Shu yil 18-19 sentyabr kunlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ta’lim va ilmiy-tadqiqot bo‘limi mudiri Salohiddin domla Sherxonov, bo‘lim xodimi Abdunosir Bobomirzayev va “Qur’oni Karim va tajvid”ni o‘rgatish bo‘limi mudiri o‘rinbosari Foziljon Babajanovlar Buxoro viloyatidagi diniy ta’lim muassasalari faoliyati bilan yaqindan tanishish, o‘qituvchi va talabalar bilan ochiq muloqot o‘tkazish maqsadida Mir Arab oliy va o‘rta maxsus madrasalari va “Jo‘ybori Kalon” ayol-qizlar islom ta’lim muassasasida bo‘ldi.
Tashrif davomida soha mas’ullari o‘qituvchi va talabalar bilan ochiq muloqotda yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik jarayoni, islom dinini yoshlar ongiga to‘g‘ri yetkaza olish, ijtimoiy tarmoqlardan maqsadli foydalanish, yangi islohotlarni ta’lim jarayonida birga olib borish to‘g‘risida fikr-mulohaza almashildi. Shuningdek, ta’li muassasalarida yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishildi. O‘qituvchi va xodimlarning ta’lim jarayonini yaxshilash maqsadida takliflarini inobatga olib, amaliy yordam ko‘rsatish aytib o‘tildi. Ta’lim muassasalari oldida turgan mas’uliyatli vazifalarni samarali amalga oshirish uchun kerakli ko‘rsatmalar berildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Dunyoda shunday ishlar borki, Alloh taologa suyukli bo‘ladi. Ulardan biri ko‘ngilni shod etish hisoblanadi.
Bu haqda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam bunday marhamat qilganlar: “Alloh taologa farz ibodatlardan keyin eng maqbul ish – musulmon kishining ko‘ngliga surur (xursandchilik) yetkazishdir”.
Darhaqiqat, o‘zga kishining ko‘nglini olish, uni xursand qilish xayrli amallardandir. Hazrati Alisher Navoiy:
Kimki bir ko‘ngli buzug‘ning xotirin shod aylagay,
Oncha borkim, Ka’ba vayron bo‘lsa, obod aylagay, deya bejiz aytmagan.
Musulmonning ko‘ngliga ozor berish esa, xunuk ishlardandir. Bu haqda xalqimizda: “Dilozordan Xudo bezor”, degan naql bor.
Alloh taolo barchamizni o‘zgalarga ozor berishdan saqlab, Alloh taologa suyukli bo‘lgan ishlarni qilishga muvaffaq aylasin!
Ruhiddin Akbarov,
O‘MIning
Qashqadaryo viloyat vakilligi xodimi