So‘nggi yillarda mamlakatimizda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan xayrli ishlarning amaldagi in’ikosini yangi ochilayotgan masjidlar, madrasalar, “Qur’oni karim va tajvid” o‘quv kurslari, umra kvotasi olib tashlangani, haj kvotasi oshirilgani va yana boshqa ko‘plab islohotlar misolida yaqqol ko‘rish mumkin.
Shunga monand tarzda xalqimizning ham ma’rifati yuksalib, saviyasi oshib, muqaddas dinimizning sof ta’limotidan yaxshigina xabardor bo‘lib boryapti. Bu esa imom-xatiblarimizdan o‘z ustida tinimsiz ishlash, izlanish, ko‘p kitob mutolaa qilish, zamon bilan hamnafas yashashni talab etmoqda.
Tabiiyki, bu jarayonda O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan har yili an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan “Yil imomi” ko‘rik-tanlovi imomlarning bilim saviyasi, tajribalari yanada oshishida, malakalari mustahkamlanishida, ular o‘rtasida sog‘lom raqobat muhiti shakllanishida muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Bugun Toshkent shahridagi “Shayx Zayniddin” jome masjidi majlislar zalida “Yil imomi –2024” ko‘rik-tanlovining Toshkent shahar bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov, taniqli imomlar, ustozlar, hakamlar hay’ati a’zolari hamda tanlovning tuman bosqichlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan imomlar ishtirok etdi.
Qur’oni karim tilovati bilan boshlangan tadbirni Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov ochib berdilar.
Ishtirokchilarning chiqishlari hakamlar hay’ati tomonidan baholab borildi. Yakuniy natijalarga ko‘ra quyidagilar «Yil imom–2024» tanlovining Toshkent shahar bosqichi g‘olibi deb topildi:
I o‘rin: Baxtiyor domla Sattorov, Shayxontohur tumani "Firdavs" masjidi imom-xatibi;
II o‘rin: Muhiddin domla No‘monjonov, Olmazor tumani "Ahmadjon qori" masjidi imom- xatibi;
Ikkita uchinchi o‘rin:
O‘tkir domla Hakimov, Yakkasaroy tumani "Usmon ibn Maz’un" masjidi imomi hamda Abulqosim domla Karimov Mirzo Ulug‘bek tumani "Mulla Qosim" masjidi imom-xatibi.
Tadbir so‘ngida g‘oliblar O‘zbekiston musulmonlari idorasi Toshkent shahar vakilligi tomonidan diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
«Yil imomi – 2024» ko‘rik-tanlovining Toshkent shahar bosqichi g‘olibi tanlovning respublika bosqichida qatnashadi.
Fursatdan foydalanib, birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan vakilimizni tanlovning respublika bosqichida muvaffaqiyat qozonishini Alloh taolodan so‘rab qolamiz.
Toshkent shahar vakilligi
Matbuot xizmati
Mustaqilligimizning 35 yilligi shukuhi kezib yurgan shu kunlarda Namanganda ehtiyojmand va ko‘makka muhtoj oilalar holidan xabar olinmoqda.
“Mehr-saxovat” ma’rifiy tadbiri doirasida soha xodimlari shahardagi 125 ta xonadonga tashrif buyurib, ularga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatdilar. “Vaqf” xayriya jamoat fondi hamda saxovatpesha yurtdoshlarimiz hamkorligida ko‘rsatilgan ushbu ko‘mak ko‘ngillarga iliqlik, yuzlarga tabassum ulashdi.
Dildan kechgan samimiy suhbatlar va ko‘tarilgan duolar yurtimizda mehr-oqibat, hamjihatlik rishtalarini yanada mustahkamladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati