Sayt test holatida ishlamoqda!
12 Iyul, 2025   |   17 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:19
Quyosh
05:01
Peshin
12:34
Asr
17:41
Shom
20:01
Xufton
21:34
Bismillah
12 Iyul, 2025, 17 Muharram, 1447
Maqolalar

Aqidaga oid asarlar nimasi bilan ahamiyatli

24.09.2024   6125   3 min.
Aqidaga oid asarlar nimasi bilan ahamiyatli

So‘ngi yillar davomida islomshunoslikning turli yo‘nalishlarida bir qator muhim asarlar o‘zbek tiliga tarjima qilinib nashr etildi. Bu asarlar aqida, kalom, fiqh, tafsir, adashgan oqimlarga qarshi raddiya yo‘nalishida va tarixiy mavzularga bag‘ishlangan bo‘lib, ular ilm-fan ahli, talaba va olimlar uchun bebaho manba bo‘lib xizmat qilmoqda.
 

Xususan, Imom Moturidiyning mashhur “Ta’vilot al-Qur’on” asarining bir necha juzlari, shuningdek, Mulla Ali Qoriyning “Sharh al-Fiqh al-akbar”, Abul Yusr Pazdaviyning “Usul ad-din”, Abul Muin Nasafiyning “Bahr al-kalom”, Alouddin Kosoniyning “E’tiqodi kosoniy”, Abu Muoz Toriq ibn Ivazulloh ibn Muhammad tomonidan yozilgan “Imom Termiziyning aqidaviy qarashlari”, Abu Azabaning “Ash’ariylar va moturidiylar o‘rtasidagi go‘zal chamanzor”, Imom Termiziyning “E’tiqodi ahli sunna”, Abul Muntaho Shahobuddin Ahmad ibn Muhammad Mag‘nisoviyning “Sharhi fiqhul akbar”, Abu Salama Buxoriy rahmatullohi alayhning “Jumal usul ad-din” (E’tiqodiy masalalarning umumiy kisqacha bayoni)”, Abul Barakot Nasafiyning “Umdatul aqoid”, Hakim Samarqandiyning “Kitob as-savod al-a’zam” kabi asarlar o‘zining ilmiy salmog‘i bilan alohida ajralib turadi.


Moturidiy ta’limoti asosida yozilgan asarlar islomiy e’tiqodni tushunish va uning asosiy prinsiplarini yoritishga qaratilgan. Masalan, Imom Moturidiyning “Ta’vilot al-Qur’on” asari Qur’onni tafsir qilishda alohida ahamiyatga ega bo‘lib, musulmon olimlar uchun muhim metodologik qo‘llanma hisoblanadi.


Tarixiy va madaniy merosga bag‘ishlangan asarlar ham katta e’tiborga loyiq Muallif jamoasi tomonidan nashr etilgan “Movarounnahrlik o‘n mutakallim”, “Movarounnahrlik o‘n faqih” va “Movarounnahrlik o‘n mutasavvif” asarlari tarixiy shaxslarning hayoti va merosi haqidagi bilimlarni yanada boyitishga xizmat qiladi.


Shuningdek, raddiya sohasidagi asarlar islomiy aqida va shariatga zid bo‘lgan mutaassib g‘oyalarga qarshi kurashishda muhim o‘rin tutadi. Masalan, “Mutaassiblikka qarshi mo‘tadillik” va “Islom niqobidagi mutaassib guruhlar”, “Ixtiloflar, sabablar, yechimlar”, “Aqoid va unga bog‘liq masalalar”, “Mazhablar birlik ramzi”, “Mazhabsizlik – islom shariatiga tahdid soluvchi eng xatarli bid’atdir”, “Sunniy aqidalar”, “Hizbut-tahrir” fitnasidan ogohlantirish”, “Dunyo ulamolari murojaati”, “Islom va aqidaparast oqimlar”, “Bid’atchi, adashgan va adashtiruvchi firqalarga raddiyalar kitobi”, “Diniy mutaassiblik: mohiyati, maqsadlar va oldini olish yo‘llari”, “Adashgan “nozik hilqat””, “Ishidning botil g‘oyalari va ularga raddiyalar”, “Salafiylarga ilmiy raddiya”, “E’tiqod durdonalari”, “Ilmdan boshqa najot yo‘q”, “Fatvolar to‘plami 500 savolga 500 javob”, “Fiqh va aqidaga oid ixtilofli masalalar yechimi”,  “Fitna ko‘z ilg‘amas xatar”, “Moturidiy ta’limotiga oid 101 savol-javob”, “Zamonaviy fiqhiy masalalar va fatvo berish asoslari”, “Islom aqidasi”, “Dolzarb raddiyalar” kabi kitoblar musulmon jamoatchilik orasida keng tarqalgan muammolarga javob berib, mu’tadillikni targ‘ib qiladi.


Ushbu nashrlar nafaqat ilmiy sohada, balki keng jamoatchilik orasida ham katta qiziqish uyg‘otmoqda. Ushbu asarlar zamonaviy musulmon jamiyati uchun islom aqidasi, ya’ni moturidiy ta’limotini yanada chuqurroq tushunish va ularni hayotga tatbiq etishda muhim qo‘llanma bo‘lib xizmat qiladi. 

 

O‘tkirbek Sobirov,

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Bosh mutaxassisi

 

“Sharhu aqoidi Nasafiya” asarini o‘zbek tiliga ilmiy-izohli tarjimasi hamda

uning android va multimedia dasturlarini tayyorlash bo‘yicha loyiha a’zosi

 

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Otam o‘rgatgan uch amal

11.07.2025   1086   1 min.
Otam o‘rgatgan uch amal

Otam menga o‘rgatgan uchta ishni hech qachon unutmayman. Sizlarga ham ular haqida aytib bergim keldi.

Birinchisi, otam mening qo‘limdan tutib, yozishni o‘rgatardi. Men o‘qish va yozishni otamdan o‘rgandim. Hayotim mobaynida nimaiki yaxshi narsa o‘qisam, yozsam, uning savobidan otamga ham nasiba borib turadi, inshoalloh.

Ikkinchisi, otam tirnoqlarimni olib qo‘yar, menga bu ishning ahamiyati, tirnoq ostidagi mikroblarning zarari, xususan, ovqat paytidagi ziyoni haqida gapirib berardi. Biroz kattaroq bo‘lganimda tirnog‘imni o‘zim olishimni o‘rgatdi. Har tirnoq olganimda shularni eslab, haqiga duo qilib qo‘yaman.

Uchinchisi, otam nonushta qilmay uydan chiqishimga yo‘l qo‘ymasdi. Sog‘lom bo‘lishda ertalabki nonushtaning ahamiyatini keyin bilib oldim. Har nonushta qilganimda ham otamning haqqiga duo qilaman.

Ma’ruzalarimdan birida yig‘ilganlardan: «Farzandlaringizga har kuni qo‘llaydigan uchta ajoyib odatingiz bormi?» deb so‘radim. Bir ota dedi: «Ishga ketishimdan oldin ularni o‘pib qo‘yaman, asr namozini o‘qib bo‘lgach, ularing har biri uchun duo qilaman, uyquga yotishlaridan oldin ularni bag‘rimga bosaman».

Siz ham o‘zingizdan so‘rab ko‘ring-chi, otangiz yoki onangiz siz uchun bajaradigan uchta eng yaxshi ishni eslay olasizmi? Yoki o‘zingiz bolangizga uchta yaxshi odatni o‘rgatyapsizmi?.. 

Abdulloh Muhammad Abdulmu’tiyning

"FARZAND TARBIYASIDA 700 SABOQ" kitobidan

Ibratli hikoyalar