Joriy yilning 9 sentyabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari, Toshkent islom instituti rektori, professor Muhammadolim domla Muhammadsiddiqov va Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davron Maxsudov BMTning Aholishunoslik jamg‘armasi – UNFPA O‘zbekistondagi mas’ullari va Misrning O‘zbekistondagi elchisi hamda Al-Azhar majmuasi vakillari iborat martabali mehmonlar bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muloqot avvalida Muhammadolim domla Muhammadsiddiqov mehmonlarni tashrif bilan qutlash barobarida keyingi yillarda yurtimizda barcha yo‘nalishlar qatori diniy-ma’rifiy sohada ham katta ijobiy o‘zgarishlar bo‘layotgani, jumladan, fuqarolarga Qur’oni karim va tajvidni o‘rgatish ishlari tizimli yo‘lga qo‘yilgani, yangi diniy ta’lim muassasalari ochilayotgani, ulardagi fan dasturlari sifat va mazmun jihatdan takomillashtirilayotgani, ziyoratchilarimizni umraga cheklanmagan hisobda yuborish yo‘lga qo‘yilgani, haj safari kvotasi ham yildan-yilga oshirib borilayotganini alohida qayd etdi. Shuningdek, O‘zbekiston musulmonlari idorasi faoliyati haqida so‘zlab berdi.
Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maxsudov so‘nggi yillarda Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimizning yangi taraqqiyot davrida barcha islohotlar inson va uning qadrini yuksaltirishga qaratilgani, diniy-ma’rifiy jabhada ham ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotgani, xorijiy davlat va xalqaro tashkilotlar bilan samarali hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilgani, mazkur uchrashuv ham ana shu yo‘nalishda birgalikdagi yaqin aloqalar natijasi ekanini ta’kidladi.
Islom oliy ulamolar kengashi bosh kotibi, professor doktor Abbas Sho‘mon, Al-Azhar majmuasining Xalqaro islom aholishunoslik va tadqiqot Markazi direktori professor Jamoliddin Abdulsurur, Misr Arab Respublikasining O‘zbekistondagi elchisi Amira Fahmi xonim, BMTning Aholishunoslik jamg‘armasi – UNFPA O‘zbekistondagi doimiy vakili Nigina Abaszade samimiy qabul, xayrli tilak va manfaatli suhbat uchun tashakkur aytishdi.
Martabali mehmonlari o‘z so‘zi davomida yangilanayotgan O‘zbekistonda o‘zaro hamkorlikdagi xayrli ishlarni yanada rivojlantirishga imkoniyat va sharoitlar yaratilayotgani, kelgusida hamkorlikdagi dasturlarni amalga oshirishda zamonaviy axborot texnologiya va metodlardan foydalanish zarurligi, dasturlarning keng yoyilishi va amalga oshishida diniy soha vakillarining ahamiyati nihoyatda kattaligini qayd etdi.
Ma’lumot uchun, mazkur martabali mehmonlar shu kunlarda Toshkent shahrida bo‘lib o‘tayotgan “O‘zbekistonda ayollar huquqlariga oid islom ta’limoti me’yorlarini o‘rganishning nazariy-tadbiqiy jihatlari” mavzusidagi xalqaro o‘quv seminarda ishtirok etmoqda. 9 sentyabr kuni mazkur anjumanning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari, Toshkent islom instituti rektori, professor Muhammadolim domla Muhammadsiddiqov ma’ruza bilan qatnashdi. O‘quv seminar 12 sentyabrgacha davom etadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Saudiya Arabistonining nufuzli OAVda O‘zbekistonning madaniy-gumanitar, turizm va sport sohalaridagi xalqaro hamkorligi hamda mamlakatda bo‘lib o‘tadigan yirik tadbirlarga bag‘ishlangan tahliliy maqolalar e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Xususan, Saudiya Arabistonining “Amwaj” nashrida joriy yilning 24–29 avgust kunlari Toshkentda “Islom sivilizatsiyasi: yangicha nigoh, yangi kashfiyotlar” mavzusida xalqaro mediaforum o‘tkazilishi keng yoritildi.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘lib o‘tadigan ushbu yirik tadbirga yetakchi xorijiy jurnalistlar va xalqaro ekspertlar to‘planishi qayd etilgan. Forum dasturi yalpi majlislar, talabalar uchun mahorat darslari, mediaturlar va Samarqandning tarixiy obidalarini ziyorat qilishni o‘z ichiga oladi hamda O‘zbekiston davlat mustaqilligining 35 yilligini nishonlashga bag‘ishlanadi.
Shuningdek, nashrda Samarqandda O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi tomonidan tashkil etilgan birinchi O‘zbekiston–Gruziya turizm forumi ham yoritilgan. Ta’kidlanishicha, tadbir O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Gruziyaga davlat tashrifi chog‘ida erishilgan kelishuvlarning amaliy ifodasi bo‘ldi.
Tomonlar qo‘shma sayyohlik mahsulotlarini yaratish, to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarni kengaytirish va turizmning yangi turlarini rivojlantirish masalalarini muhokama qilgan. Gruziyadan kelayotgan sayyohlar oqimining sezilarli darajada oshgani va O‘zbekiston turizm sohasining umumiy ko‘rsatkichlari yuqori ekani qayd etilgan.
“Saudi Press Agency” axborot agentligi Jidda shahrida Saudiya Arabistoni Islom ishlari, da’vat va irshod vazirligi hamda O‘zbekiston Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi o‘rtasidagi Anglashuv memorandumiga doir ijro dasturi imzolangani haqida xabar berdi.
Ushbu hujjat mo‘tadillik tamoyillarini mustahkamlash, ekstremizmga qarshi kurashish, voiz va imomlar uchun o‘quv kurslarini tashkil etish, Qur’oni Karim ma’nolarini o‘rganish va yoyish sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati