Bugun, 13 sentyabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Muhammadolim domla Muhammadsiddiqov, Ta’lim va ilmiy-tadqiqot bo‘limi mudiri Salohiddin domla Sherxonov ta’lim muassasalari faoliyati bilan yaqindan tanishish, o‘qituvchi va talabalar bilan ochiq muloqot o‘tkazish maqsadida Toshkent islom instituti va “Ko‘kaldosh” o‘rta maxsus islom bilim yurtiga tashrif buyurdi.
Tashrif davomida ta’lim muassasalari jamoasini 2024-2025 o‘quv yili bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari nomidan muborakbod etish barobarida yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik jarayoni, o‘qituvchi va talabalarga yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.
Ochiq muloqotda talaba-yoshlarning fikr-mulohazalari tinglanib, mazkur ta’lim dargohlarida yaxshi bilim va malakaga ega bo‘lib, kelgusida sohaning yetuk mutaxassisi bo‘lishi borasida tavsiyalar berildi.
Abdunosir BOBAMIRZAYEV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Ta’lim va ilmiy-tadqiqot bo‘limi xodimi
Savol: Farzandim davolanish uchun xorijga ketgan edi. Men agar bolam tuzalib kelsa, tilla taqinchoqlarimni sadaqa qilaman, deb nazr qilgan edim. Alhamdulillah, tuzalib keldi. Sadaqa qilaman, deb tursam, qaynonam, taqinchoqlaringiz toza tilladan, uni menga soting va pulini sadaqa qilaverasiz, deb talab qilmoqda. Nima qilsam, to‘g‘ri ish qilgan bo‘laman?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Mazhabimizda zakot, fitr sadaqasi, ushr va nazr kabi vojib sadaqalarda, ularning qiymatini berish mumkin. Shu bois siz ham tillangizning o‘zini yoki sotib, pulini sadaqa qilsangiz ham bo‘ladi. Faqat sotishda, bozordagi narxi e’tiborga olinadi. Undan kam narxga sotish mumkin emas.
Kam narxga sotsangiz, tafovutini o‘zingizdan qo‘shib sadaqa qilishingiz lozim bo‘ladi. Masalan, tilla taqinchoqlaringiz narxi nazrni ado qilish kunlarida bozorda 10 million so‘m bo‘lsa, lekin tanishim yoki yaqin insonim deb, 8 millionga sotsangiz, yoniga 2 million qo‘shib, sadaqa qilasiz va shu bilan nazringizdan qutilasiz. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi