Namozxon nigohini sajda qilinadigan joyga qaratadi, qo‘llar kindikdan pastga, o‘ng qo‘lning bosh va chinachoq (jimjiloq) barmoqlari chap qo‘lning bo‘g‘inini ushlaydi. Qolgan o‘rtadagi uchala barmoq erkin qo‘yiladi.
Voil ibn Hujr roziyallohu anhu aytadilar: “Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni namozda o‘ng qo‘llarini chap qo‘llari ustiga kindik ostiga qo‘yganlarini ko‘rdim” (Imom Ibn Abu Shayba rivoyati).
Yana bir rivoyatda bunday keladi: Abu Voil roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Abu Hurayra roziyallohu anhu aytdilar: “Namozda kaftning ustiga kaftni qo‘yib, kindik ostida ushlanadi” (Imom Abu Dovud rivoyati).
Alloma Zafar Ahmad Usmoniy mana shu rivoyatni keltirib, bunday deganlar: “Muhammad ibn Sirin Abu Hurayra roziyallohu anhudan hadis rivoyat qilganlarida, u zotdan “Bu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdanmi?” deb so‘rashgan. Shunda Ibn Sirin rahmatullohi alayh: “Abu Hurayra roziyallohu anhuning har bir hadisi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdandir”, deb javob berganlar.
Demak, bundan Abu Hurayra roziyallohu anhuning har bir hadisi marfu’ (Rasulullohdan kelgan) ekanligi kelib chiqadi. Shunday qilib, namozda qo‘llarni kindik ostiga qo‘yish sunnat ekanligi sobit bo‘lgan”.
Abu Juhayfa roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Ali roziyallohu anhu aytdilar: “Namozda qo‘lni qo‘lning ustiga qo‘yib, kindik ostiga tushirish – sunnatdir” (Imom Abu Dovud rivoyati).
Bu hadis Imom Ahmadning «Musnad»ida ham keltirilgan. Hofiz ibn Hajar o‘zining «Tajridu zavoidi musnad al-Bazzor» asarida: “Agar hadis «Musnadi Ahmad»da kelsa, boshqa Musnadlarga hojat yo‘q”, degan. Shunday qilib, ushbu hadis hasan darajasidan tushmaydi (“E’lous sunan” kitobi).
Namozda qo‘lni kindik ostiga qo‘yish haqida “Muxtasaru-l-Viqoya” kitobida bunday deyilgan: “(Namoz o‘quvchi) o‘ng qo‘lini chap qo‘lining ustiga qilib, kindik ostiga qo‘yadi”.
Namozda qo‘lni kindik ostida tutishning ba’zi afzalliklari haqida “Muzmarot” kitobidan bunday deyilgan: “Qo‘lni kindik ostida tutish – kamtarlikka yaqinroqdir, xushu’ va avrat a’zolarini yopilishiga olib boruvchiroqdir, izorni tushib ketishdan saqlaguvchiroqdir”.
Demak, namozda qo‘lni qayerda tutish holati haqidagi hadislarni muvofiqlashtirish kerak bo‘ladi. Uni esa faqat ijtihod qilishga qodir ulamolarimiz aniqlab beradilar.
Hanafiy mazhabimiz mujtahidlari yuqoridagi hadislarga asoslanib, erkaklar qo‘llarini kindik ostida tutadilar deyishgan. Qolaversa ushbu holat erkaklarda ta’zim va xushu’ga yaqinroqdir.
“Sunnatga muvofiq namoz o‘qing” kitobidan olindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan aholi bilan yo‘lga qo‘yilgan ochiq va samimiy muloqot tizimi fuqarolarning murojaatlarini atroflicha o‘rganish hamda ularga tezkor yechim topishda muhim omil bo‘lmoqda.
12 avgust kuni Diniy idora raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov navbatdagi fuqarolar qabulini o‘tkazib, yurtdoshlarimizning arz, taklif va murojaatlarini tingladilar. Yuzma-yuz suhbat jarayonida masjidlar holati va faoliyati, imom-xatiblar ishi, Haj va Umra ziyoratlarini tashkil etish, oilaviy munosabatlarni tartibga solish hamda moddiy yordam ko‘rsatishga oid ko‘plab masalalar chuqur tahlil qilinib, ularning aksariyati joyida ijobiy hal etildi.
Eslatib o‘tamiz, bu kabi qabullar va fuqarolar bilan muloqot tadbirlari Diniy idoraning hududiy vakilliklari hamda yurtimizdagi barcha jome masjidlarda har haftaning chorshanba kuni imom-xatiblar tomonidan o‘tkazib kelinmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati