Sayt test holatida ishlamoqda!
17 Noyabr, 2026   |   7 Jumadul soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
05:51
Quyosh
07:13
Peshin
12:13
Asr
15:21
Shom
17:05
Xufton
18:22
Bismillah
17 Noyabr, 2026, 7 Jumadul soni, 1448
Maqolalar

11.09.2024   1886   2 min.

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Uhud g‘azotidan keyin Alloh taolo musulmonlarga bunday xitob qildi:

«O‘shanda U Zotning izni ila ularni qira boshlaganingizda Alloh va’dasining ustidan chiqdi. Ammo sizlar zaiflashib, farmon borasida ixtilof qildingiz, U Zot siz yaxshi ko‘rgan narsani ko‘rsatganidan so‘ng esa osiylik qildingiz, chunki orangizda dunyoni istaydiganlar ham bor, oxiratni istaydiganlar ham bor. Keyin esa U Zot sinov uchun sizlarni chekinishga majbur qildi. Endi esa sizlarni afv etdi, zero, Alloh mo‘minlarga fazlu marhamatlidir. O‘shanda Rasul ortingizdan chaqirib tursa ham, hech kimga qaramay, tirqirab qochdingiz. Ammo U Zot qo‘ldan ketgan narsaga ham, yetgan musibatga ham mahzun bo‘lmasligingiz uchun sizni g‘am ustiga g‘am bilan mukofotladi. Alloh qilayotgan amallaringizdan xabardordir» (Oli Imron surasi, 152-153-oyatlar).

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam kamonchilarni bir tepalikka joylashtirib, "Mening farmonimsiz joyingizdan jilmanglar!" deb buyurdilar. Lekin ular jangning boshida musulmonlar g‘alaba qilayotganini ko‘rib, o‘ljadan benasib qolib ketmaylik deb, Payg‘ambarimiz solllallohu alayhi vasallamning buyruqlarini bajarmay, pastga tusha boshlashdi. Buni kutib turgan dushman fursatdan darhol foydalandi. Bu musibatga ana shu tortishuv, itoatsizlik sabab bo‘ldi. Mana shu jinoyatning "mevasi" o‘laroq, musulmonlar jang maydonida g‘am ustiga g‘amlarga giriftor bo‘ldilar.

Taloto‘pda dushmanlardan biri "Muhammad o‘ldi!" deb qichqirdi. Mana shu yolg‘on xabarning tarqalib ketgani birinchi musibat bo‘ldi. Bu xabar musulmonlarni qattiq tushkunlikka tushirib qo‘ydi. Ikkinchi musibat esa kofirlarning musulmonlar ustidan qo‘li baland kelib, yetmishta zabardast sahobaning shahid qilingani bo‘ldi. Qur’oniy ta’bir bu musibatni o‘zgacha uslub bilan ifodaladi. Alloh taolo "sizlarni g‘am ustiga g‘am bilan jazoladi", demadi, balki "mukofotladi", dedi. Nima uchun mukofotladi? Buning nimasi mukofot deysizmi? Axir yuqoridagi hadisda nima deyilgan edi? Har bir musibat – ajr emasmidi? Bu voqeaning mukofotligi shuki, g‘am-tashvish, musibat tufayli sababli mo‘minlarga ajr-savob berildi. Shuning uchun Alloh taolo musibatlarni, qiyinchiliklarni savob deb, mukofot deb atadi, chunki bu musibatlar sodir bo‘lgan xatolarni yo‘q qilib yuborar edi! Mo‘minlar bu qiyinchiliklarga sabr qilishsa, Alloh ulardan rozi bo‘ladi, gunohlarini mag‘firat qiladi, jannatdagi darajalarini yuksaltiradi.

Shunday ekan, mahzun bo‘lmang, opa-singillar! Alloh bizni azoblash uchun, qiynash uchun emas, balki tarbiyalash uchun sinamoqda. Balolarni yo‘llab, bizni mukofotlamoqchi, kechirmoqchi, bizdan rozi bo‘lmoqchi. Shuning uchun shu lahzalardan e’tiboran unutmangki, g‘am-tashvishlarda albatta ajru mukofotlar bor.

Abdulloh Abdulmu’tiy, Huda Sa’id Bahlulning

“Qulog‘im senda qizim” kitobidan G‘iyosiddin Habibulloh tarjimasi.

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

O‘mon Madaniy mutolaa uyi rahbari: «Markaz nashrlari meni nihoyatda hayratlantirdi»

16.11.2026   1483   3 min.
O‘mon Madaniy mutolaa uyi rahbari: «Markaz nashrlari meni nihoyatda hayratlantirdi»

O‘mon Sultonligining Masqat shahrida o‘tkazilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi O‘mon Madaniy mutolaa uyi vakili Markaz nashrlarining badiiy bezaklari va tarixiy mazmunidan katta taassurot olganini bildirib, ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy hamkorlik Mahmudxo‘ja Behbudiy merosiga bag‘ishlangan adabiy uchrashuvlar orqali avvalroq boshlanganini ta’kidladi, xabar bermoqda iccu.uz.

