Bugun, 12 sentyabr kuni Farg‘ona viloyati vakilligida O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi masjidlar imom-xatiblari o‘rtasidagi «Yil imomi – 2024» ko‘rik tanlovining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi. Tanlovning shahar va tuman bosqichida g‘olib bo‘lgan ishtirokchilar viloyat bosqichida bellashdilar.
Ishtirokchilar o‘zlari tanlagan biletdagi tafsir, tajvid, fiqh, aqoid, hadis va siyratga oid savollarga javob berdilar hamda faoliyatlariga doir amalga oshirgan ijodiy ishlarini taqdim qildilar. Ishtirokchilarning chiqishi hakamlar hay’ati tomonidan baholab borildi. Yakuniy natijalarga ko‘ra:
1-o‘rin Toshloq tumani «Burhoniddin Marg‘iloniy» masjidi imom-xatibi Inomjon To‘ychiyev;
2-o‘rin Uchko‘prik tumani «Qorayantoq» masjidi imom-xatibi Fazliddin Burhonov;
3-o‘rin Marg‘ilon shahar «Baraka» masjidi imom-xatibi Otabek Xolmurodov hamda O‘zbekiston tumani «Oqtepa» masjidi imom-noibi Akmalxon Habibullayevlarga nasib etdi.
Tanlovda birinchilikni egallagan Toshloq tumani «Burhoniddin Marg‘iloniy» masjidi imom-xatibi Inomjon To‘ychiyev «Yil imomi — 2024» ko‘rik tanlovining Respublika bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi.
Farg‘ona viloyati vakilligi hamda Alhidoya.uz sayti jamoasi barcha g‘oliblarni muborakobod etib, kelgusi faoliyatlarida muvaffaqiyat tilaydi.
Farg‘ona viloyati vakilligi Matbuot xizmati
Mustaqilligimizning 35 yillik ayyomi hamda yangi o‘quv yili munosabati bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasi Masjidlar bilan ishlash bo‘limi tomonidan yurtimiz bo‘ylab keng ko‘lamli xayriya tadbirlari o‘tkazildi.
Mazkur xayrli tashabbus asosida Respublikamizda faoliyat yuritayotgan 2 161 ta masjid xodimlari ishtirokida 11 144 nafar kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj hamda boquvchisini yo‘qotgan oilalar farzandlariga maktab formalari va o‘quv qurollari beg‘araz hadya qilindi.
Ushbu aksiya doirasida ajratilgan ko‘makning umumiy miqdori 4 milliard 929 million 995 ming so‘mni tashkil etdi.
Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad – yosh avlodning sifatli ta’lim olishiga ko‘maklashish, ularni yangi o‘quv yiliga munosib tayyorlash hamda qalblarida bayram quvonchi ulashishdir.
Istiqlol bayrami arafasida amalga oshirilayotgan bunday xayriya tadbirlari yurtimizda inson qadri, bolalar manfaatlari va ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilayotganining amaliy namunasi, deyish mumkin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati