Sayt test holatida ishlamoqda!
16 Noyabr, 2026   |   6 Jumadul soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
05:50
Quyosh
07:12
Peshin
12:13
Asr
15:22
Shom
17:06
Xufton
18:23
Bismillah
16 Noyabr, 2026, 6 Jumadul soni, 1448

Avval burchingizni ado qiling

19.09.2024   11054   2 min.
Avval burchingizni ado qiling

Biz yo‘qlik dashtida, jonimiz ruhiyat olamida edi. Otamiz va onamiz sababidan bizlar yorug‘ olamni ko‘rdik. Bu dunyoda neki martabaga erishsak, barchasida ularning haqlari bor. Hatto ular o‘zlarining farzand oldidagi burchlarini ado qilmasalar ham, bizlar ularni farzand sifatida qadrlashga majburmiz.

Hayotda otalik burchini ado qilmaydigan erkaklar, onalik mehrini fido qilmaydigan ayollar topilib turadi. Hatto seriallar ta’sirimi, oxirzamon alomatimi, har holda “o‘zim uchun yashashim kerak!” degan shiorlar ayollarda tobora ko‘payib bormoqda, buni tan olamiz. Biroq ular nodon bo‘lsa, farzand ham oqpadar bo‘lish yo‘lini ixtiyor qilurmi? Ertaga nima bo‘ladi, bu ahvolda?

Bugungi kunda barcha sohadagi asosiy kamchilik har kim birovdan o‘z huquqini talab qilib, uning haq va huquqlari haqida deyarli o‘ylab ko‘rmasligi va boshqalar o‘z vazifalarini ado qilmasligi haqida dunyo ayvonida (ijtimoiy tarmoqlarda) bong urib, o‘z vazifasini unutib qo‘yishligi bo‘lib turibdi.

Bu illat oilada ham o‘z hukmronligini o‘tkazmoqda. Ayollar-ku, ojiza, ularni tushunsa bo‘ladi. Ammo erlar ham uyalmay-netmay, zarracha or qilmay, bir xotinni yo‘lga sola olmay hokimiyatgacha borishmoqda.

O‘zim shaxsan shunday tadbirlarda qatnashganman. Yuqori tashkilotlarga borib, “xotinim bilan yarashtirib qo‘yinglar” deganlarni muhokama qilganmiz. Ularning ishlarini mahalla faollari ham, masjid xodimlari ham ijobiy hal qilishga ojiz. U taraf ham o‘z haqini talab qiladi, bu taraf ham.

Shuningdek, hukumatdan haq talab qilish ham bor. O‘zlarini jabrdiyda qilib ko‘rsatadi. Yaxshilab surishtirsangiz, o‘zlarining fuqarolik burchlarini ado qilmaydi.

Inson avvalo o‘z nafsi oldida adolatli bo‘lishi kerak. Ana undan keyin qaysidir sabablar tufayli muammolarga duch kelsa, mayli haqqini so‘rasin. Aslida hamma o‘z burchi va vazifasiga sodiq bo‘lsa, bunchalar muammolar ko‘p bo‘lmas edi. Illo bo‘lsa ham onda-sonda uchrar edi.

Muqaddas Islom dini ta’limotlarida ham jannatdagi oliy martabalarga yetishish uchun Alloh taologa ibodat qilish, bandalarning haqqiga tajovuz qilmaslik sharti bor.

Agar siz burchingizni sidqidildan ado qilsangiz, shunda baraka topasiz, inshaALLOH.

Ulug‘bek qori YO‘LDOSHЕV

Boshqa maqolalar
Maqolalar

Duosi ijobat duotalablar

16.11.2026   168   1 min.
Duosi ijobat duotalablar

Ali ibn Abu Harora rahimahulloh hikoyat qiladi: «Onam yigirma yildirki o‘rnidan tura olmasdi. Bir kuni menga:

– O‘g‘lim, Ahmad ibn Hanbalning huzuriga borib, undan men uchun Allohga duo qilishlarini so‘ra, – dedi. Men u zotning uyiga bordim va eshigini taqillatdim. Uyda edi. Eshikni ochmasdan:

– Kim u? – deb so‘radi.

– Men falon qasabadan keldim. Onam uzoq yillardan beri og‘ir bemor, o‘rnidan qo‘zg‘ala olmaydi. U meni sizdan duo so‘rashim uchun yubordi, – dedim. Shunda u kishining ajablangandek:

– O‘zimiz odamlarning duosiga muhtojmiz, – deganlarini eshitdim va noumid bo‘lib ortimga o‘girildim. Shu damda uydan bir kampir chiqib:

– Sen Abu Abdulloh (Ahmad ibn Hanbal) bilan gaplashgan yigitmisan? – dedi.

– Ha, – dedim.

– U kishi onang uchun duo qilishga kirishdi, – dedi kampir. Men shoshilib uyga yugurdim. Borib eshikni taqillatib, onamning iznini kutdim. Bir payt eshik ochildi. Qarasam, eshik oldida onam turibdi.

– Alloh menga shifo va ofiyat ato qildi, – dedi hayrat bilan».

Bu hikoya solih bandalarning duosi albatta qabul bo‘lishini va haqiqiy avliyolar o‘zlarini doimo Allohning rahmatiga muhtoj deb bilishini ko‘rsatadi. Ahmad ibn Hanbal rahmatullohi alayh duosi ijobat bo‘ladigan zotlardan edi. Ammo o‘zini hecham boshqalarning duosidan behojat deb bilmasdi.

Honiy al-Hojning “Solih va solihalar hayotidan ming bir qissa” kitobidan Ilyosxon AHMAD tarjimasi.

“Islom nuri” gazetasining 2026 yil 15-sonidan

Ibratli hikoyalar