O‘mon Sultonligining Masqat shahrida tashkil etilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining taqdimot tadbiri ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy-ma’rifiy hamkorlikning yana bir muloqot maydoniga aylandi.

Tadbir doirasida O‘mon Madaniy mutolaa uyi vakili O‘zbekiston bilan avvaldan yo‘lga qo‘yilgan adabiy aloqalar, mamlakatga amalga oshirilgan madaniy safar va Islom sivilizatsiyasi markazi nashrlari haqidagi taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.

Halima al-Balushiy, O‘mon Sultonligi Madaniy mutolaa uyi («Bayt al-Qiroa as-Saqofiy») rahbari

O‘zbekiston bilan hamkorligimiz bugun boshlangani yo‘q. Avvalroq O‘zbekistonning Masqatdagi elchixonasida Mahmudxo‘ja Behbudiy haqidagi kitoblardan birining muhokamasini tashkil etgan edik. Bu juda mazmunli va samarali muloqot bo‘lgan. Tadbir O‘zbekistonning O‘mondagi elchisi janoblari mezbonligida o‘tkazilgan edi.

Shundan so‘ng ikki mamlakat elchixonalari — O‘zbekistonning Masqatdagi va O‘monning Toshkentdagi diplomatik vakolatxonalari bilan hamkorlik va kelishuv asosida Madaniy mutolaa uyi a’zolarining O‘zbekistonga tashrifini tashkil etishga qaror qildik.

Bu tashrif tashkilotimiz amalga oshirgan eng ajoyib safarlardan biri bo‘ldi. Unda biz O‘zbekistonning boy madaniyati bilan yaqindan tanishdik. Taassurotlarimiz nihoyatda hayratlanarli bo‘ldi. A’zolarimiz Toshkent, Samarqand va Buxoro shaharlarini juda yaxshi ko‘rib qolishdi. Biz uchta shaharda bo‘ldik va ularning har biri bizga avvalgisidan ham go‘zalroq tuyuldi.

Ayrim joylar O‘monning ba’zi shaharlariga juda o‘xshash ekani ham e’tiborimizni tortdi. Ayniqsa, Buxorodagi qadimiy tarixiy maskanlar, tor ko‘chalar, eski uylar, derazalar va an’anaviy me’moriy inshootlar bizga o‘zgacha taassurot bag‘ishladi.

Safar ishtirokchilari O‘zbekistonning ulkan madaniy boyliklarga, qadimiy Islom sivilizatsiyasi va yuksak tarixiy merosga ega mamlakat ekanini chuqur his etdilar. Bu jihatlar ikki mamlakat madaniyati o‘rtasidagi yaqinlik va mushtaraklikni yanada yaqqol namoyon etdi.

Hatto ayrim a’zolarimiz Toshkentdan uy sotib olish istagini ham bildirishdi. Ular O‘zbekistonga tez-tez borib turishni xohlashmoqda. O‘zbek taomlari ularga juda-juda yoqdi. O‘zbekiston bozorlari, uylari, saroylari, tarixiy yodgorliklari, shaharlari va tabiati — mamlakatga xos barcha jihatlar ularni maftun etdi.

Islom sivilizatsiyasi markaziga keladigan bo‘lsak, biz O‘zbekistonga tashrif buyurgan paytimizda Markaz hali ochilmagan edi. Ammo u haqida eshitgan edik va uni ko‘rishni juda istaganmiz. Bizga markaz keyinroq ochilishi haqida ma’lum qilishgan edi.

Mana, bugun esa Islom sivilizatsiyasi markazining ochilishi munosabati bilan ushbu masjidning muhtasham zalida turibmiz. Bizni taklif etishgani va ushbu go‘zal ko‘rgazmani tomosha qilish imkoniyati yaratilganidan juda xursandmiz.

Ochig‘ini aytsam, markaz nashrlari meni nihoyatda hayratlantirdi. Kitob muqovalarining ranglari, ularning bezaklari, kitoblar ichidagi go‘zal manzaralar va tarixiy obidalar tasviri menda katta taassurot qoldirdi.

Masqatdagi taqdimot O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining ilmiy-ma’rifiy faoliyati va nashrlarini xorijiy jamoatchilikka tanishtirish bilan bir qatorda, O‘zbekiston va O‘mon o‘rtasida avvaldan shakllangan adabiy-madaniy aloqalarning davomiyligini ham namoyon etdi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

 

O'zbekiston yangiliklari