Qatarning Vaqf va islom ishlari vazirligi “Shayx Jassim bin Muhammad bin Soniy” deb nomlangan milliy Qur’on musobaqasida ayollar va talabalar yo‘nalishlarida tub o‘zgarishlar kiritilishini e’lon qildi. Endilikda musobaqa sovrinlari va uning g‘oliblari sonini oshirdi.
IQNAning “Halalkhalij.com” nashriga tayanib xabar berishicha, Qatar Vaqflar va islom ishlari vazirligi Shayx Josim bin Muhammad bin Soniy Qur’oni karim musobaqalarida asosiy o‘zgarishlar, jumladan, hakamlar qo‘mitalari va ayollar testlarini ajratish, g‘oliblar soni va ushbu musobaqalarning moliyaviy mukofotlari qiymatini ikki baravar oshirishni e’lon qildi.
Bu haqda Shayx Josim Qur’oni karim musobaqasi qo‘mitasi rahbari Mallulloh Abdurrohman al-Jobir ma’lum qilib, bunday dedi: “Vaqflar vazirligining musobaqani yangi tahrirda o‘tkazish to‘g‘risidagi qarori ushbu tanlovning maqsadlariga erishish uchun faoliyat va yechimlar ko‘lamini kengaytirishda musobaqa tashkiliy qo‘mitasining nufuzini kuchaytirishga olib keladi”.
Al-Jobir bunga aniqlik kiritdi: “Musobaqa tashkiliy qo‘mitasi Qur’oni karimning ahamiyati va mavqeini inobatga olib, ushbu musobaqalar sohasini, ayniqsa, ayollar va qizlar toifasini sifat jihatidan o‘zgartirish, ayollar uchun bo‘limlarni to‘liq ajratishni maqsad qilgan hamda erkaklar ushbu musobaqalarning barcha bosqichlarida ayollar uchun imtihonlar bo‘yicha qo‘mita rahbarligida harakat qiladi. Boshqa tomondan tashkiliy qo‘mita ayollarning uchta asosiy nominatsiyasi bo‘yicha beshta g‘olibni taqdirlash to‘g‘risida qaror qabul qildi. Bundan tashqari, ushbu musobaqalarda erkaklar va ayollar uchun ajratilgan mukofotlar miqdori ikki barobarga oshirilib, maktab o‘quvchilari toifasi bo‘yicha birinchi marta Shayx Jassim Qur’oni karim musobaqasi boshlandi.
Qatarda yashovchi fuqarolar va muhojirlar qatnashishi mumkin bo‘lgan 30- Shayx Jassim Qur’oni karim musobaqasida qatnashishga ro‘yxatdan o‘tish shu oy boshida boshlanadi va yakuniy bosqich oktyabr oyida bo‘lib o‘tadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi xodimi
Ilyosxon Ahmedov tayyorladi.
Bugun, 25 iyun kuni Indoneziya haj va umra asossiatsiyalarining doktor Muslim Iskandar boshchiligidagi vakillari O‘zbekiston musulmonlari idorasida bo‘lishdi. Mehmonlar bilan diniy idora raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov uchrashuv o‘tkazdi.
Sakkiz nafar delegatsiya a’zolari: Doktor Muslim Iskandar, Asip Bisma Supriatna, Zaid Muslim Iskandar, Mustain Xattob, Muhammad Atsir Abdulaziz, Jannatul Ma’vo, Muhammad Iqbol hamda Hilman Parifiy birma-bir o‘zlarini tanishtirib, “Umra +” loyihasini o‘rganish maqsadida 3400 ta turfirma nomidan vakil bo‘lib kelishganini bildirishdi.
Uchrashuv avvalida Homidjon domla mehmonlarni tashrif bilan qutlab, kelganlari uchun minnatdorlik bildirdi. So‘nggi yillarda yurtimizda diniy-ma’rifiy, turizm va boshqa sohalarda bo‘layotgan yangilanishlar haqida aytib o‘tdi. Xususan, 2017 yilda tamal toshi qo‘yilgan Islom sivilaziyasi markazi, qayta bunyod etilayotgan Imom Buxoriy majmuasi, Hazrati Imom dahasida olib borilayotgan bunyodkorlik ishlariga to‘xtaldi.
O‘z navbatida delegatsiya rahbari Muslim Iskandar ularga bu taklifni bildirgan “Real Dreams” sayyohlik firmasidan minnatdor ekanliklarini aytib, O‘zbekiston haqida juda ham ijobiy taassurotlarda ekanini ta’kidladi. Birgina Toshkent shahridagi o‘rganishlari natijasida O‘zbekistonda ziyorat turizmi sohasi istiqbolli ekani, hali Samarqand, Buxoro, Xiva kabi qadim va navqiron shaharlarni ham borib ko‘rishlarini, lekin hozirdanoq “Umra +” loyihasi juda istiqbolli ekaniga amin bo‘lganini bayon etdi.
Delegatsiya a’zosi, “Kasturi” birlashmasi rahbari Muhammad Atir 2017 yilda ham O‘zbekistonga kelganini, o‘sha payt bilan oradan o‘tgan qisqa vaqtdagi ulkan o‘zgarishlardan hayratda ekanini aytib, bu ishlar yurtning allamolariga, ilmiy-ma’rifiy merosga bo‘lgan e’tiboridan darak ekaniga urg‘u berib o‘tdi.
Shuningdek, delegatsiyaning boshqa a’zolari – Indoneziyaning “Amphuri”, “Hagatama”, “NRA Group Ltd.” “Jannatul Ma’wah”, “Himpuh” kabi minglab turfirmalarni birlashtirgan asossiatsiyalari rahbarlari ham musulmon sayyohlar e’tibori va oqimini O‘zbekistonga bemalol yo‘naltirish mumkinligini, bu xayrli ish ikki davlat uchun ham har tomonlama manfaat keltirishini ta’kidlashdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati