Bismillahir Rohmanir Rohiym
Jamoat bo‘lib duo qilish haqida Habib ibn Maslama al-Fehriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Bir qavm jamlansa, ba’zisi duo qilsa va qolganlari “Omiyn”, desa, albatta Alloh ularni ijobat qiladi”, dedilar (Imom Hokim, Imom Tabaroniy rivoyati).
“Kashful qino’” kitobida quyidagilar aytilgan: “Imom Bomdod va Asrdan keyin o‘sha paytda farishtalar hozir bo‘lishi e’tiboridan duo qiladi. Qavm “Omiyn”, deb turadi. Shunda ijobatga yaqin bo‘ladi. Shuningdek, mazkur ikkisidan boshqa namozlarda ham duo qiladi. Chunki farz namozidan keyingi payt duo qabul bo‘ladigan vaqtlardandir”.
Shuningdek, namozdan keyin Qur’on tilovat qilish ham savobli amallardan sanaladi. Qur’on o‘quvchiga ulkan savoblar, buyuk fazllar xabarini berganidek, uni tinglovchiga ham ana shunday go‘zal ajr hamda ulug‘ mukofotlar bordir.
Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Allohning kitobidan bir oyat tinglagan kishiga ziyoda yaxshiliklar yoziladi, Allohning kitobidan bir oyat tilovat qilgan kishiga Qiyomat kunida nur bo‘ladi”.
Imom Lays ibn Sa’d aytadilar: “Hech kim Qur’on tinglovchidan ko‘ra tezroq rahmatga erishmaydi. Chunki Alloh taolo: “Qur’on tilovat qilinganda, uni tinglang va jim turinglar, shoyad, rahmatga erishsangiz” deb marhamat qilgan”.
Hanafiy ulamolarimiz kishining Qur’on tinglashi o‘zi qiroat qilishidan afzaldir, deyishadi. Chunki tinglovchi Qur’on tinglashi bilan farzni ado qiladi. Qur’on qiroati esa, farz emas.
Hanafiy olimi Abu Su’ud rahmatullohi alayh: “Qur’on tinglash qiroat qilishdan savobliroqdir, chunki tinglash farz, qiroat farz emas”, deganlar.
“Sunnatga muvofiq namoz o‘qing” kitobidan olindi.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Behisob pul va boyliklarni chekish-ichish, kayfu safo uchun sarf qilish – Allohga shukr qilishmi?!
Yoshlik davrini zino va harom ishlar bilan o‘tkazish – Allohga shukr qilishmi?!
Telefon orqali o‘zgalarga zarar yetkazish, har xil bo‘lmag‘ur ishlarda foydalanish – Allohga shukr bo‘ladimi?!
Yeguliklarni chiqindi qutisiga tashlash, uvolni bilmaslik – Allohga shukr qilishmi?!
Zakotni o‘z vaqtida ado etmaslik, sadaqadan tiyilish – Allohga shukr qilish deganimi?!
Internetda foydasiz narsalar uchun vaqt ajratish, vaqtni bekorga zoye qilish – Allohning bergan ne’matlariga shukr qilishmi?!
Axir Alloh taolo bizlarga shukr qilishni va U Zotning fazlini e’tirof qilishga buyurgan-ku: «Bas, Meni yod etingiz, (Men ham) sizlarni yod eturman. Menga shukr qilingiz, noshukrchilik qilmangiz!»[1].
Qolaversa, Alloh taolo shukr qiluvchilarni azoblamasligi xabarini ham bergan: «Agar shukr qilsangiz va iymon keltirsangiz, Alloh sizlarni nega azoblasin?! Alloh shukrni qabul etguvchi va bilguvchi Zotdir»[2].
Shukr – Alloh taolo ato etgan ne’matlarning davomli bo‘lishining garovidir: «Yana Parvardigoringiz bildirgan (bu so‘zlar)ni eslangiz: “Qasamki, agar (bergan ne’matlarimga) shukr qilsangiz, albatta, (ularni yanada) ziyoda qilurman. Bordi-yu, noshukrchilik qilsangiz, albatta, azobim (ham) juda qattiqdir”»[3]. «...Agar shukr qilsangiz (va iymon keltirsangiz) U Zot sizlar uchun rozi bo‘lur...»[4].
Bu dunyoda borligimizga shukr qilish – ota-onalarimizga yaxshilik qilishimizdadir. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Allohning roziligi – ota-onaning rizosidadir” [5], deganlar.
Qarindoshchilik munosabatlarini yo‘lga qo‘yish, ular bilan bordi-keldi qilish, uzilgan rishtalarni tiklash ham Alloh bizga qarindosh, yaqinlar bergani ne’matining shukridir. Nabiy alayhissalom bu borada: “Rizqida kengchilik bo‘lishi, ajali ortga surilishi kimni xursand qilsa, qarindoshchilik aloqalarini bog‘lasin”, deganlar[6].
Sadaqa berish – Alloh bizni mol-dunyo bilan siylagani uchun shukr qilish demakdir. Sadaqa Alloh taoloning g‘azabini o‘chiradi. Nabiy alayhissalom: “Maxfiy qilingan sadaqa Yaratganning g‘azabini o‘chiradi. Qarindoshchilik aloqalarini bog‘lash umrni uzaytiradi. Yaxshilik qilish yomon o‘lim topishdan asraydi”, [7] deganlar.
Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.
[1] Baqara surasi, 152-oyat.
[2] Niso surasi, 147-oyat.
[3] Ibrohim surasi, 7-oyat.
[4] Zumar surasi, 7-oyat.
[5] Ibn Hibbon rivoyati.
[6] Imom Buxoriy rivoyati.
[7] Imom Tabaroniy rivoyati.