Ovqatlanish odoblarini har bir musulmon kishi farzandiga kichikligidan o‘rgatishi shart. Alloh taolo bizni halol luqma va ichimliklar bilan rizqlantirgan. Bu ne’matlarning shukrini ado qilishimiz zarur. Bu odoblarga rioya qilish salomatligimiz garovidir.
1. Anas ibn Molik roziyallohu anhu rivoyat qiladi: «Men Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning “Kim Alloh uyining barakasini ko‘paytirishini xohlasa, taom hozir bo‘lganida va yig‘ishtirilganida (qo‘lini) yuvsin”, deganlarini eshitganman» (Imom Ibn Moja va Imom Bayhaqiy rivoyati).
Bu odatning foydali tomonlari ko‘p. Masalan, taomlanishga qadar qo‘l bilan turli narsa-buyumlarni ushlash va xatti-harakat natijasida qo‘lga turli chang-g‘uborlar o‘rnashgan bo‘lishi mumkin.
2. Taomni ayblamaslik. Imom Buxoriy va Imom Muslim Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qiladi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam taomni ayblamas edilar. Agar ishtahalari tortsa, yer edilar, ko‘ngillari tusamasa, tark qilar edilar”.
Onamiz yoki ayolimiz tayyorlagan taomdan ayb izlamasligimiz kerak. Bu ham muhim sunnatdir.
3. O‘ng qo‘l bilan va o‘ziga yaqin joydan yeyish. Imom Muslim Umar ibn Abu Salama roziyallohu anhudan rivoyat qiladi. «Yosh bola edim va Rasululloh sollallohu alayhi va sallam pinjlarida o‘tirgan edim. Qo‘lim laganda aylanardi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam menga: “Ey g‘ulom, Allohning ismini ayt va o‘ng qo‘ling bilan o‘zingga yaqin joydan yegin”, dedilar».
Bolalarda chap qo‘lda taom yeyish holatlari kuzatiladi. Buni ota-onalar bolalari o‘ng qo‘lda tanovul qilishni o‘rgatishlari kerak.
4. Yoshi ulug‘lardan keyin taomga qo‘l uzatish. Imom Muslim “Sahih”ida Huzayfa roziyallohu anhudan rivoyat qiladi. “Biz Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bilan birga taomlanganimizda, u zot qo‘llarini taomga uzatmagunlaricha, biz qo‘limizni uzatmasdik”, dedi.
Turli to‘y-hasham va davralarda o‘tirganimizda yoshlar kattalardan avval dasturxonga qo‘l uzatganiga ko‘zimiz tushgan. Bu ham amal qilishimiz zarur bo‘lgan sunnat. Avval kattalar boshlab berishini kutishimiz kerak.
5. Ne’matni isrof qilmaslik. Imom Muslim Anas roziyallohu anhudan rivoyat qiladi: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam taom tanovul qilsalar, uchta barmoqlarini yalardilar va: “Qachon birortangizdan luqma tushsa, uni olsin va undagi nopok narsani ketkazib, uni yesin. Shaytonga tashlamasin”, dedilar». Ba’zida dasturxonimizdan yeguliklar tushgan holatlar bo‘lib turadi. Ularni isrof qilmasdan, balki tanovul qilishimiz kerak.
Dinimiz mukammal, biz muhim sanamagan amallar haqida ham to‘liq tushunchalar berilgan. Alloh taologa bizni rizqlantirib mo‘min-musulmon qilgani uchun hamd aytamiz.
Ergashboy HAMIDOV,
Bekobod shahar “Oq masjid” jomei
imom-xatibi
Shu kunlarda Ummon Sultonligining Masqat shahridagi "Hilton Muscat Al Bandar" majmuasida "Masqat harakatlar rejasi global forumi" (Muscat Plan Global Forum) bo‘lib o‘tmoqda. Joriy yilning 15-16 noyabr kunlariga mo‘ljallangan ushbu nufuzli anjumanda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov ham ishtirok etmoqda.
Mazkur xalqaro forum Birlashgan Millatlar Tashkilotining Genotsidning oldini olish va himoya qilish mas’uliyati bo‘yicha boshqarmasi (UNOSAPG), Ummon Sultonligi Vaqf va diniy ishlar hamda Tashqi ishlar vazirliklari, shuningdek, "Din va an’anaviy tinchlikparvarlar tarmog‘i" (The Network for Religious and Traditional Peacemakers) hamkorligida tashkil etilgan.
Tadbirning asosiy maqsadi kamsitish va zo‘ravonlikning oldini olish, shuningdek, o‘zaro muloqot, bag‘rikenglik va tinch-totuvlikni keng targ‘ib qilishda amaliy yondashuvlarni ishlab chiqishdan iborat.
E’tiborlisi, forumning asosiy tadbirlari Birlashgan Millatlar Tashkilotining Xalqaro bag‘rikenglik kuniga (16 noyabr) to‘g‘ri kelgan bo‘lib, bu o‘zaro hurmat va tinch-totuv yashash qadriyatlarini mustahkamlash uchun muhim platforma vazifasini o‘taydi.
Xalqaro tadbirda dunyoning turli davlatlaridan kelgan taniqli ulamolar, diniy va an’anaviy yetakchilar, hukumat vakillari, BMT va boshqa yirik xalqaro tashkilotlar mutasaddilari jam bo‘lgan. Forum dasturi doirasida muhim sessiyalar bo‘lib o‘tmoqda. Jumladan, tinchlik va xavfsizlikni ta’minlashda xalqaro hamkorlik mexanizmlari, nafratli nutqlarga qarshi kurashish hamda bag‘rikenglikni ilgari surishda diniy yetakchilar va ommaviy axborot vositalarining o‘rni kabi mavzularda yuqori darajadagi muhokamalar olib borilmoqda.
O‘zbekiston vakillarining bunday nufuzli xalqaro anjumanlardagi ishtiroki yurtimizda olib borilayotgan diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlar, dinlararo bag‘rikenglik va tinchliksevarlik tamoyillarini jahon hamjamiyatiga yetkazishda muhim ahamiyat kasb etadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati