Shu yil 11 sentyabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Misrdagi Xalqaro islom aholishunoslik va tadqiqot markazi direktori, professor Jamoliddin Abdulsurur boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildilar.
Muftiy hazratlari martabali mehmonlarni tashrif bilan qutlab, keyingi yillarda yurtimizda diniy-ma’rifiy sohada bo‘layotgan katta ijobiy o‘zgarishlarni so‘zlash barobarida O‘zbekiston musulmonlari idorasi faoliyati haqida ma’lumot berib, Islom olami davlatlari bilan faol hamkorlik yo‘lga qo‘yilgani, xususan, ikki davlat o‘rtasida mazkur yo‘nalishdagi yaqin hamkorlik muhim ahamiyat kasb etayotganini alohida ta’kidladilar.
O‘z navbatida delegatsiya rahbari Jamoliddin Abdulsurur samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirish asnosida O‘zbekistonda barcha jabhada bo‘layotgan o‘zgarishlar, jumladan, diniy sohadagi yangiliklardan behad xursand ekanligini bayon etdi. Shuningdek, ikki davlat o‘rtasidagi yaqin hamkorlik natijasida ayni kunlarda Toshkent shahrida o‘tkazilayotgan Islomda ayollar huquqiga bag‘ishlangan xalqaro o‘quv seminar yuqori darajada tashkil etilgani, unda Diniy idora vakillari ham mavzu doirasida muhim chiqishlar qilgani, kelgusida ana shunday hamkorlikdagi loyihalar davomiy qilishga tayyorligini bildirdi.
Samimiy uchrashuvda diniy-ma’rifiy sohada hamkorlikni yanada kuchaytirish, jumladan, al-Azharda imom-xatiblar malakasini oshirish, Dorul Ifto va Fatvo markazi o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash masalalari ham ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv do‘stona va samimiy ruhda o‘tdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Bugun mamlakatimizda Yoshlar kuni keng nishonlanmoqda. Asosiy bayram tadbirlari Toshkentdagi Xalqaro kongress markazida bo‘lib o‘tmoqda.
O‘zbekiston yoshlarini tabriklash va qo‘llab-quvvatlash uchun bu yerga Prezident Shavkat Mirziyoyev tashrif buyurdi.
Kongress markaziga kiraverishda yoshlarning turli sohalardagi loyihalari, kashfiyot va yutuqlari taqdimot qilindi. Masalan, “Yosh innovatorlar” ko‘rgazmasida muhandislik, raqamli texnologiyalar, sun’iy intellekt, uchuvchisiz qurilmalar namoyish etilgan. “Yashil” tashabbuslar” maydonchasida ekologiya, muqobil energetika, qishloq xo‘jaligi kabi sohalarga oid ishlanmalar ko‘rsatilgan. “Kreativ loyihalar” bo‘limidan hunarmandlik, dizayn, tasviriy san’at, video va prodyuserlik faoliyatidagi yutuqlar o‘rin olgan. “Yoshlar tadbirkorligi va startaplar” maydonchasida ushbu yo‘nalishdagi muvaffaqiyatli loyihalar haqida ma’lumot berilgan.
Jumladan, toshkentlik Rustam Hamdamovning “Billz” dasturi kichik va o‘rta biznesni avtomatlashtirishga yordam beradi. Hozirgacha bu loyihaga Buyuk Britaniya, Singapur, Turkiya ishbilarmonlari 6 million 600 ming AQSH dollari miqdorida investitsiya kiritgan.
Qoraqalpog‘istonlik yosh fermer Sherzod Niyazimbetov organik pomidorlar yetishtirib, quyoshda quritib va qadoqlab, Italiya hamda Fransiya kabi davlatlarga eksport qilmoqda. Uning korxonasida 200 nafarga yaqin xodim ishlamoqda.
O‘zbekiston Prezidentining 2019 yildagi qarori bilan tashkil etilgan Yoshlar akademiyasi bugungi kunda 7 mingdan ziyod yosh olimlarni birlashtirgan. Ko‘rgazmada ular uchun keng o‘rin ajratilgan. Toshkentlik Sayfullo Qodirov ekin maydonlarini raqamli xaritalash va yuqoridan dori sepish imkonini beruvchi dronlar yasagan.
Olimlar orasida “Raqamli avlod qizlari” tanlovi g‘olibalari ko‘pligi ham diqqatga sazovor. Xorazmlik Lobar Abdullayeva onkologik kasalliklarga sun’iy intellekt orqali tashxis qo‘yishga mo‘ljallangan “AI Scan” dasturini ishlab chiqqan. Qoraqalpog‘istonlik Qumara Sagidullayeva quyosh energiyasida yuruvchi kichik traktor, toshkentlik Abdulloh Jamoliddinov bog‘ni avtomatik sug‘orish tizimini ixtiro qilgan.
Davlatimiz rahbari mazkur taqdimotlar bilan tanishib, ularning tashabbuskorlari bilan muloqot qildi.
– Yoshlarimizning har bir muvaffaqiyati biz uchun kuch-qudrat, mamlakatimiz kelajagiga tayanch. Bugun farzandlarimiz zamonaviy yo‘nalishlarni egallab, ancha ilgarilab ketyapti. Ularni qo‘llab-quvvatlasak, sifatli ta’lim berib, sharoit yaratsak, bundan ham katta natijalarga erishadi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Mutasaddilarga ixtirochi yoshlarni tegishli vazirliklarga biriktirib, loyihalarini rivojlantirish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.
Yurtimizda bunday iqtidorli o‘g‘il-qizlar ko‘p. Bu ta’lim sohasiga, ayniqsa, STEAM yo‘nalishlariga qaratilayotgan e’tibor natijasi. So‘nggi yillarda matematika, fizika, kimyo va axborot texnologiyalariga ixtisoslashgan ko‘plab maktablar tashkil etildi. “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida 325 ming yigit-qiz o‘qitildi.
Yosh tadbirkorlar tashkil qilgan 261 ta korxonaning yillik aylanmasi 100 milliard so‘mdan oshgan. Startaplarni moliyalashtirishga 145 million dollar venchur sarmoya kiritilgan.
Bayram munosabati bilan o‘tgan uchrashuvda Prezidentimiz yoshlar uchun yanada keng imkoniyatlarni belgilab berdi.
Manba: https://president.uz