No‘mon ibn Bashir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi va sallam minbarda turib dedilar: “Kim oziga shukr qilmasa, ko‘piga ham shukr qilmaydi. Kim odamlarga rahmat aytmasa, Allohga ham shukr qilmaydi. Allohning ne’matlarini gapirish shukrdir, uni tark qilish noshukrlikdir. Jamoat rahmatdir, tarqoqlik azobdir” (Imom Ahmad va Imom Bayhaqiy rivoyati).
“Kim oziga shukr qilmasa, ko‘piga ham shukr qilmaydi”. Shuning uchun sedanadek arzimagan narsa bergan kishiga ham rahmat aytish lozim.
“Kim odamlarga rahmat aytmasa, Allohga ham shukr qilmaydi”. Ya’ni odamlarning yaxshiligi, ehsoniga rahmat aytish, minnatdorlik bildirish kimning tabiati va odatida bo‘lmasa, Allohning ne’matlariga ham shukr qilmaydi.
Alloh taolo aytadi: “Ey iymon keltirganlar! Allohgagina ibodat qiluvchi bo‘lsangiz, sizlarga Biz rizq qilib bergan pokiza narsalardan yeb, Unga shukr qilingiz!” (Baqara surasi, 172-oyat).
Alloh taologa hamdu sano aytish, Uni ulug‘lash, Uning behisob ne’matlari e’tirofi, shukronasidir.
“Allohning ne’matlarini gapirish shukrdir...”. Ya’ni Allohning ne’matlarini bildirish ularga shukr qilishdandir. Alloh taolo marhamat qiladi: “Rabbingizning (sizga ato etgan barcha) ne’mati haqida esa (odamlarga) so‘zlang!” (Zuho surasi, 11-oyat).
Shukr uch xil bo‘ladi:
◥ til shukri – ne’matni gapirish bilan;
◥ a’zolar shukri – xizmat qilish, ibodat qilish bilan;
◥ qalb shukri – barcha ne’matlar Alloh taolodan ekanini e’tirof qilish bilan.
“...uni tark qilish noshukrlikdir”. Ya’ni ne’matlarni gapirmaslik, bekitish noshukrlikdir. Orif zotlardan biri deydi: «Ne’matlarni so‘zlash ularni beruvchi Allohni eslash, boshqalarga eslatishdir. Bu esa, qalblarda U Zotga muhabbat paydo qiladi. Aks holda, bekitish afzaldir.
“Jamoat rahmatdir, tarqoqlik azobdir”. Ya’ni musulmonlarning jam bo‘lishi, birdam, yakdil bo‘lishi Alloh taolodan rahmatdir, savob va yaxshiliklarning ziyoda bo‘lishiga sabab bo‘ladi.
Abu Nu’aym rahimahulloh “Hilyatul avliyo” kitobida Vahb ibn Munabbih rahimahullohdan naql qiladi: “Payg‘ambarlardan biri Alloh taolodan Bal’am ibn Bouroning unga berilgan mo‘jiza va karomatlardan mahrum bo‘lishi sababini so‘radi. Shunda Alloh taolo dedi: “U bir kuni Men bergan ne’matga shukr qilmadi. Agar u bir martagina shukr qilganida edi, undan ne’matimni olib qo‘ymas edim”.
Bizga berilgan ne’matlar shu qadar ko‘p va turli-tumandir. Lekin ko‘pchiligimiz ne’matlarga ko‘milib yashasak-da, holimizdan noliymiz. Holbuki, ular haqida ozgina fikr yuritib, ularni bergan Zotga: “Bularning barchasi Sening ulug‘ fazlingdan, bergan ne’matlaringga rozimiz”, deb iqror bo‘lishimiz lozim.
Mansur O‘RALOV,
Sirg‘ali tumanidagi “No‘g‘ay qurg‘on”
jome masjidi imom-xatibi
Insonning fe’li qiziq: biz ko‘pincha o‘zimizda yo‘q narsalar haqida qayg‘urib, qo‘limizdagi bebaho ne’matlarni odatdagi holdek qabul qilamiz. Vaholanki, biz oddiy deb bilgan qulayliklar, sog‘liq va boshqa imkoniyatlar sayyoramizning millionlab aholisi uchun eng katta orzu hisoblanadi.
Jumladan, bugungi tongni dunyo bo‘yicha 174 mingga yaqin inson qarshi ololmadi. Ayni damda 50 milliondan ortiq odam saraton kasalligi bilan kurashmoqda. 300 million inson ranglar jilosini ko‘rish baxtidan mahrum. 400 millionga yaqin kishi esa eshitish moslamalarisiz dunyo tovushlarini eshita olmaydi. 770 milliondan ortiq katta yoshdagi inson hanuzgacha o‘qish va yozishni bilmaydi. 2,5 milliarddan ziyod aholi global axborot va internet imkoniyatlaridan uzilgan holda yashamoqda. 6,5 milliard inson esa samolyotda umuman uchib ko‘rmagan...
Bu raqamlar shunchaki quruq ko‘rsatkichlar emas. Ular ortida millionlab insonlarning ana shunday ayanchli taqdiri yotibdi.
Agar siz hozir ushbu matnni o‘qiy olayotgan, atrofdagi ranglar va tovushlarni his qilayotgan, eng muhimi, yangi kunni sog‘-omon yashayotgan bo‘lsangiz, demak, siz sayyoradagi eng baxtli insonlardan birisiz. Shunday ekan, turmush tashvishlaridan nolishni to‘xtating. Yon-atrofga boqing: siz yashayotgan bugungi kunga kimlardir yetmadi. Demak, har bir xotirjam olingan nafas, har tinch otgan tong uchun Yaratganga hamdlar aytib, shukronalik kayfiyati bilan yashang. Chunki siz eng boy odamsiz!
Akbarshoh RASULOV