Bu dunyoda sizni eng baxtiyor qiladigan narsa nima? Mol-dunyo, mansab-martaba, ayollar, muhabbat, shon-shuhrat, obro‘-e’tibor, o‘zgalarning olqishlarimi?
Agar siz baxtingizni ushbu narsalarda deb bilsangiz, bilingki, qalbingizni xiyonatkor va g‘addor qo‘llarga topshiripsiz, u sizga faqat baxtsizlikni istab, munofiqlik qiladi, ming tusda tovlanadi.
Agar baxtingizni mol-dunyoda deb o‘ylasangiz, bilingki, u abadiy emas. Chunki mol-dunyo bir kun qo‘ldan ketadi. Tillo va dollarning qiymati doimo bir halatda sobit turmaydi.
Agar mansab-martaba, obro‘-e’tiborni baxt deb bilsangiz, bu borada tarix bizga yetarli saboq bergan. Bugun siz arslonga minib yurgan bo‘lsangiz, ertaga uning yemishiga aylanishingiz turgan gap.
Agar baxtni odamlarning olqishlarida deb bilsangiz, shuni unutmangki, odamlarning fikrlari ham har kuni o‘zgarib turadi.
Demak, siz bor sarmoyangizni beqaror bankka qo‘yibsiz, o‘zingizni vahshat va g‘urbat olamiga otibsiz, yo‘lto‘sarlarning mehmonxonasiga joylashibsiz, oxir-oqibat xotiringiz jam bo‘lmaydi, rohat topmaysiz, emin-erkinlik nimaligini bilmaysiz. Umringizni oxirgi lahzasigacha xotirjamlik ta’mini totmaysiz. Chunki siz o‘zingizdagi eng qimmat narsani, ruhingizni sabotsiz narsalarga alishdingiz. Himmatingizni o‘tkinchi lahzalarga in’om qildingiz. Qalbingizni beqaror va zoil narsalarga bog‘ladingiz. Vijdoningizni vaqt vahshiylari g‘ajishiga qo‘yib berdingiz.
Agar baxtingizni ayolning muhabbatida deb bilsangiz, qani u doimo o‘zgarmay turadigan ayol? Qayerda ekan u o‘zgarishni qabul qilmaydigan qalb? Unday qalblar faqat o‘zlari qilmaydigan narsalarni aytadigan, har vodiyda daydiydigan shoirlarning she’rlaridagina bo‘ladi.
Ba’zi orif zotlarning hisoblariga ko‘ra, yetmish ming payg‘ambar yer yuzini kezib o‘z qavmlariga ushbu gaplarni yetkazishgan. Shu darsni ularga qayta va qayta o‘tishgan. Ayni gaplarni takror va takror aytishgan.
Odamlar esa hali xanuz o‘z hollaricha qolmoqdalar. Birortasi o‘zining burnidan narini ko‘rmaydi. Haliyam o‘zlarining avvalgi johiliyatlarida, arzimas narsalarni yelka tutib mudofaa qiladilar, o‘lim farishtasi go‘yo ularni emas, boshqalarni olib ketadigandek e’tiborda bo‘ladilar.
Aslidachi, ular bugungichalik halokatli va ayanchli holatda bo‘lmaganlar. Qur’oni karim ularga xitoban bunday deydi: "O‘zingizga boqing, ko‘rmayapsizlarmi?"
Doktor Mustafo Mahmud – "Islom, u nima?" kitobidan.
https://t.me/tuhur
Bugun "16 noyabr – Xalqaro bag‘rikenglik kuni" munosabati bilan yurtimizda millatlararo do‘stlik va diniy totuvlikni mustahkamlashga munosib hissa qo‘shayotgan bir guruh soha vakillariga «Diniy bag‘rikenglik» ko‘krak nishoni topshirildi.
Tantanali marosimda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maxsudov fidoyi yurtdoshlarimizga ushbu yuksak mukofotlarni topshirib, ularning kelgusi faoliyatiga zafarlar tiladi.
Quvonarlisi, e’tirofga sazovor bo‘lganlar safida O‘zbekiston musulmonlari idorasi va uning tizimida samarali mehnat qilayotgan Akbarshoh Rasulov, Ne’mat Musayev, Hikmatilla Toshtemirov, O‘tkirbek Sobirov, Damin Jumaqulov, Tohir Qurbonov, Doniyor Ikramov, Munira Abubakirova, hamda Tursunoy Dehqonova kabi zahmatkash insonlar bor.
Tadbirda so‘zga chiqqan notiqlar mazkur mukofotning ta’sis etilishi Davlatimiz rahbari tomonidan diniy-ma’rifiy sohaga qaratilayotgan yuksak e’tibor, fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash va ma’naviy muhit barqarorligini saqlash yo‘lidagi ezgu islohotlarning yaqqol namunasi ekanini alohida ta’kidladilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati