Sayt test holatida ishlamoqda!
24 Iyun, 2025   |   28 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:05
Quyosh
04:51
Peshin
12:31
Asr
17:41
Shom
20:03
Xufton
21:42
Bismillah
24 Iyun, 2025, 28 Zulhijja, 1446
Maqolalar

Istixora duosi

13.09.2024   13010   3 min.
Istixora duosi

 

“Istixora” so‘zi lug‘atda “yaxshilik so‘rash” ma’nosini bildiradi. Shar’iy istilohda, bandaning namoz o‘qish yoki duo qilish bilan Alloh nazdida yaxshi sanalgan ishga yo‘llashini so‘rashi istixoradir. Ulamolar istixora sunnatligiga ittifoq qilishgan. Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan naql qilingan rivoyatda: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bizlarga har bir ishda, xuddi Qur’ondan sura o‘rgatgandek istixora qilishni ta’lim berardilar”, deyilgan . Unga ko‘ra, istixora qilmoqchi bo‘lgan odam ikki rakat nafl namozdan keyin duo qiladi.

Quyida istixora duosini keltiramiz.

“Allohumma inniy astaxiyruka bi’ilmik, va astaqdiruka biqudrotik, va as’aluka min fazlikal ’aziym, fainnaka taqdiru va laa aqdir, va ta’lamu va laa a’lam, va anta ’allaamul g‘uyuvb. Allohumma in kunta ta’lamu anna haazal amro xoyrul-liy fiy diyniy va ma’aashiy va ’aaqibati amriy vaqdurhu liy, va in kunta ta’lamu anna haazal amro sharrul-liy fiy diyniy va ma’aashiy va ’aaqibati amriy fasrifhu ’anniy vasrifniy ’anh, vaqdur liyal xoyro haysu kaana summa rozziniy bih”.

Duoning ma’nosi: “Yo Alloh, ilming bilan Sendan yaxshilik so‘rayman. Qudrating bilan Sendan qodirlik va ulug‘ fazlingni so‘rayman. Zero, Sen qodirsan, men ojizman. Sen biluvchisan, men bilmayman. Sen g‘aybni biluvchisan. Yo Alloh, agar mana shu ishim dinimda, hayotimda, ishlarimning oqibatida, dunyo va oxiratimda men uchun yaxshi bo‘lsa, uni menga nasib et. Agar mana shu ishim dinimda, hayotimda, ishlarimning oqibatida, dunyo va oxiratimda men uchun yomon bo‘lsa, uni mendan va meni undan uzoqlashtir. Qayerda bo‘lsa ham, men uchun yaxshilikni taqdir qil va meni undan rozi qil”.

Istixorada ushbu duoni o‘qish ham joiz: “Allohumma xir liy, vaxtar liy”.

Duoning ma’nosi: “Allohim, ishimni yaxshi qil. (Ikki ishdan) yaxshisini tanlashimga madad ber”.

Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha, Payg‘ambarimiz alayhissalom biron ishga kirishmoqchi bo‘lsalar, “Allohumma xir liy, vaxtar liy”, deb duo qilardilar .

Anas ibn Molik roziyallohu anhu rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ey Anas, agar biron ishni niyat qilsang, bas, Robbingga bu borada yetti marta istixora qil. Keyin qalbingga ustun kelgan narsaga qara. Zero, yaxshilik o‘shandadir”, dedilar (Ibn Sunniy “Amalul yavmi val-layla”da rivoyat qilgan. Rivoyat sanadi zaif).

Istixora namozi yoki duosi yetti martagacha o‘qiladi. Keyin Alloh duoni ijobat qilishi sabr bilan kutiladi. Istixoradan keyin qalbning ochilishi, undan chigallik va ikkilanishning ketishi istixoraning qabul bo‘lgani alomatidir.

Odilxon qori YUNUSXON o‘g‘li

 

Boshqa maqolalar

Ashuro kuni ushbu 2 amalni bajarishni unutmang!

23.06.2025   1067   1 min.
Ashuro kuni ushbu 2 amalni bajarishni unutmang!

G‘aflatda qolmang! Ertaga Ashuro kuni: Ro‘za tutishni va oilangizga kengchilik qilishni unutmang!


Ashuro kuni ro‘za tutish o‘tgan bir yillik gunohlarga kafforat bo‘ladi.

Bu haqda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: Ashuro kunining ro‘zasi Allohdan umid qilamanki bir yil oldingi gunohlarga kafforat bo‘ladi”, deganlar (Imom Muslim rivoyati).

Esda tuting! Muharram oyining yolg‘iz o‘ninchi kunida emas, bu kunga qo‘shib, bir kun oldingi yoki bir kun keyingi kunda ham ro‘za tutish lozim.

 

Ashuro kuni yaqinlarga kengchilik qilish – bir yillik kengchilikka sabab bo‘ladi.

Abu Sa’d roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy alayhissalom: Kim Ashuro kuni ahli ayoliga hadya ulashsa, Alloh yilning barchasida unga ham hadya ulashadi”, dedilar (Imom Bayhaqiy rivoyati).

Sufyon ibn Uyayna rahmatullohi alayh: “Bu hadisni oltmish yil tajriba qildim va faqatgina yaxshilik ko‘rdim”.

 

Davron NURMUHAMMAD