Yurtimizda har bir sohaga qaramaylik o‘zgarishlar, yangilanishlar, rivojlanishlar bo‘layotganini kuzatishimiz mumkin.
Shu jumladan diniy sohada ham O‘zbekiston musulmonlari idorasi boshchiligida o‘zgarishlar, rivojlanishlar bo‘lmoqda. Yildan yilga masjidlarda faoliyat ko‘rsatayotgan diniy soxa xodimlarining ilmiy saloxiyatlarini oshirish, bilim darajasi va kasbiy maxoratlari oshirishga jiddiy e’tibor qaratib kelinmoqda.
Hammalarimizga ma’lumki, imomlik bu – sharafli va mas’uliyatli, shu bilan birga, Payg‘ambarimiz alayhissalomning muborak kasblaridir. Shu bois imom har doim ma’rifatli, o‘z ustida tinimsiz ishlashi, sohaga doir yangiliklardan doimo xabardor bo‘lishi kerak.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan har yiligi imomlar o‘rtasida “Yil imomi” ko‘rik-tanlovini o‘tkazilishi ham, imomlarning kasbiy mahorat va ilmiy saviyasini doimiy ravishda oshirib borishiga xizmat qilib kelmoqda.
Bu esa o‘z-o‘zidan imom-xatiblarning o‘z ustida ko‘proq ishlashlari, bilimlarini doimiy ravishda boyitib borishlari, xalqqa ma’rifiy Islomni yetkazishda astoydil xizmat qilishlariga o‘ziga yarasha rag‘bat bo‘lmoqda.
Shu boisdan, joriy yilgi “Yil imomi-2024” ko‘rik tanlovining Andijon viloyati bosqichi 2024 yil 12 sentyabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasining Andijon viloyati vakilligida ko‘tarinki ruhda tashkil qilindi.
“Yil imomi-2024” ko‘rik tanlovining Andijon viloyati bosqichida viloyatning shahar-tuman bosqichlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 16 nafar imom-xatiblar qatnashdilar.
Tadbir Qur’oni Karim tilovati ila boshlanib, Viloyat bosh imom-xatibi Mirzamaqsud domla Alimov boshchiligida tadbirni fayzli va sermazmun o‘tishligini Alloh taolodan so‘rab, duoi-xayrlar qilindi.
Ishtirokchilarning chiqishlari hakamlar hay’ati tomonidan baholab borildi. Yakuniy natijalarga ko‘ra quyidagilar «Yil imom–2024» tanlovining Andijon viloyati bosqichi g‘olibi deb quydagilar topildi:
I o‘rin: Oltinko‘l tumani “Oltinko‘l” jome masjidi imom-xatibi;
II o‘rin: Andijon shahar “Shaxidtepa” jome masjidi imom-xatibi;
III o‘rin: Shahrixon tumani “Nazarmaxram” jome masjidi imom-xatibi;
Tadbir so‘ngida g‘oliblar va ishtirokchilar O‘MI Andijon viloyati vakilligi tomonidan diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
“Yil imomi–2024” ko‘rik-tanlovi Andijon viloyat bosqichida birinchi o‘rinni egallagan Muhammad Amin domla Qobiljonov tanlovning Respublika bosqichida qatnashish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
O‘MI Andijon viloyat vakilligi matbuot xizmati
Nur tarqatuvchi sahifalar: Islom markazida noyob qo‘lyozmalar jamlanmoqda
Turkiy dunyodan Movarounnahrgacha bo‘lgan Qur’onlar
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyi ekspozitsiyasining Qur’on zali bo‘limida yuksak ilmiy va ma’naviy ahamiyatga ega “114 Qur’on” loyihasi amalga oshirilmoqda. Loyihaning asosiy maqsadi — dunyo muzeylari va arxivlarida saqlanayotgan, O‘zbekiston tarixiy merosiga aloqador Qur’on qo‘lyozmalarini saralab olib, ularni keng jamoatchilikka taqdim etishdir.
Yaqinda Markazda bo‘lib o‘tgan ilmiy kengash yig‘ilishida Istanbul universiteti professori Emek Ushenmez ushbu loyiha bo‘yicha keng qamrovli taqdimot o‘tkazdi. U o‘z ma’ruzasida tayyorlanayotgan albom haqida atroflicha ma’lumot berib o‘tdi.
Albom “Kirish” qismi va to‘rt asosiy bo‘limdan tashkil topib, VII asrdan XX asrgacha bo‘lgan davrda yaratilgan Qur’on qo‘lyozmalarini qamrab oladi. Bu asarlar orasida Usmon mus'hafi, Katta Langar Qur’oni, Moviy Qur’on kabi jahon miqyosida tan olingan nusxalar bilan bir qatorda, Somoniylar, G‘aznaviylar, Temuriylar va boshqa sulolalarga tegishli nodir sahifalar ham o‘rin olgan.
Albomda har bir qo‘lyozmaning tilla suvi bilan bezatilgan ikki sahifasi faksimile shaklida taqdim etiladi. Bu sahifalar orqali Qur’oni karimning to‘liq vizual manzarasini yaratish ko‘zda tutilgan. Hozirda 103 ta qo‘lyozma sahifalanib, albomning 90 foizi tayyor holga keltirilgan. Qolgan 11 ta qo‘lyozma yaqin kunlarda to‘liq yakunlanishi kutilmoqda.
Ayni paytda, albomda Amir Temur nabirasi Muhammad Sultonning qizi Shodmulk xotun tomonidan 1467 yilda ko‘chirilgan Qur’on nusxasi hamda Qo‘qon xoni Amir Umarxon tomonidan Usmoniylar sultoni Mahmud II ga tuhfa etilgan nusxa ham o‘rin olishi rejalashtirilgan. Shuningdek, 1318 yilda Oltin O‘rda xoni O‘zbekxonga bag‘ishlab tilla varaqda yozilgan, 700 yillik tarixga ega Qur’on sahifalari ham loyihaning eng muhim qismlaridan biri sifatida taqdim etilishi ta’kidlandi.
Yig‘ilishda ekspozitsiya uchun mo‘ljallangan Qur’on nusxalari davriy asosda joylashtirilishi ma’lum qilindi.
Albomning umumiy hajmi 500 sahifaga yaqin bo‘lib, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining Qur’on zali bo‘limida ushbu meros dunyo tamadduni tarixi va ma’naviy ulkan boyligini jonli tarzda namoyon etadi.
Shuningdek, yig‘ilishda mazkur loyihaning muqova dizayni ham taqdim etildi. Ushbu muqova o‘zining shakli, bezagi va estetik yechimi bilan Ka’baning tashqi ko‘rinishini eslatishi qayd etildi. Kengash a’zolari bu taklifni ma’qullashdi.