Jamiyatimiz hayoti, ayniqsa insonlar o‘rtasida o‘zaro axborot almashish, ma’lumot olishda internet tarmog‘ining ahamiyati kundan kunga ortib bormoqda.
Inson salomatligi u oziqlanayotgan suv va ne’matlar sofligiga bog‘liq bo‘lganidek, shaxs dunyoqarishining sog‘lomligi va ilm saviyasi o‘zlashtirayotgan ma’lumot va bilimlarining manbalariga bog‘liqdir. Shu nuqtayi nazardan, davrimizda internet tarmog‘idan foydalanish odobi ijtimoiy odoblarning eng ahamiyatlilaridan biri hisoblanadi. Biroq, har narsaning yaxshi va yomon tarafi bo‘lganidek, so‘ngi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarning ham jiddiy xatarlari yuzaga chiqmoqda. Jumladan, ayni davrda ayrim buzg‘unchi oqimlarning internetdan o‘z g‘arazi yo‘lida keng foydalanayotgani, yoshlarni o‘z domiga tortayotgani, ayrim saytlarda behayolik, o‘z joniga qasd qilish kabi ayanchlik illatlar targ‘ib etilayotgani, ba’zi ijtimoiy tarmoqlarda turli fitnalar, jamiyatni beqarorlashtiruvchi yolg‘on ma’lumotlar berilayotganini kuzatishimiz mumkin.Shuning uchun ham xalqimiz, xususan yoshlarni ana shunday xatarlardan ogoh etish har bir ziyoli, ma’rifatparvar insonning eng dolzarb vazifasiga aylanib bormoqda. Quyida ijtimoiy tarmoqlarning ana shunday xatarlaridan eng asosiylarini sanab o‘tamiz:
Yolg‘on va asossiz xabarlarning tarqalishi va Fitnalar uyushtirish makoni” ekani: Hozirgi globallashuv davrida eng asosiy muammoga aylangan illatlardan biri – yolg‘on axborotdir. Ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlarda turli asossiz ma’lumotlarni tarqatish, turli bo‘htonlar va uydirmalarni urchitish holatlari ko‘plab uchramoqda. Ayrim soddadil musulmonlar mana shunday uydirmalarga ishonib, yolg‘on va bo‘htonga sherik bo‘lib qolmoqdalar. Odamlardan eshitgan narsasini surishtirmay gapiraverish gunoh ekaniga quyidagi hadis ham yaqqol dalil hisoblanadi. Bu borada Payg‘ambarimiz alayhissalom: “Kishiga gunoh bo‘lishi uchun eshitgan narsasini gapirishining o‘zi kifoyadir”, – deganlar (Imom Muslim va Imom Abu Dovud rivoyati).
So‘nggi yillarda internet siyosiy kurashlar maydoni, turli xil manfaatlarning kuchli quroliga ham aylanib bormoqda.
Har qanday to‘siq, cheklov va taqiqlarni aylanib o‘tishga moslashtirilgan ijtimoiy tarmoqlar bugungi kunda chinakamiga jilovlab bo‘lmas kuchga aylandi.
Terrorchi to‘dalar, adashgan firqalar va boshqa buzg‘unchi kuchlar ijtimoiy tarmoqlar imkoniyatlaridan keng foydalangan holda odamlarni, ayniqsa yoshlarni to‘g‘ri yo‘ldan adashtirish, ulardan o‘zlarining manfur maqsadlari yo‘lida foydalanish, jamiyatda nifoq chiqarish hamda eng achinarlisi urush olovini yoqishga urinishmoqda va bunga ma’lum ma’noda erishishmoqdalar ham. Aslida turli fitnalar uyushtirish, insonlar o‘rtasida adovat urug‘ini sochish – dinimizda eng katta jinoyatlardan biri ekani ta’kidlangan.
Alloh taolo Qur’oni karimda: “Fitna esa qotillikdan ham kattaroq (gunoh)dir...” deb marhamat qiladi. (Baqara surasi 217-oyat) Hammamiz ham yangiliklardan xabardor bo‘lish, dunyoqarashimizni o‘stirish maqsadida internet tarmoqlariga murojaat qilamiz. Muhimi – ulardan oqilona foydalansak, xususan yoshlarni aqlan va ruhan to‘g‘ri tarbiya topishida, turli yot qarashlar ta’siriga tushib qolmasliklariga xushyor bo‘lsak, maqsadga muvofiq bo‘ladi. Alloh taolo yurtimizni turli xil fitna-fasodlardan panohida saqlasin...
Zokirjon G‘apporov,
Kosonsoy tumani “Abdulhayxon” jome
masjidi imom-noibi
Savol: Masjiddagi jamoatda ba’zan oldingi safdagi odamning kiyimi kalta bo‘lgani uchun sajdada orqasi qisman ochilib qoladi va bexosdan unga ko‘zimiz tushib qoladi. Shu holatda tahorat yoki namozimiz buzilmaydimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Ulamolar tahorat va namozni buzuvchi omillarni birma-bir sanaganlar. Ular ichida birovning avratiga ko‘z tushib qolish sababli buziladi, degan gap yo‘q. Birovning, xoh ayolning, xoh erkakning avratiga qarash sababli bavl yoki biror suyuqlik chiqmasa, tahorat sinmaydi. Ammo bu degani qarash, nazar solish mumkin ekan, deb tushunmaslik kerak. Chunki bunday ishlar aslo mumkin emas.
Bir narsani yodda tutish lozimki, namoz o‘qish uchun tayyorlanayotgan inson namoz o‘qish asnosida avratlari ochilib qolmasligining chorasini ko‘rishi kerak bo‘ladi. Chunki bir rukn (farz amali) miqdoricha avratining to‘rtdan biri ochilib tursa, uning namozi buziladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi