Inson hayotda yaxshilikka intilib, yomonlikdan qaytib yashashga harakat qiladi, lekin yaxshilik va yomonlik tushunchalariga har kim har xil ta’rif beradi. Ba’zilar yaxshi deb hisoblagan ishlar boshqalar nazdida yomon, yoki aksincha bo‘lishi ham mumkin. Islom dini ta’limotida nimaki yaxshi deb buyurilgan bo‘lsa, u yaxshi, nimaki yomon deb qaytarilgan bo‘lsa, o‘sha narsa yomondir.
Dinimiz ahkomlari insonni dini, joni, aqli, nasli va salomatligiga, umuman aytganda, hayotiga zarar yetkazishga sabab bo‘luvchi barcha narsalarni yomon deb ulardan qaytargan, qaytaribgina qolmasdan, balki harom deb e’lon qilgan. Bulardan biri giyohvand moddalardir. Zero, giyohvandlik insoniyat kelajagining kushandasidir.
Alloh taolo A’rof surasining 157-oyatida: “U (payg‘ambar) ularni yaxshilikka buyuradi, yomonlikdan qaytaradi va pok narsalarni halol qilib, nopok narsalarni ularga harom qiladi...” deb marhamat qilgan.
Hadisi shariflarda ham: “Har bir mast qiluvchi narsa harom”, “Kim o‘zini-o‘zi zahar bilan o‘ldirsa, qiyomat kuni jahannam o‘ti bilan azoblanadi”, deyilgan bo‘lsa-da, ba’zilar “oyat va hadislarda giyohvand moddalar nomi keltirilmagan-ku?” degan mantiqsiz savollarni o‘rtaga qo‘yishadi. Oqil kishiga Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning: “Har qanday mast qiluvchi va badanni bo‘shashtiruvchi narsalar harom”, deb marhamat qilganlari kifoya qiladi. Giyohvand modda nima deb atalishidan qat’i nazar, ularda mast qilish, badanni bo‘shashtirish xususiyati bor. Alloh taolo insonni o‘z joniga qasd qilmaslikka, o‘zgalarning ham qonini nohaq to‘kmaslikka buyuradi. Giyohvand esa oxir-oqibatda o‘limga olib keladigan moddalarni iste’mol qilish bilan o‘z joniga qasd qilgan sanaladi.
Giyohvand moddalar kishi me’dasi, jigar faoliyatiga salbiy ta’sir qiladi, o‘pkasini ishdan chiqaradi. Shuningdek, u insonning asab tizimi buzilishi, ko‘rish, eshitish, hid bilish, fikr yuritish, issiq-sovuqni, qattiq-yumshoqni, shirin-bemazani sezish xususiyatlari yo‘qolishiga olib keladi.
Jamiyatga yetkazadigan zararlari esa behad ko‘p. Giyohvand kimsa o‘ziga, oilasi, kasbi yoki o‘qishiga nisbatan loqayd bo‘lib boradi. Ayniqsa, ishlab chiqarishda taraqqiyotning asosiy kuchi bo‘lmish yoshlar giyohvandlikning asosiy qurboni bo‘lishi juda ham ayanchli hol. Giyohvandlik shaxs va jamiyat o‘rtasidagi munosabatni buzishga olib keladi. Darhaqiqat, bu hayotda tez-tez uchraydi. Qavm-qarindosh, gulday farzandlar, umr yo‘ldoshdan ayrilish, aksar hollarda mayib-majruh farzandlar tug‘ilishi kabilar shular jumlasidan.
Giyohvand modda harom bo‘lgach, uning tijorati, olingan foydasi ham harom hisoblanadi. Shunday ekan, bugun asr vabosiga aylangan, minglab yoshlarning gul umri xazon bo‘lishiga olib kelayotgan, kelajakni, yashashdan asl muddaoni unuttirayotgan bu illatga qarshi kurashish har bir mo‘min-musulmonning burchidir.
Mirjon domla EGAMBЕRDIYEV,
"Hidoyat" jurnalidan
Savol: Ba’zi yemakxonlar taom yetkazib berishni kechiktirgani uchun buyurtmadan tashqari qo‘shimcha taom taqdim etar ekan. Shu ish joizmi? Agar reklamada qo‘shimcha bepul taom berish emas, balki yetkazib berilgan taomning pulini olmaslik aytilgan bo‘lsa, hukm qanday bo‘ladi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym.
1. Taomga buyurtma berish bitimi shariatdagi istisno’, ya’ni buyurtma asosida ma’lum mahsulotni tayyorlab berish shartnomasiga to‘g‘ri keladi. Agar savoldagi shart faqat reklamada aks etib, buyurtma jarayonida alohida bunday shart qo‘yilmasa, sotuvchi tarafidan berilgan bu va’da joiz hisoblanadi va unga vafo qilishi kerak bo‘ladi.
Agar buyurtma berishda yetkazib berish kechikishi sababli qo‘shimcha taom berish sharti qo‘yilsa, bu shartnomaning bir qismiga aylanadi. Bitimdagi bunday shart moliyaviy jarima sanaladi. Mahsulot tayyorlab berish (istisno’) bitimida sotuvchiga nisbatan moliyaviy jarima qo‘llashga ruxsat etiladi.
Demak, qo‘shimcha bepul taom berish va’da ko‘rinishida bo‘lsa ham, shartnomada aks etgan bo‘lsa ham joiz ekan.
2. Yetkazib berish kechiksa, buyurtma qilingan taomning pulini olmaslik faqat reklamada aks etib, buyurtma jarayonida bunday shart qo‘yilmasa, bu ham sotuvchi tarafidan berilgan va’da bo‘ladi va joiz hisoblanadi. Ammo buyurtma berish jarayonida yuqoridagi shart qo‘yilsa, bu shartnomaning bir qismiga aylanadi. Shartnomada esa buyurtma summasidan voz kechish shartini qo‘yish durust emas.
Demak, buyurtma qilingan taomning pulini olmaslik va’da ko‘rinishida bo‘lsa joiz, bitimda shart qilinsa, joiz emas. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi