“Yangi O‘zbekiston fidoyisi bo‘lib, ma’naviyat targ‘ibotchisiga aylanamiz” shiori ostida hojilarimiz Ona Vatanimiz ravnaqiga hissa qo‘shish, mahallalardagi adashganlarni to‘g‘ri yo‘lga boshlash, jamiyatda mehr-oqibatni qaror toptirish, oilalarda totuvlikni mustahkamlash, jaholatga qarshi marifat bilan kurashish, ajrim yoqasidagi oilalarni yarashtirish, nogironligi bo‘lgan va bemorlar holidan xabar olish kabi savob amallarga o‘zlarining hissalarini qo‘shmoqda.
Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti qozisi Bahramaddin domla Razov yordamga muhtoj oilalar holidan xabar olish, ularga amaliy va moddiy yordamlar berish maqsadida Taxiatosh tumaniga tashrif buyurdi. Unda tuman bosh imomi Rafatdin Omirzaqov bilan birga tumandagi masjidlardagi sharoitlar, obodonlashtirish ishlari bilan yaqindan tanishdi. Masjid qavmi va nuroniylar bilan yurtimizdagi islohotlar va sohaga oid masalalar atrofida suhbatlashdi.
Qozi domla Taxiatosh tumanidagi hojilar va imom-xatiblar bilan birgalikda tumandagi “Saray ko‘l” mahallasida istiqomat qiluvchi 1-guruh nogironi G.Bayramov va 2-guruh nogironi R.Qurbonovlar holidan xabar oldi, yaqin qarindoshlari bilan suhbatlashdi. Oziq-ovqat mahsulotlari tarqatilib, ularning haqqiga xayrli duolar qilindi.
Tashrif so‘ngida tuman bosh imomiga sohaga oid topshiriq va ko‘rsatmalar berildi.
B.Abbazov,
Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti xodimi
O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbariyatining aholi bilan samimiy muloqoti ko‘plab muammolarni hal etishda muhim omil bo‘lmoqda. Ayniqsa, fuqarolar qabuli davomida har bir murojaat e’tiborga olinib, o‘z yechimini topayotgani quvonarli hol.
Bugun, 13 avgust kuni Diniy idora raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov fuqarolarni qabul qilib, murojaat, arz va takliflarini eshitdi. Qabul chog‘ida ular tomonidan ko‘tarilgan diniy ta’lim, haj-umra, masjidlar holati, oilaviy muammo va moddiy yordam olish singari masalalar ko‘rib chiqildi.
Jumladan, oilaviy munosabatlarda kelganlarga muammolar yechimi bo‘yicha maslahatlar, shar’iy masalalar yechimi yuzasidan tavsiyalar va moddiy yordam so‘raganlarga belgilangan tartibda ko‘mak berildi.
Bu kabi qabul jarayonlari O‘zbekiston musulmonlari idorasining hududlardagi vakilliklari va barcha jome masjidlarida ham haftaning har chorshanba kuni imom-domlalar tomonidan amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati