bu borada oila, mahalla, ta’lim muassasalari, ilm-fan tashkilotlari va davlat idoralarining hamkorligi muhim ahamiyatga ega. Zero, ma’rifatli avlodni tarbiyalash birgina ta’lim muassasasining emas, butun jamiyatning vazifasidir.

Tarixiy mas’uliyat va kelajak oldidagi burch

Samarqandning buyuk tarixi bizga katta g‘urur bag‘ishlaydi. Biroq bu g‘urur amaliy ishlar, aniq natijalar va xalq farovonligiga xizmat qiladigan tashabbuslar bilan mustahkamlanishi kerak.

Viloyatimizda aholi turmush darajasini oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, tadbirkorlikni rivojlantirish, ta’lim va tibbiyot sifatini yaxshilash, shahar va qishloqlar infratuzilmasini modernizatsiya qilish, ekologik barqarorlikni ta’minlash bugungi kundagi eng muhim vazifalarimiz hisoblanadi.

Bunda har bir hududning o‘ziga xos imkoniyatlaridan samarali foydalanish, mahallalardagi muammolarni manzilli hal etish, aholi bilan ochiq muloqot qilish va amalga oshirilayotgan ishlar natijadorligini ta’minlash muhim ahamiyatga ega. Chunki taraqqiyotning haqiqiy mezoni, avvalo, insonlarning hayotidagi ijobiy o‘zgarishlar, ularning ertangi kunga bo‘lgan ishonchi va yaratilgan imkoniyatlardan qanchalik foydalana olishi bilan belgilanadi.

Ana shunday yondashuv tufayli yilning birinchi yarmida viloyatimizning yalpi hududiy mahsuloti 59,1 trillion so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 9,6 foizga o‘sdi. Mahalliy budjet daromadlari ham muttasil o‘sib, xususan, to‘qqiz oy yakuni bilan 6 trillion 80 milliard so‘mdan oshdi. Viloyat hamda tuman (shahar) hokimliklari ixtiyorida qariyb 743 milliard so‘m qo‘shimcha mablag‘lar shakllantirildi. Bu mablag‘lar hududlar infratuzilmasini yaxshilash orqali odamlar turmush darajasini oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va ijtimoiy masalalarni hal etishga yo‘naltirilmoqda.

Samarqandning boy tarixiy-madaniy merosi, ziyorat va gastronomik turizm imkoniyatlaridan samarali foydalanish natijasida yilning birinchi yarmida viloyatimizga 3,4 milliondan ortiq xorijiy va 4,7 million nafar mahalliy sayyoh tashrif buyurdi. Yil yakuni bilan chet ellik turistlar soni 6 milliondan oshishi kutilmoqda.

Amalga oshirilayotgan ishlarimizning pirovard natijasi aholini daromadli mehnat bilan ta’minlash, kambag‘allik va ishsizlikdan holi hududga aylantirishdan iborat. Biz bu yil viloyat bo‘yicha 618 ming aholini daromadli mehnat bilan ta’minlash orqali ishsizlik darajasini yil boshidagi 4,7 foizdan 4,2 foizga tushirishni rejalashtirganmiz. Shuningdek, 470 ta mahalla va 6 ta hududni “ishsizlik va kambag‘allikdan xoli hudud”ga aylantirishni maqsad qilganmiz.

Ayni paytda Qoradaryo bo‘yida Samarqandning yangi ma’muriy markazi bo‘lishi kutilayotgan “Shirin” shaharchasi qurilishi boshlandi. 150 ming aholi yashaydigan shaharchada uy-joylar, xizmat ko‘rsatish obyektlari, ta’lim muassasalari, madaniyat va sport muassasalari barchasi zamon talablariga mos, aqlli texnologiyalar asosida bunyod etiladi. Shuningdek, Samarqand shahrining temiryo‘l orti hududida renovatsiya dasturi bo‘yicha 100 ming aholi uchun yangi turar joy massivi qurilishi ham jadal suratlarda olib borilmoqda.

Umuman, biz ajdodlarimizdan qolgan boy merosni asrab-avaylash bilan birga, kelajak avlodlarga yanada obod, farovon va imkoniyatlarga boy Vatanni qoldirishga intilishimiz shart. Buning uchun har birimiz o‘z ishimizga mas’uliyat bilan yondashishimiz, bilim va tajribamizni yurt ravnaqiga safarbar etishimiz lozim.

Ishonchim komilki, Samarqandning boy tarixiy salohiyati, mehnatsevar xalqi, iqtidorli yoshlari va bunyodkorlik an’analari viloyatimizning yangi taraqqiyot bosqichida mustahkam tayanch bo‘lib xizmat qiladi.

O‘zA muxbiri G‘olib Hasanov yozib oldi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari