#xushxabar #umra2024
Bugun, 10 sentyabr kuni “Umra – 2024” mavsumining navbatdagi bosqich ilk guruh ziyoratchilari Toshkent xalqaro aeroportidan Saudiya Arabistoniga jo‘nab ketdi.
Mazkur reysda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Qashqadaryo, Farg‘ona, Buxoro viloyatlari va Toshkent shahridan 240 nafar umrachilar Jidda shahriga yo‘l oldi.
Ma’lumot o‘rnida, ziyoratchilarimiz Madina shahrida 3 kun, Makka shahrida esa 8 kun bo‘ladi.
Mavsum davomida 4 nafar tajribali ishchi guruhi va har bir guruhga voiz imom-xatiblardan iborat guruh rahbarlari (ellikboshi) hamda 2 nafar malakali shifokor hamyurtlarimizga xizmat ko‘rsatadi.
Ziyoratchilar Madinada “Grand Shahba”, Makka shahrida esa “Al-Ayyam Elite” va “Marmara Hotel” singari zamonaviy mehmonxonalarda istiqomat qilishadi. Ularga 3 mahal issiq ovqat, shirinlik va sarxil mevalar tortiq qilinadi.
Umra ibodatini ado etuvchilar 11 kun mobaynida Ikki haramda toat-ibodat bilan mashg‘ul bo‘lish bilan birga Makka va Madina shaharlarida muqaddas qadamjolarni ham ziyorat qilishadi.
Alloh taolo hamyurtlarimizning safarlarini muborak va xayrli qilsin, Baytulloh yonida duo qilishni barchamizga nasib etsin!
Murojaat uchun telefonlar:
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Haj-umra markazi (https://t.me/hajumrauz)
+998-99-882-18-58;
+998-77-085-18-58.
@Hajumrauzbot
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoniga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz besh yilligi munosabati bilan turli sohalar vakillari faxriy unvonlar, ordenlar va medallar bilan mukofotlandilar.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining diniy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori Kamilov Muzaffar Muratovich "Do‘stlik" ordeni bilan, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Abduxalikov Firdavs Fridunovich «Fidokorona xizmatlari uchun» ordeni bilan, mazkur akademiyaning "Arab tili va adabiyoti al-Azhar" kafedrasi professori Islomov Zohidjon Mahmudovich «Imom Buxoriy» ordeni bilan va akademiya huzuridagi "Ziyo" media markazi direktori Muxtarov Abduxamid Abduaxatovich "Shuhrat" medali bilan taqdirlandilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi doimiy hamkor tashkilotlarimiz rahbarlari va ustozlarni mazkur yuksak mukofotlar bilan muborakbod etib, Alloh taolodan mamlakatimiz taraqqiyoti, xalqimiz farovonligi va muborak dinimiz rivoji yo‘lidagi faoliyatlarida yangidan-yangi muvaffaqiyatlar tilaymiz.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati