Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Albatta, Alloh va Uning farishtalari Nabiyga salavot ayturlar. Ey iymon keltirganlar! Unga salovot ayting va salom yo‘llang” (Ahzob surasi, 56-oyat).
Salavot Allohdan bo‘lsa, bandalariga rahmat, mag‘firat va ne’matdir. Farishtalardan bo‘lsa, istig‘forlari va xizmatlari bilan izzat-ikrom ko‘rsatmoqdir, ummatlaridan bo‘lsa, duo va e’zozlashdir. (Faqih Abu Lays Samarqandiy, Ismoil Haqqiy Bursaviy, Elmalili, Qozi Bayzoviy).
Ushbu oyati karima hukmiga ko‘ra, sevikli Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga salavot aytish (Alloh taoloning amri sifatida) farzdir. Ammo sahih qavlga ko‘ra, muborak nomlari zikr qilinganda salavot keltirish vojibdir. (Elmalili, Haq dini, Qur’on tili, 6-jild, 33-sahifa; Tafsiri Hilol, 4-juz, 624-sahifa).
Bunda bir majlisda nomlari zikr qilinsa yoki har gal nomlari aytilganda salavot aytish vojib (Tafsiri Qoziy Bayzoviy, 4-jild, 299-sahifa) bo‘ladi, deganlar ham bor.
Ba’zi mufassirlar: “Umrida bir marta salavot aytish vojib”, deganlar.
Bu hukmlarning dalili, sevikli Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning: “Oldida nomim zikr qilinganida menga salavot aytmagan kishining burni yerga ishqalsin”, deganlaridir (Sunani Termiziy, Duolar kitobi, 3545-hadic).
“Eng go‘zal salavotlar” risolasidan
Sufyon Savriy rahimahulloh aytadilar: "Birgina gunohim uchun besh oy tahajjuddan mahrum bo‘ldim". “U qaysi gunoh edi?” deb so‘rashdi. "Yig‘lab duo qilayotgan kishini ko‘rib, ichimda: "Bu kishi riyo qilyapti", degandim…".
Imom Makhul rahmatullohi alayhi: "Bir kishini namozda ruku’ va sajda qilib, yig‘layotganini ko‘rdim va ichimda "u riyo qilyapti!" deb unga tuhmat qildim va o‘zim bir yil yig‘lashdan mahrum bo‘ldim".