Sayt test holatida ishlamoqda!
25 Avgust, 2026   |   12 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:17
Quyosh
05:42
Peshin
12:25
Asr
17:10
Shom
19:12
Xufton
20:32
Bismillah
25 Avgust, 2026, 12 Rabi`ul avval, 1448

Termiziy allomalar merosiga bag‘ishlangan konferensiya qanday o‘tdi?

13.09.2024   15251   2 min.
Termiziy allomalar merosiga bag‘ishlangan konferensiya qanday o‘tdi?

Shu yilning 12 sentyabr kuni Surxondaryo viloyatida “Termiziy allomalarning ilmiy-ma’naviy merosi: o‘tmish va bugun” mavzusiga bag‘ishlangan respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.

Prezidentimizning joriy yil 15 avgustdagi “Imom Termiziy tavalludining 1200 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida tashkil etilgan anjumanda mamlakatimizning 60 dan ortiq taniqli diniy ulamosi, islomshunos va tarixchi olimlari, soha mutaxassislari oflayn hamda onlayn ishtirok etdi.

Mazkur konferensiya O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Termiz davlat universiteti, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi hamkorligida tashkil etildi.  

Ochilish marosimida keyingi yillarda mamlakatimizda buyuk allomalarimiz hayoti va ijodini ilmiy asosda o‘rganib, targ‘ib qilish va ularning bebaho merosini yosh avlod ongu-shuuriga chuqur singdirishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi. Davlatimiz rahbarining bevosita tashabbuslari bilan tashkil etilgan Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ham ana shunday ulug‘vor maqsadlarga xizmat qilayotgani qayd etildi.

Konferensiyada Termiz davlat universiteti dots.nti, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi katta ilmiy xodimi, tarix fanlari nomzodi Jaloliddin Mirzayev, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi prorektori, filologiya fanlari doktori, professor Zohidjon Islomov, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bo‘lim boshlig‘i Mirzo Kenjabek, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bo‘limi boshlig‘i, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori Shukurillo Umarov, “Imom Termiziy” o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi direktori Kamol Islamov va boshqa yetuk olimlar, ilmiy tadqiqotchilar chiqish qildi.

Mazkur konferensiyada “Termiziy allomalar ilmiy merosi dunyo fondlarida”, “Imom Termiziyning  “Sunani Termiziy” asarida Imom Buxoriyning fikr-qarashlari va xulosalaridan istifoda etilishi”, “Termiziy allomalar merosini o‘rganish borasidagi izchil islohotlar: natijalar va istiqbol”, “Yangi O‘zbekistonda hadisshunoslik  ilmining yangi bosqichi” kabi 20 ga yaqin mavzuda qiziqarli ma’ruzalar qilindi.

Ilmiy-amaliy konferensiya termiziy allomalar ilmiy-ma’naviy merosining hozirgi davrdagi o‘rni va ahamiyati haqida chuqur mulohaza yuritilib, asarlarini keng targ‘ib qilish, kitobxon yoshlarning o‘qib-o‘rganishiga intilishini yanada oshirish yuzasidan ham taklif va tavsiyalar bildirildi.

https://t.me/termiziylar_uz

 

Termiziy allomalar merosiga bag‘ishlangan konferensiya qanday o‘tdi? Termiziy allomalar merosiga bag‘ishlangan konferensiya qanday o‘tdi? Termiziy allomalar merosiga bag‘ishlangan konferensiya qanday o‘tdi? Termiziy allomalar merosiga bag‘ishlangan konferensiya qanday o‘tdi? Termiziy allomalar merosiga bag‘ishlangan konferensiya qanday o‘tdi? Termiziy allomalar merosiga bag‘ishlangan konferensiya qanday o‘tdi?
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Mehr-saxovat va inson qadri — ezgulikka yo‘g‘rilgan xayrli tashabbus

14.08.2026   51160   3 min.
Mehr-saxovat va inson qadri — ezgulikka yo‘g‘rilgan xayrli tashabbus

Insonga mehr ko‘rsatish, muhtojning holidan xabar olish, bemorga tasalli berish va ehtiyojmandlarga ko‘mak qo‘lini cho‘zish xalqimiz ma’naviyatining azaliy fazilatlaridandir. Islom ta’limotida ham saxovat, mehr-oqibat va inson qadrini ulug‘lash eng ulug‘ amallardan biri sifatida e’tirof etilgan. Chunki bir insonning ko‘nglini ko‘tarish, uning qalbiga umid va ishonch bag‘ishlash jamiyatda mehr-muhabbat, hamjihatlik va totuvlikni mustahkamlaydi.

Shu ezgu qadriyatlarni hayotga tatbiq etish, aholining ehtiyojmand qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash va yurtdoshlarimiz qalbida mehr-shafqat tuyg‘ularini yanada kuchaytirish maqsadida 2026 yil 13 avgust kuni Samarqand viloyati Urgut tumanida keng ko‘lamli ma’naviy-ma’rifiy hamda xayr-saxovat tadbirlari o‘tkazildi.

Mazkur xayrli tadbirlarda Samarqand viloyati bosh imom-xatibi vazifasini vaqtincha bajaruvchi Nursultonxon domla Abdumannonov, viloyat bosh imom-xatibi o‘rinbosari Xayrullo domla Sattarov, VAQF xayriya jamoat fondi Samarqand viloyati filiali rahbari Yoqubjon domla Mansurov, uning o‘rinbosari A.Sultonov, shahar va tuman bosh imom-xatiblari, «Haj–2026» ziyoratchilari, mahalla faollari va nuroniylar ishtirok etdilar.

O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan ushbu xayrli aksiya doirasida ijtimoiy himoyaga muhtoj, kam ta’minlangan va boquvchisidan ayrilgan 300 ta oila holidan xabar olindi. Ularning xonadonlariga tashrif buyurilib, turmush sharoitlari o‘rganildi, oilalarga zarur oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berildi.

Tashriflar davomida bemor va keksalarning holidan xabar olinib, ular bilan samimiy suhbatlar o‘tkazildi. Ularning haqqiga shifo, xonadonlariga fayzu baraka, yurtimizga tinchlik-xotirjamlik tilab duolar qilindi. Zero, muhtojning ko‘nglini ko‘tarish va uni yolg‘iz emasligini his ettirish ham insonparvarlikning yuksak ko‘rinishidir.

Shu bilan birga, hayotida turli ijtimoiy qiyinchiliklarga duch kelgan hamda yot g‘oyalar ta’siriga tushib qolish xavfi mavjud bo‘lgan ayrim fuqarolar bilan yakka tartibda muloqotlar tashkil etildi. Suhbatlarda sof e’tiqod, oila muqaddasligi, farzand tarbiyasi, halol mehnat, Vatanga sadoqat, milliy va diniy qadriyatlarga hurmat, shuningdek, turli buzg‘unchi g‘oyalarga nisbatan ma’naviy immunitetni mustahkamlash masalalari hayotiy misollar asosida tushuntirildi.

Tadbirlar doirasida Urgut tumanidagi jome masjidlarda peshin namozidan so‘ng ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlar ham o‘tkazildi. Ularda mehr-oqibat, qo‘ni-qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlash, yoshlarni milliy va diniy qadriyatlarga sodiqlik ruhida tarbiyalash, oila tinchligini asrash, jamiyatda o‘zaro hurmat va ahillik muhitini qaror toptirish kabi dolzarb mavzular atroflicha yoritildi.

Uchrashuvlar yakunida mamlakatimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi, Vatanimiz ravnaqi va yosh avlodning ilmli, odobli hamda vatanparvar insonlar bo‘lib voyaga yetishi haqida xayrli duolar qilindi.

Bugun yurtimizda inson qadrini ulug‘lash, aholining ehtiyojmand qatlamlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, jamiyatda mehr-saxovat va o‘zaro g‘amxo‘rlik muhitini qaror toptirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Urgut tumanida o‘tkazilgan mazkur xayrli tadbirlar ham ana shu ezgu maqsadlarga xizmat qilib, aholi o‘rtasida hamjihatlik, bag‘rikenglik va insonparvarlik tuyg‘ularini yanada mustahkamladi.

Mehr bor joyda ishonch, saxovat bor joyda baraka, inson qadri ulug‘langan jamiyatda esa tinchlik va farovonlik qaror topadi. Ana shunday ezgu amallar xalqimiz o‘rtasidagi birdamlik rishtalarini mustahkamlab, yurtimizning yanada obod va fayzli bo‘lishiga xizmat qiladi.

Samarqand viloyati vakilligi matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari