2024 yilning 15-16 oktyabr kunlari Toshkent va Xiva shaharlarida “Islom – tinchlik va ezgulik dini” mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Konferensiya materiallari alohida to‘plam sifatida chop etilishi belgilangan.
Shu munosabat bilan konferensiya materiallari to‘plamida o‘z maqolalarini chop ettirish istagida bo‘lgan yetuk ulamolar, iqtidorli imom-xatiblar, ta’lim muassasalarining mudarris-o‘qituvchilari, islomshunos olim va tadqiqotchilar, soha vakillari va salohiyatli talabalarni o‘zlarining ilmiy maqolalari bilan faol ishtirok etishga chaqiramiz.
Tezis matnini rasmiylashtirish talablari:
1. Tezis matni MS Office dasturining WORD 2010 muharririda, Times New Roman shrifti, 14 kegel kattaligi, 1,5 intervalda bo‘lishi va 4 betdan oshmasligi lozim.
2. Tezis matnlari tahrir qilingan holda A4 hajmdagi qog‘ozga, yuqoridan va pastdan 2,5 sm., chapdan 3 sm., o‘ngdan 1,5 sm. joy qoldirib, 1 nusxada topshiriladi. Tezisni tayyorlashda foydalanilgan adabiyotlar har bir sahifa ostida havola (snoska) tarzida beriladi.
3. Ma’ruzachining ismi familiyasi, ilmiy daraja va unvoni (o‘ng yuqori burchak, kursivda, 10 kegel kattaligidagi shrift, 1 interval), tashkilot va shahar nomi, muloqot telefonlari joy kodi bilan (ikkinchi qatorda) ko‘rsatiladi. So‘ngra 1 interval qoldirib, tezisning nomi bosh harflar bilan yoziladi. Asosiy matn 1,5 intervalli qatorlarda yoziladi.
Talabgorlar tezislarini 2024 yil 20 sentyabrga qadar O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining tashkiliy qo‘mitasi: N.Saminova (telegram nomeri: 99 327-23-08), Ilmiy kengash kotibi I.G‘afurova (telegram nomeri: 97 443-14-70)ga elektron nusxada yuborishlari mumkin.
Konferensiya mavzusi, ilmiylik va nashr etish talablariga javob bermaydigan tezislar chop etilmaydi.
Ilmiy tezis matnida keltirilgan ma’lumotlarning haqqoniyligiga mualliflar javobgardir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Sirdaryo viloyatida faoliyat yuritayotgan imom-xatib va imom-noiblar o‘rtasida “Qur’on tinchlikka buyuradi” shiori ostida “Zakovat” intellektual musobaqasi o‘tkazildi.
Bellashuvdan ko‘zlangan asosiy maqsad — diniy soha xodimlarining ilmiy-ma’rifiy va huquqiy bilimlarini mustahkamlash, ular o‘rtasida o‘zaro hamjihatlikni yanada oshirishdan iborat.
Musobaqada shahar va tumanlardan jamlangan jamoalar Qur’oni karim, hadisi shariflar, islom tarixi, milliy qadriyatlar va mamlakatimiz qonunchiligiga oid savollar bo‘yicha o‘z bilim va tezkor fikrlash qobiliyatlarini namoyon etdilar.
Yakuniy natijalarga ko‘ra:
1-o‘rin — “Tafakkur” jamoasi
2-o‘rin — “Ittifoq” jamoasi
3-o‘rin — “Hikmat” jamoasi
G‘oliblar O‘zbekiston musulmonlari idorasi Sirdaryo viloyati vakilligining maxsus diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Sirdaryo viloyati vakilligi
Matbuot xizmati