Sayt test holatida ishlamoqda!
05 Avgust, 2026   |   22 Safar, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:50
Quyosh
05:18
Peshin
12:34
Asr
17:29
Shom
19:40
Xufton
21:10
Bismillah
05 Avgust, 2026, 22 Safar, 1448
Maqolalar

Ne’matlarni so‘zlash shukrdir

17.09.2024   8841   2 min.
Ne’matlarni so‘zlash shukrdir

No‘mon ibn Bashir roziyallohu an­hudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollal­lohu alayhi va sallam minbarda turib dedilar: “Kim oziga shukr qilmasa, ko‘­piga ham shukr qil­maydi. Kim odamlarga rahmat aytmasa, Allohga ham shukr qilmaydi. Allohning ne’matlarini gapirish shukrdir, uni tark qilish no­shukrlikdir. Jamoat rahmatdir, tar­qoqlik azobdir” (Imom Ahmad va Imom Bayhaqiy rivoyati). 

“Kim oziga shukr qilmasa, ko‘piga ham shukr qilmaydi”. Shuning uchun sedanadek arzimagan narsa bergan kishiga ham rahmat aytish lozim. 

“Kim odamlarga rahmat aytmasa, ­Al­loh­­ga ham shukr qilmaydi”. Ya’ni odam­lar­ning yaxshiligi, ehsoniga rahmat aytish, minnatdorlik bildirish kimning tabiati va odatida bo‘lmasa, Allohning ne’matlariga ham shukr qilmaydi.

Alloh taolo aytadi: “Ey iymon kel­tir­ganlar! Allohgagina ibodat qiluvchi bo‘l­sangiz, sizlarga Biz rizq qilib bergan pokiza narsalardan yeb, Unga shukr qilingiz!” (Baqara surasi, 172-oyat). 

Alloh taologa hamdu sano aytish, Uni ulug‘lash, Uning behisob ne’matlari e’tirofi, shukronasidir.

“Allohning ne’matlarini gapirish shukrdir...”. Ya’ni Allohning ne’mat­larini bildirish ularga shukr qilish­dandir. Alloh taolo marhamat qi­ladi: “Rabbingizning (sizga ato etgan barcha) ne’mati haqida esa (odamlarga) so‘zlang!” (Zuho surasi, 11-oyat). 

Shukr uch xil bo‘ladi:

◥ til shukri – ne’matni gapirish bilan;

◥ a’zolar shukri – xizmat qilish, ibodat qilish bilan;

◥ qalb shukri – barcha ne’matlar Alloh taolo­dan ekanini e’tirof qilish bilan.

“...uni tark qilish noshukrlikdir”. Ya’ni ne’matlarni gapirmaslik, bekitish noshukrlikdir. Orif zotlardan biri deydi: «Ne’matlarni so‘zlash ularni beruvchi Allohni eslash, boshqalarga eslatishdir. Bu esa, qalblarda U Zotga muhabbat paydo qiladi. Aks holda, bekitish afzaldir.

“Jamoat rahmatdir, tarqoqlik azobdir”. Ya’ni musulmonlarning jam bo‘li­shi, birdam, yakdil bo‘lishi Alloh taolodan rah­matdir, savob va yaxshiliklar­ning ziyoda bo‘lishiga sabab bo‘ladi.

Abu Nu’aym rahimahulloh “Hilyatul av­liyo” kitobida Vahb ibn Munabbih ra­hi­mahullohdan naql qiladi: “Payg‘am­barlardan biri Alloh taolodan Bal’am ibn Bouroning unga berilgan mo‘jiza va karomatlardan mahrum bo‘lishi sababini so‘radi. Shunda Alloh taolo dedi: “U bir kuni Men bergan ne’matga shukr qilmadi. Agar u bir martagina shukr qilganida edi, undan ne’matimni olib qo‘ymas edim”. 

Bizga berilgan ne’matlar shu qadar ko‘p va turli-tumandir. Lekin ko‘pchiligimiz ne’matlarga ko‘milib yashasak-da, holi­mizdan noliymiz. Holbuki, ular haqi­da ozgina fikr yuritib, ularni bergan Zot­ga: “Bularning barchasi Sening ulug‘ fazlingdan, bergan ne’matlaringga rozimiz”, deb iqror bo‘lishimiz lozim. 

Mansur O‘RALOV,

Sirg‘ali tumanidagi “No‘g‘ay qurg‘on”

jome masjidi imom-xatibi

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

O‘zbekistonlik imom-xatiblar BAAda malaka oshirmoqda

03.08.2026   8757   1 min.
O‘zbekistonlik imom-xatiblar BAAda malaka oshirmoqda

Birlashgan Arab Amirliklarida xizmat safarida bo‘lib turgan O‘zbekiston imom-xatiblari uchun davlatchilik, bag‘rikenglik va zamonaviy diniy-ijtimoiy yondashuvlar mavzusida navbatdagi ilmiy-amaliy mashg‘ulot bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda BAAning taraqqiyot yo‘li, qonun ustuvorligi va "vasatiyya" (o‘rtalik) tamoyilining jamiyat tinchligidagi o‘rni alohida e’tirof etildi. Mamlakatda 200 dan ortiq millat va elat vakillari ahil-inoq istiqomat qilayotgani ta’kidlanib, inson qadri va o‘zaro hurmat muhim omil ekaniga e’tibor qaratildi. 

O‘z navbatida, BAA vakillari O‘zbekistonning boy sivilizatsiyasi va dunyo tamadduniga hissa qo‘shgan buyuk allomalarimiz xizmatini yuksak ehtirom bilan yodga olishdi. Tinglovchilarning ta’kidlashicha, mashg‘ulotlarda masjidlarda ma’ruzalarni proyektor va interaktiv taqdimotlar orqali ko‘rgazmali yetkazish tajribasi, shuningdek, imom-xatiblarning jamiyat hayotidagi faol o‘rni ko‘rsatib berildi.

Shuningdek, tadbirda BAA rahbariyatining dunyo bo‘ylab amalga oshirayotgan insonparvarlik va xayriya loyihalari haqida atroflicha so‘z yuritilib, bu kabi manfaatli ilmiy safarlarni tashkil etgan davlatimiz Rahbari va soha mutasaddilariga minnatdorlik bildirildi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Matbuot xizmati

O‘zbekistonlik imom-xatiblar BAAda malaka oshirmoqda O‘zbekistonlik imom-xatiblar BAAda malaka oshirmoqda
Dunyo yangiliklari