Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyotiga qarashli masjidlarda xizmat qilib kelayotgan imom-xatib va imom-noiblari ishtirokida “Yil imomi –2024” ko‘rik-tanlovining respublika bosqichi bo‘lib o‘tdi. Unda qoziyot qozisi B.Razov, qoziyot xodimlari, Nukus Muhammad ibn Ahmad al-Beruniy madrasasi xodimlari, barcha masjid imom-xatiblari va imom-noiblari ishtirok etdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi tarafidan har yili tashkillashtiriladigan “Yil imomi” ko‘rik-tanlovida ijodiy izlanishlari, xalqimizning turmush obodonligi va Islom dini rivojiga hissa qo‘shgan, shuningdek, imom-xatiblarning diniy va dunyoviy bilimlari, o‘z hududida olib borayotgan targ‘ibot ishlari, axborot vositalarida chiqishlari bo‘yicha faollik ko‘rsatgan, tanlovning birinchi bosqichida g‘olib bo‘lgan imom-xatib va imom-noiblar bellashdi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, Qo‘ng‘irot tumani “Mo‘lla Isxoq” jome masjidi imom-xatibi Altinbek Zinullayev ko‘rik-tanlovning ikkinchi bosqichi g‘olibi bo‘ldi. U Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti tarafidan diplom va esdalik sovg‘alari bilan tag‘dirlandi va Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan respublika bosqichiga yo‘llanma oldi.
Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti
Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
O‘g‘il har oylik maoshini onasiga topshirar, uning yuzidagi tabassumni ko‘rib, o‘zini dunyodagi eng boy inson deb hisoblardi.
Yillar o‘tib, onasi olamdan o‘tdi. Navbatdagi maoshini olgan o‘g‘il bir zum ne qilarini bilmay qoldi-yu, bir qarorga keldi: «Pullarni onamning nomidan ehson qilaman».
Shu kundan e’tiboran, u har oy masjidlarga suv kullerlari o‘rnatishni odat qildi. Namozxonlar suv ichib, onasining haqiga duo qilishlaridan qalbi taskin topardi.
Kunlardan bir kun mahalla masjidida yangi kuller o‘rnatilganini ko‘rib, «Attang, bu safar kechikdim-a», deb o‘kindi. Shunda yoniga imom kelib:
– Xayrli hadya uchun rahmat, – dedi.
– Uzr, adashdingiz, shekilli. Buni men olib kelmadim...
– Yo‘q, adashmadim. Buni sizning nomingizdan o‘g‘lingiz keltirdi.
Orqasiga o‘girilgan ota jilmayib turgan o‘g‘liga ko‘zi tushdi.
– Bolam, bunga pulni qayerdan olding? – hayajondan ko‘zlari yoshlandi otaning.
– Ota, anchadan beri menga beradigan pullaringizni yig‘ib yurgandim. Siz buvijonim uchun xayrli ish qilayotganingizni ko‘rib, men ham siz uchun shunday qilishni istadim.
Otaning ko‘zlaridan quvonch yoshlari sizib chiqdi. U o‘g‘liga nasihat qilmagan, shunchaki o‘z amali bilan namuna bo‘lgandi.
Ha, farzandlar eshitgan gaplarini unutishi mumkin, ammo ko‘rgan amallarini hech qachon unutmaydi. Bugun ota-onamizga qilgan yaxshiligimiz ertaga farzandlarimizdan albatta qaytadi.
Akbarshoh RASULOV