Inson hayotda yaxshilikka intilib, yomonlikdan qaytib yashashga harakat qiladi, lekin yaxshilik va yomonlik tushunchalariga har kim har xil ta’rif beradi. Ba’zilar yaxshi deb hisoblagan ishlar boshqalar nazdida yomon, yoki aksincha bo‘lishi ham mumkin. Islom dini ta’limotida nimaki yaxshi deb buyurilgan bo‘lsa, u yaxshi, nimaki yomon deb qaytarilgan bo‘lsa, o‘sha narsa yomondir.
Dinimiz ahkomlari insonni dini, joni, aqli, nasli va salomatligiga, umuman aytganda, hayotiga zarar yetkazishga sabab bo‘luvchi barcha narsalarni yomon deb ulardan qaytargan, qaytaribgina qolmasdan, balki harom deb e’lon qilgan. Bulardan biri giyohvand moddalardir. Zero, giyohvandlik insoniyat kelajagining kushandasidir.
Alloh taolo A’rof surasining 157-oyatida: “U (payg‘ambar) ularni yaxshilikka buyuradi, yomonlikdan qaytaradi va pok narsalarni halol qilib, nopok narsalarni ularga harom qiladi...” deb marhamat qilgan.
Hadisi shariflarda ham: “Har bir mast qiluvchi narsa harom”, “Kim o‘zini-o‘zi zahar bilan o‘ldirsa, qiyomat kuni jahannam o‘ti bilan azoblanadi”, deyilgan bo‘lsa-da, ba’zilar “oyat va hadislarda giyohvand moddalar nomi keltirilmagan-ku?” degan mantiqsiz savollarni o‘rtaga qo‘yishadi. Oqil kishiga Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning: “Har qanday mast qiluvchi va badanni bo‘shashtiruvchi narsalar harom”, deb marhamat qilganlari kifoya qiladi. Giyohvand modda nima deb atalishidan qat’i nazar, ularda mast qilish, badanni bo‘shashtirish xususiyati bor. Alloh taolo insonni o‘z joniga qasd qilmaslikka, o‘zgalarning ham qonini nohaq to‘kmaslikka buyuradi. Giyohvand esa oxir-oqibatda o‘limga olib keladigan moddalarni iste’mol qilish bilan o‘z joniga qasd qilgan sanaladi.
Giyohvand moddalar kishi me’dasi, jigar faoliyatiga salbiy ta’sir qiladi, o‘pkasini ishdan chiqaradi. Shuningdek, u insonning asab tizimi buzilishi, ko‘rish, eshitish, hid bilish, fikr yuritish, issiq-sovuqni, qattiq-yumshoqni, shirin-bemazani sezish xususiyatlari yo‘qolishiga olib keladi.
Jamiyatga yetkazadigan zararlari esa behad ko‘p. Giyohvand kimsa o‘ziga, oilasi, kasbi yoki o‘qishiga nisbatan loqayd bo‘lib boradi. Ayniqsa, ishlab chiqarishda taraqqiyotning asosiy kuchi bo‘lmish yoshlar giyohvandlikning asosiy qurboni bo‘lishi juda ham ayanchli hol. Giyohvandlik shaxs va jamiyat o‘rtasidagi munosabatni buzishga olib keladi. Darhaqiqat, bu hayotda tez-tez uchraydi. Qavm-qarindosh, gulday farzandlar, umr yo‘ldoshdan ayrilish, aksar hollarda mayib-majruh farzandlar tug‘ilishi kabilar shular jumlasidan.
Giyohvand modda harom bo‘lgach, uning tijorati, olingan foydasi ham harom hisoblanadi. Shunday ekan, bugun asr vabosiga aylangan, minglab yoshlarning gul umri xazon bo‘lishiga olib kelayotgan, kelajakni, yashashdan asl muddaoni unuttirayotgan bu illatga qarshi kurashish har bir mo‘min-musulmonning burchidir.
Mirjon domla EGAMBЕRDIYEV,
"Hidoyat" jurnalidan
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Hazrati Muoviyaning davrlarida ikki odam janjallashib qoldi. Janjal asnosida biri boshqasining tishini urib sindirdi. U singan tishini olib, Muoviya roziyallohu anhuning huzurlariga bordi va: «Tishning qasosi tish bo‘ladi, shuning uchun qasos olib bering», dedi.
Hazrati Muoviya: «To‘g‘ri, sening haqqing bor, lekin nima foyda? Sening tishing-ku sinib bo‘ldi. Unikini ham sindiraylikmi? Uning o‘rniga tishingning xunini ol, xun evaziga murosa qil», dedilar.
U kishi: «Men aynan o‘sha tishini sindirib qasos olaman», dedi. Muoviya roziyallohu anhu unga yana qayta tushuntirdilar. Lekin u ko‘nmadi. Hazrati Muoviya keyin: «Undoq bo‘lsa yur, uning ham tishini sindiramiz», dedilar.
Yo‘lda mashhur sahoba Abu Dardo roziyallohu anhu o‘tirgan edilar. U zot shunday dedilar: «Birodar! Qara, sen-ku qasos olyapsan. Lekin bu gapni ham eshitib ket. Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: «Kim birovga aziyat yetkazsa va aziyat yetgan kimsa uni kechirib yuborsa, Alloh taolo uni afvga eng ko‘p muhtoj bo‘ladigan kunda (ya’ni oxiratda) afv qiladi», deganlarini eshitganman».
Boyagina g‘azabga minib, xun haqi olishga hech rozi bo‘lmay turgan odam ushbu hadisni eshitgach: «Siz bu hadisni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan eshitganmisiz?» deb so‘radi. Abu Dardo roziyallohu anhu: «Ha, eshitganman, mening mana shu quloqlarim eshitgan», dedilar.
«Nasihatlar guldastasi» kitobidan