Sayt test holatida ishlamoqda!
17 Noyabr, 2026   |   7 Jumadul soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
05:51
Quyosh
07:13
Peshin
12:13
Asr
15:21
Shom
17:05
Xufton
18:22
Bismillah
17 Noyabr, 2026, 7 Jumadul soni, 1448
Maqolalar

Haddidan oshgan

10.09.2024   7445   2 min.
Haddidan oshgan

Dinimiz musulmonlarni har ishda mo‘tadil bo‘lishga chaqiradi. Binoba­rin, kishining har bir ishda me’yorni bilishi uni saodatga eltadi. U xoh boylik, xoh mehnat bo‘lsin, barchasining me’yori bor. Hatto dinda ham chuqur ketmaslik lozimligi ta’kidlanadi.

Bugun mana shu me’yorni bilmay, dinda chuqur ketib adashganlarni ham, boylikka ruju qo‘yib kibrga ketganlarni ham, ertadan kechgacha mehnat qilib sog‘lig‘ini yo‘qotlarni ham ko‘ryapmiz. Internetu ijtimoiy tarmoqqa mukkasidan ketganlarni aytmasa ham bo‘ladi. O‘zganing hayotini tarmoqlarda kuzataman deb o‘z hayoti qolib ketganlar qancha. Televizoru turli o‘yinlarga berilib yoshi o‘tib ketayotganlar ham yetarlicha. Ularni ko‘rib, umri behudaga zoye bo‘layotganidan ezilasan kishi.

Gohida davralarda, o‘zaro muloqot­larda me’yoridan ortiq gapirish ham kishiga og‘ir botadi. Ko‘p gapirish nutqning ta’sir quvvatini kamaytiradi. Natijada o‘z haddini bilmagan kishi qadrsizlanadi. Xuddi shunday o‘ta sertakalluflik ham xushomadga yo‘yiladi. Shuning uchun kishi har ishda mo‘tadillikni ushlashi lozim.

Mo‘tadillik borasida Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallamning hayotlari ham barchaga dasturilamal­dir. U zot hech qachon ummatlarini og‘ir mashaqqatli ibodatlarga buyurmas, balki ba’zi amallar ummatga farz bo‘lib qo­lishidan xavf qilib, ularni gohida tark qilardilar. U zotning sunnatlari oson va yengil, mashaqqatsiz bajariladigan amallar edi. Payg‘ambarimiz ummatining eng zaif toifalarini ham e’tiborga olib yo‘l tutardilar. Zaif toifalardan sog‘lom mo‘minning vazifalarini talab qilmasdilar. So‘zlaganda ham barchani e’tiborga olib so‘zlar, hech kim malollanmas edi. Mo‘tadillik haqida u zot bunday deydilar: “Albatta, din osondir. Kimki unda chuqur ketsa, din uni mag‘lub qiladi” (Imom Buxoriy rivoyati).

Ya’ni, odam o‘zini haddan ortiq qiynab, farz va sunnatlardan tashqari, toqati ko‘tarmaydigan amallarga majburlasa, oxirida malollanib, hammasini tashlab qo‘yishi mumkin.

Yana bir boshqa hadisi sharifda: “Ish­larning eng yaxshisi o‘rtachasidir”, de­yiladi. Shu boisdan Nabiy alayhissa­lom sa­hobalarni har bir ishda – xoh u dunyoviy bo‘lsin, xoh oxirat amali bo‘lsin, o‘rtacha bo‘lishga chaqirganlar.

Shuningdek, Qur’oni karimning Qasos surasi 77-oyatida: “Va Alloh senga bergan narsa bilan oxiratni izlagin, bu dunyodagi nasibangni ham unutma", deya ta’kidlangan. Bu oyatdan dunyo va oxirat ishlarida, ibodat masalalarida muvozanatni saqlash lozimligini anglash mumkin.

Hayotda me’yori tayin etilmas narsalar ham bor. Bular ilm, odob, kasb egallash va solih amal. Siz qaysi yo‘ldasiz? Solih ishlardami yo behuda amallarda?!

Anvar G‘ULOMOV,

Mehnat faxriysi, Samarqand shahri

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

O‘mon Madaniy mutolaa uyi rahbari: «Markaz nashrlari meni nihoyatda hayratlantirdi»

16.11.2026   1667   3 min.
O‘mon Madaniy mutolaa uyi rahbari: «Markaz nashrlari meni nihoyatda hayratlantirdi»

O‘mon Sultonligining Masqat shahrida o‘tkazilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi O‘mon Madaniy mutolaa uyi vakili Markaz nashrlarining badiiy bezaklari va tarixiy mazmunidan katta taassurot olganini bildirib, ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy hamkorlik Mahmudxo‘ja Behbudiy merosiga bag‘ishlangan adabiy uchrashuvlar orqali avvalroq boshlanganini ta’kidladi, xabar bermoqda iccu.uz.

O‘mon Sultonligining Masqat shahrida tashkil etilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining taqdimot tadbiri ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy-ma’rifiy hamkorlikning yana bir muloqot maydoniga aylandi.

Tadbir doirasida O‘mon Madaniy mutolaa uyi vakili O‘zbekiston bilan avvaldan yo‘lga qo‘yilgan adabiy aloqalar, mamlakatga amalga oshirilgan madaniy safar va Islom sivilizatsiyasi markazi nashrlari haqidagi taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.

Halima al-Balushiy, O‘mon Sultonligi Madaniy mutolaa uyi («Bayt al-Qiroa as-Saqofiy») rahbari

O‘zbekiston bilan hamkorligimiz bugun boshlangani yo‘q. Avvalroq O‘zbekistonning Masqatdagi elchixonasida Mahmudxo‘ja Behbudiy haqidagi kitoblardan birining muhokamasini tashkil etgan edik. Bu juda mazmunli va samarali muloqot bo‘lgan. Tadbir O‘zbekistonning O‘mondagi elchisi janoblari mezbonligida o‘tkazilgan edi.

Shundan so‘ng ikki mamlakat elchixonalari — O‘zbekistonning Masqatdagi va O‘monning Toshkentdagi diplomatik vakolatxonalari bilan hamkorlik va kelishuv asosida Madaniy mutolaa uyi a’zolarining O‘zbekistonga tashrifini tashkil etishga qaror qildik.

Bu tashrif tashkilotimiz amalga oshirgan eng ajoyib safarlardan biri bo‘ldi. Unda biz O‘zbekistonning boy madaniyati bilan yaqindan tanishdik. Taassurotlarimiz nihoyatda hayratlanarli bo‘ldi. A’zolarimiz Toshkent, Samarqand va Buxoro shaharlarini juda yaxshi ko‘rib qolishdi. Biz uchta shaharda bo‘ldik va ularning har biri bizga avvalgisidan ham go‘zalroq tuyuldi.

Ayrim joylar O‘monning ba’zi shaharlariga juda o‘xshash ekani ham e’tiborimizni tortdi. Ayniqsa, Buxorodagi qadimiy tarixiy maskanlar, tor ko‘chalar, eski uylar, derazalar va an’anaviy me’moriy inshootlar bizga o‘zgacha taassurot bag‘ishladi.

Safar ishtirokchilari O‘zbekistonning ulkan madaniy boyliklarga, qadimiy Islom sivilizatsiyasi va yuksak tarixiy merosga ega mamlakat ekanini chuqur his etdilar. Bu jihatlar ikki mamlakat madaniyati o‘rtasidagi yaqinlik va mushtaraklikni yanada yaqqol namoyon etdi.

Hatto ayrim a’zolarimiz Toshkentdan uy sotib olish istagini ham bildirishdi. Ular O‘zbekistonga tez-tez borib turishni xohlashmoqda. O‘zbek taomlari ularga juda-juda yoqdi. O‘zbekiston bozorlari, uylari, saroylari, tarixiy yodgorliklari, shaharlari va tabiati — mamlakatga xos barcha jihatlar ularni maftun etdi.

Islom sivilizatsiyasi markaziga keladigan bo‘lsak, biz O‘zbekistonga tashrif buyurgan paytimizda Markaz hali ochilmagan edi. Ammo u haqida eshitgan edik va uni ko‘rishni juda istaganmiz. Bizga markaz keyinroq ochilishi haqida ma’lum qilishgan edi.

Mana, bugun esa Islom sivilizatsiyasi markazining ochilishi munosabati bilan ushbu masjidning muhtasham zalida turibmiz. Bizni taklif etishgani va ushbu go‘zal ko‘rgazmani tomosha qilish imkoniyati yaratilganidan juda xursandmiz.

Ochig‘ini aytsam, markaz nashrlari meni nihoyatda hayratlantirdi. Kitob muqovalarining ranglari, ularning bezaklari, kitoblar ichidagi go‘zal manzaralar va tarixiy obidalar tasviri menda katta taassurot qoldirdi.

Masqatdagi taqdimot O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining ilmiy-ma’rifiy faoliyati va nashrlarini xorijiy jamoatchilikka tanishtirish bilan bir qatorda, O‘zbekiston va O‘mon o‘rtasida avvaldan shakllangan adabiy-madaniy aloqalarning davomiyligini ham namoyon etdi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

 

O'zbekiston yangiliklari