Sayt test holatida ishlamoqda!
24 Iyun, 2025   |   28 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:05
Quyosh
04:51
Peshin
12:31
Asr
17:41
Shom
20:03
Xufton
21:42
Bismillah
24 Iyun, 2025, 28 Zulhijja, 1446
Yangiliklar

“Imom Termiziy ilmiy merosining islom sivilizatsiyasida tutgan o‘rni” mavzusidagi xalqaro ilmiy anjuman

23.09.2024   6246   2 min.
“Imom Termiziy ilmiy merosining islom sivilizatsiyasida tutgan o‘rni” mavzusidagi xalqaro ilmiy anjuman

Axborot xati

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 15 avgustdagi PQ-292-sonli “Imom Termiziy tavalludining 1200 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi Qarorining ijrosini ta’minlash maqsadida Termiz shahrida “Imom Termiziy ilmiy merosining islom sivilizatsiyasida tutgan o‘rni” mavzusidagi xalqaro ilmiy anjumani 2024 yil 17-18 oktyabr kunlari o‘tkaziladi.

Anjumanda quyidagi mavzular muhokama qilinadi:

  • Termiz hadis maktabi;
  • Imom Termiziy hayoti va ilmiy merosi;
  • Imom Termiziyning hadis ilmi rivojida tutgan o‘rni;
  • Imom Termiziyning “Sunan” nomli asarining o‘ziga xos jihatlari;
  • Hakim Termiziyning hayoti va ilmiy merosi;
  • Hakim Termiziyning hadis ilmida tutgan o‘rni;
  • Termiziy allomalar ilmiy merosi va ularning hozirgi kundagi ahamiyati.

 

Xalqaro ilmiy anjumanda ishtirok etish hamda maqola va ma’ruza taqdim qilish tartiblari:

Maqolalar elektron shaklda taqdim qilinadi. Maqola matni MS OFFICE WORD dasturi, Times New Roman shrifti, 12 kegel kattaligi, asosiy matni 1,5 interval varaqning chap tomonidan 3 sm, o‘ngdan 1,5 sm, yuqori va pasti 2 smda bo‘lishi lozim. Matn 7000 so‘zdan (foydalinilgan adabiyotlar bilan) oshmasligi lozim. Sarlavhadan so‘ng o‘zbek, rus, ingliz tillarida qisqacha annotatsiya (200-250 so‘z) va kalit so‘zlar berilishi shart. Matnlarda havola (snoska)lardagi adabiyotlar to‘liq yozilishi va har bir sahifa ostida ko‘rsatilishi kerak. 

Sahifaning birinchi qatorda: ma’ruzachining ismi sharfi; ikkinchi qatorda: tashkilot, lavozim, ilmiy daraja va unvoni, shahar va mamlakat nomi; uchinchi qatorda: muloqot telefonlari, joy kodi bilan elektron manzil ko‘rsatiladi. So‘ngra 1 interval qoldirilib, maqolaning nomi bosh harflar bilan yoziladi. 

Maqolaning to‘liq matnlarini yuborish muddati: 05.10.2024

Anjuman joyi va sanasi Termiz shahri 2024 yil 17-18 oktyabr kunlari.

Maqolalarni ushbu elektron manzilga jo‘natilishi so‘raladi:

termiziycenteruz@gmail.com  telegram: @imomtermiziy2024 Tel:+88888888

Manzil: 190108, Termiz shahri, Shimoliy darvoza 3-uy, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi.

MAQOLA
Boshqa maqolalar

Alloh sizning xatolaringizni kechishini istasangiz

23.06.2025   1587   3 min.
Alloh sizning xatolaringizni kechishini istasangiz

Afv – o‘ch olishga qodir bo‘la turib, toyilish va xatolardan o‘tib kechirib yuborish demakdir. Buning yana bir ma’nosi adovat va nafrat kabi illatlarni qalbdan ketkazish bo‘lib, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bu borada: “Qiyomat kunida jarchi nido qilib: “Allohning zimmasida savobi borlar tursin va jannatga kirsin”, deyiladi, dedilar. Sahobalar: “Allohning zimmasida ajri borlar kimlar?” – deb so‘rashdi. Nabiy alayhissalom: “Odamlarni afv qilib yuboruvchilar” [1], deb javob berdilar.

Agarda siz ham Allohning zimmasida ajri borlar qatorida bo‘lishni istasangiz sizga yomonlik qilgan, sizning haqqingiz borasida xato qilgan kishining xato va kamchiliklarini kechirib yuboring. Axir Alloh taolo: «...Bas, kimki afv etib (o‘rtani) tuzatsa, bas, uning mukofoti Allohning zimmasidadir. Albatta, U zolim (tajovuzkor)larni sevmas»[2], deydi.

Sizga nisbatan xato qilgan kishilarga yumshoq munosabatda va sabrli bo‘lish, sizni ulushingizdan mahrum qilganlarga ham ziqnalik qilmaslik, siz bilan aloqani uzmoqchi bo‘lganlar bilan ham aloqani ushlab qolish, uzilganlarini tezlik bilan qayta yo‘lga qo‘yish – bularning bari qandayin axloq ekanini ko‘ringki, ular o‘z sohibini qiyomat kunida yuksak martaba va maqomlarga erishtiradi.

Rivoyatlarda kelishicha, bir a’robiyni tuhmat qilgani sababli sultonning huzuriga keltirishibdi. U yo‘l-yo‘lakay «Mana mening kitobimni o‘qinglar» degan oyati karimani tilovat qilib boribdi. Atrofdagilardan biri unga qarata: “Bu qiyomat kuni aytiladi, bugun emas”, debdi. A’robiy javob berib: “Xudo haqqi, bu kun qiyomat kunidan-da yomonroq. Chunki qiyomat kunida mening yomonliklarim bilan birga yaxshiliklarim ham ko‘rsatiladi va hisobga olinadi. Bugun mening yomonliklarimni e’tiborga olyapsizlar-u, yaxshiliklarimni inobatga olarmi­dingiz?!” – debdi.

Siz otasiz! Farzandingiz bir marotaba xatoga yo‘l qo‘ydimi, bunday vaziyatda uning barcha yaxshiliklarini unutib yubormang.

Mabodo do‘stingiz sizga nisbatan bir gal xato ish qilib qo‘ysa, siz u bilan birga yelkama-yelka turib o‘tkazgan yaxshi kunlaringiz va uning chiroyli do‘stligi va sadoqatini esdan chiqarmang.

Muhammad ibn Abu Bakr rahmatullohi alayh bunday dey­dilar: “Ey inson! Sen va Robbing o‘rtasida O‘zidan bosh­qasi bilmaydigan xato va kamchiliklaring bor. Alloh ularni kechirib yuborishini xohlaysan. Agar rostdan ham shu gunohlaring afv etilishi ishtiyoqida bo‘lsang, u holda U Zotning bandalaridan o‘tgan xatolarni kechir va afv et. Alloh sening xatolaringdan kechishini istasang, sen ham bandalarining xatolarini o‘tib yubor”.

 

Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.

 


[1]  Imom Tabaroniy hasan sanad bilan rivoyat qilgan.
[2]  Shuro surasi, 40-oyat.