Bismillahir Rohmanir Rohiym
Jamoat bo‘lib duo qilish haqida Habib ibn Maslama al-Fehriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Bir qavm jamlansa, ba’zisi duo qilsa va qolganlari “Omiyn”, desa, albatta Alloh ularni ijobat qiladi”, dedilar (Imom Hokim, Imom Tabaroniy rivoyati).
“Kashful qino’” kitobida quyidagilar aytilgan: “Imom Bomdod va Asrdan keyin o‘sha paytda farishtalar hozir bo‘lishi e’tiboridan duo qiladi. Qavm “Omiyn”, deb turadi. Shunda ijobatga yaqin bo‘ladi. Shuningdek, mazkur ikkisidan boshqa namozlarda ham duo qiladi. Chunki farz namozidan keyingi payt duo qabul bo‘ladigan vaqtlardandir”.
Shuningdek, namozdan keyin Qur’on tilovat qilish ham savobli amallardan sanaladi. Qur’on o‘quvchiga ulkan savoblar, buyuk fazllar xabarini berganidek, uni tinglovchiga ham ana shunday go‘zal ajr hamda ulug‘ mukofotlar bordir.
Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Allohning kitobidan bir oyat tinglagan kishiga ziyoda yaxshiliklar yoziladi, Allohning kitobidan bir oyat tilovat qilgan kishiga Qiyomat kunida nur bo‘ladi”.
Imom Lays ibn Sa’d aytadilar: “Hech kim Qur’on tinglovchidan ko‘ra tezroq rahmatga erishmaydi. Chunki Alloh taolo: “Qur’on tilovat qilinganda, uni tinglang va jim turinglar, shoyad, rahmatga erishsangiz” deb marhamat qilgan”.
Hanafiy ulamolarimiz kishining Qur’on tinglashi o‘zi qiroat qilishidan afzaldir, deyishadi. Chunki tinglovchi Qur’on tinglashi bilan farzni ado qiladi. Qur’on qiroati esa, farz emas.
Hanafiy olimi Abu Su’ud rahmatullohi alayh: “Qur’on tinglash qiroat qilishdan savobliroqdir, chunki tinglash farz, qiroat farz emas”, deganlar.
“Sunnatga muvofiq namoz o‘qing” kitobidan olindi.
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Sarmoyangiz umringizdir...
Alloma Ibn al-Javziy o‘zining «Mudahish» nomli kitobiga bunday yozadi:
Bir kishi bor edi, u bozorda muz sotardi. Ovozini chiqarib bunday derdi: “Sarmoyasi erib ketayotgan odamga rahm qilinglar!”.
Bu kishi odamlarning yuragini yumshatib, ulardan muz sotib olishlarini so‘rardi. Chunki u sotadigan muz — vaqt o‘tishi bilan erib ketardi. Agar u muzini tezda sotib ulgurmasa, butun sarmoyasi yo‘q bo‘lib ketadi. Shuning uchun u bor ovozi bilan: “Sarmoyasi erib ketayotgan odamga rahm qiling!”.
Muzlab qolgan suvning har bir tomchisi sizning tark etgan umr lahzangiz kabidir, u endi hech qachon qaytmaydi.
Hayotingizdagi sanoqli kunlardan foydalaning…
Solihlardan biri aytadi: «Men “Asr” surasini yigirma yil o‘qidim, lekin uning ma’nosini tushunmasdim. “Nima uchun Alloh inson tabiatan ziyonda deb aytyapti va buni qasam bilan ta’kidlayapti?” deb o‘ylardim.
Keyin esa Alloh ziyondan najot topganlarni to‘rtta sifat bilan istisno qiladi:
– iymon keltirganlar,
– solih amal qilganlar,
– haqqa da’vat etganlar,
– sabrni tavsiya qilganlar.
Shunda men “Asr” surasidagi qasamning ma’nosini angladim: “Dunyodagi eng katta sarmoya bu – umringiz. Umringizdan o‘tgan har bir lahza erib ketgan muz kabi qaytib kelmaydi. Shuning uchun sarmoyangizni ehtiyot qiling! U siz yashab turgan vaqtdir. Ajal yetishidan avval tiriklik fursatidan foydalaning».
Alloh umrimizni uzun va xotimamizni chiroyli qilsin.
Sarmoyangizni o‘g‘irlayotganlarga e’tibor bering!
Har birimiz sarmoyamiz ya’ni vaqtimizni kim yoki nimalar zoye qilayotganini yaxshi bilamiz.
Allohni zikr qilishdan yoki U Zotga va Rasuliga itoat qilishdan boshqa narsa bilan vaqtni zoye qilmang.
Unutmang, sarmoyangiz — umringiz!
Maqsudali domla QOSIMOV,
Xo‘jaobod tumani “Yetti chinor” jome masjid imom-xatibi.