#TA’ZIYA
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi ko‘p yillar diniy-ma’rifiy sohada, jumladan, Urgut tumani bosh imom-xatibi vazifasida faoliyat yuritgan Samarqand viloyati Urgut tumani "Chubin" jome masjidi imom-xatibi Husniddin domla Ibragimovning vafoti munosabati bilan chuqur ta’ziya izhor etadi.
Alloh taolo marhum ulamoni O‘z mag‘firatiga olsin, iymonlarini salomat qilsin, solih amallarini o‘zlariga hamroh etsin. Oxiratlarini obod etib, joylarini Firdavs jannatlaridan qilsin! Din rivoji, xalq ma’rifati va vatan ravnaqi yo‘lida qilgan barcha xizmatlarini Alloh qabul aylasin!
Haq taolo marhum olimning ahli oilasi, farzandu arjumandlari, safdoshlari, shogirdlari va yaqinlariga chiroyli sabr berib, bu musibatlarini yaxshiliklar ila to‘ldirsin. Biz Buyuk Parvardigordan duo qilib so‘raymizki, marhum olimni o‘zining cheksiz rahmatiga olsin, jannat bog‘lariga doxil etsin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi, ulamolari, imom-domlalari va o‘qituvchi-mudarrislari nomidan Husniddin domla Ibragimovning yaqinlariga hamdardlik bildiramiz.
Inna lillahi va inna ilayhi roji’un!
«Albatta, biz Allohnikimiz va albatta, biz U Zotga qaytuvchimiz».
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
muslim.uz
Tarixda o‘zaro ziddiyatlar tufayli «ahli sunna»dan ajrab chiqqan firqalar bor. Ularning g‘arazli g‘oyalarini o‘rganishga bag‘ishlangan asarlar ko‘p. Abu Mansur Moturidiy, Abul-Hasan Ash’ariy, Abu Mansur Bag‘dodiy, Abu Hafs Nasafiy, Muhammad Shahristoniy kabi ulamolar adashgan firqalarning uslublarini sinchkovlik bilan o‘rgangan hamda ularga raddiyalar berganlar.
Islom tarixida «xorijiy»lar ilk adashgan oqim sifatida paydo bo‘lgan. Din niqobi ostida faoliyat ko‘rsatgan va ulamolar tomonidan qattiq qoralangan firqalar faoliyatini Bag‘dodiy «al-Farq baynal-firaq» asarida mufassal bayon qilgan. Dastlabki bo‘linish Hazrati Ali roziyallohu anhu davridagi «Jamal voqeasi ishtirokchilari», sahoba Muoviya, «Siffiyn ishtirokchilari» hamda ikki hakam Abu Muso Ash’ariy va Amr ibn Os roziyallohu anhumning chiqargan hukmlari sababli yuz bergan. «Siffiyn» jangida Hazrati Ali roziyallohu anhuning tarafdorlari o‘rtasida norozilik paydo bo‘lib, ikki guruhga bo‘lindi. Birinchi guruh Hazrati Ali roziyallohu anhu tarafdori bo‘lib, ikkinchi guruh esa «xorijiy» (ajralib chiqqanlar) nomini olgan.
Islom olimlari xorijiylar eng birinchi ixtilofni keltirib chiqarganini ta’kidlashgan. Bu ixtilof katta bo‘linishlarga olib kelgan.
Xorijiylar dastlab Hazrati Ali roziyallohu anhuning tarafdorlari edilar. Siffin jangidan so‘ng Hazrati Alini Muoviya roziyallohu anhu bilan kelishuvga rozi bo‘lganlikda ayblab, o‘z tarafdorlaridan iborat qo‘shin bilan ajralib chiqishgan. Ular aqidada jiddiy adashish va xatti-harakatlarida ko‘p qabihliklarga yo‘l qo‘yishgan.
Shahristoniy yozishicha, xorijiylar o‘z maqsadlariga erishishda quroldan foydalanib, o‘zlariga xayrxoh bo‘lmaganlarni oila a’zolari bilan o‘ldirib, ko‘p musulmonlar hayotiga zomin bo‘lganlar.
Xorijiylar o‘zlaricha amalni iymonning uchinchi tarkibi hisoblab, kishi kalima keltirsa, biroq ibodatlarni tark etsa yoki katta gunoh ishlarga qo‘l ursa iymondan ajraydi, deyishgan. Ularning iddaosicha: «katta gunoh qilganlar dindan qaytgan iymonsizdir». Ular bunday insonlarning oila a’zolari, hatto go‘daklariga ham shafqat qilmaslikni ta’kidlashgan.
Ali ibn Muhammad Faxriy kitobida xorijiylar o‘z g‘oyalariga erishishda ko‘plab qabih ishlarni qilganlariga guvohlik bergan. Shuningdek, buzg‘unchi firqa yetakchilaridan biri Najda ibn Omir Azraqiyga maktub yozilgan. Ushbu maktubga javoban, adashgan firqa yetakchisi o‘z g‘oyasi va xatti-harakatlarini oqlash maqsadida hatto Qur’oni karim oyatlarini buzib talqin qilishga ham uringan.
Adashgan firqa rahbari Nofe’ ibn Azraq misoli orqali barcha firqa yo‘lboshchilari firqa g‘oyasi va faoliyatini quvvatlantirish maqsadida Islom manbalaridan o‘zboshimchalik bilan iqtiboslar olib, yetarli ilm va tajribaga ega bo‘lmagan izdoshlarini mutaassibona tarbiyalash va xatti-harakat sodir etishda foydalangani shubhasizdir.
Bu firqa o‘zining shafqatsizligi bilan boshqalardan farq qiladi. Ularning e’tiqodida, muxoliflariga qarashli bo‘lgan yosh go‘daklar, keksalar, nogironlar, ko‘zi ojizlar, kasallar va zimmiylarni o‘ldirish muboh sanaladi. Hatto ular birovlarning omonatlarini ham halol deb biladilar.
Xorijiylar Islom tarixida Hazrati Ali bilan Muoviya roziyallohu anhumning har ikkoviga ham itoat etmasdan ajralib chiqqani uchun «isyonchi toifa» degan nom oldi. Xorijiylar tomonidan amalga oshirilgan bir necha yillik qo‘zg‘alonlar xalq notinchligi va talafotlariga sabab bo‘ldi.
Islom ulamolari xorijiylarning adashgan quyidagi jihatlarini alohida qayd etishgan:
- ular o‘z yo‘llariga yurmagan, katta gunoh qilganlarni iymondan chiqqan deyishadi;
- begunoh mo‘min odamning qonini to‘kishni halol sanashadi;
- sunnatga amal qilishni inkor etishadi;
- doimo gunohi kabira qilib vafot etgan kishi abadiy do‘zaxda qoladi, deyishadi;
- oxiratdagi shafoatni inkor etishadi;
- jannatda Allohni ko‘rishni inkor qilishadi;
- Qur’oni karimni maxluq deyishadi.
Xorijiylar davlat rahbariga itoat etishdan bosh tortib isyon ko‘targani uchun «bog‘iy»ga hukm qilingan. Ibn Umar roziyallohu anhu xorijiylarni odamlarning eng yomoni deb hisoblagan. Ahli sunna ulamolari: «Qaysi zamon va makonda bo‘lmasin, musulmon mamlakat rahbariga itoat qilishdan bosh tortgan kishi xorijiylar toifasidan sanaladi», deyishgan.
Zamonlar o‘tishi bilan xorijiylar nafaqat ulamolarning, balki oddiy xalqning ham qarshiligiga uchradi.
O‘tkirbek Sobirov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi bo‘lim boshlig‘i,
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi