Avvalroq “Umra – 2024” yangi mavsumi boshlanib, ilk guruh ziyoratchilari muborak diyorga jo‘nab ketgani haqida xabar bergan edik.
Ushbu ziyoratchilar 3 kun davomida Madina shahridagi zamonaviy “Grand Shahba” mehmonxonasida istiqomat qilish barobarida Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning Ravzai shariflari, muborak qadamjolar va Masjidun Nabaviyda ziyorat va ibodat bilan mashg‘ul bo‘ldilar.
Shundan so‘ng o‘zbekistonlik hojilarning dastlabki guruhlari Payg‘ambar shahridagi Zul-Hulayfa masjidida umrani niyat qilib, oppoq ehromda zamonaviy avtobuslarda Makkai mukarramaga yo‘l oldi.
Muqaddas ikki shahar orasidagi 460 kilometrlik masofani zamonaviy avtobuslarda o‘rtacha tezlikda 5-6 soatda bosib o‘tgan, tilidan “labbayka” tushmagan hojilarimiz Ishchi guruhi va hamkor shirkat vakillari tomonidan tantanali ravishda katta ehtirom bilan kutib olindi.
Hamyurtlarimiz muhtasham “Al-Ayam Elite” mehmonxonasiga kirishlari bilanoq iliq qarshi olinib, zam-zam suvlari, xurmo, shirinliklar, gullar va hadyalar ulashilib ikrom qilindi.
Zamonaviy mehmonxonada xonalari tayin bo‘lgan ziyoratchilarimiz mohir oshpazlar pishirgan lazzatli taomlaridan bahramand bo‘lgandan so‘ng guruh rahbarlari hamrohligida tildan talbiyani qo‘ymagancha Masjidul Haramga yo‘l olishdi va Baytullohda tavof, sa’y kabi umra amallarini bajarishga kirishdilar.
Alloh taolo ziyoratchilarimizning safarlarini xayrli va barakali qilsin, umralarini qabul aylasin, Baytulloh yonida duo qilishni barchamizga nasib etsin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Xabar berganimizdek, Saudiya Arabistonida Podshoh Abdulaziz nomidagi Qur’oni karim hifzi, qiroati va tajvidi bo‘yicha 45-xalqaro musobaqa bo‘lib o‘tmoqda.
Musobaqaning “Hifz” yo‘nalishida “Ko‘kaldosh” bilim yurti talabasi Shukurbek qori Shuhratbekov va “Qur’oni karimning 15 juzini tajvid bilan yoddan o‘qish” yo‘nalishida esa “Sayyid Muhyiddin maxdum” bilim yurti talabasi Dostonbek qori Sodiqov ishtirok etmoqda.
Qorilarimiz mazkur musobaqaning saralash bosqichidan muvaffaqiyatli o‘tib, yakuniy bosqichga etib keldi.
Bugun Toshkent vaqti bilan 18:30 da yurtimiz vakillari musobaqaning yakuniy bosqichida ishtrok etadi.
Alloh taolodan Vatanimiz sha’nini himoya qilayotgan qorilarimizga muvaffaqiyat so‘raymiz.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati