Shu yilning 24 sentyabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida “Jaholatga qarshi – ma’rifat” mavzusidagi ma’naviy-ma’rifiy tadbirda qatnashdi.
Unda Shayxontohur tumanidagi “Shayxontohur”, “O‘rda”, “Jangoh” mahallalaridan 300 nafar aholi vakillari va yoshlar ishtirok etdi.
Uchrashuvda Zayniddin domla hozirgi kunda yoshlar tarbiyasi, farzandlarni ona Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash va yoshlarning ilm olishi muhimligini ta’kidlash barobarida o‘zgalarga ko‘r-ko‘rona taqlidning salbiy jihatlariga to‘xtalib o‘tildi.
Mazmunli ma’ruza davomida farzandlarni yot g‘oyalar ta’siridan saqlash, ularni qadriyatlarimizga mos ravishda sog‘lom e’tiqodli qilib tarbiyalashda har bir ota-onaning o‘rni muhimligi borasida fikr-mulohazalar bildirildi.
Tadbir so‘ngida aholi tomonidan ijtimoiy, aqidaviy va mazhabsizlikning salbiy oqibatlariga doir berilgan savollarga javoblar berildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Joriy yilning 19-20 avgust kunlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining «Zamonaviy diniy ta’lim: pedagogika, ilm-ma’rifat va innovatsiya» nomli I ilmiy-amaliy anjumani Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘lib o‘tadi.
Davlatimiz Rahbari tomonidan har jabhada olib borilayotgan yangilanish va islohotlarga hamohang tarzda Diniy idora tarixida ilk bor o‘tkazilayotgan ushbu tadbirda jami 700 nafar pedagog va soha mutaxassisi, jumladan, 300 nafar ishtirokchi bevosita anjuman zalida, 400 nafar ishtirokchi esa hududlardan videoselektor orqali qatnashadi.
Anjumandan ko‘zlangan maqsad sohadagi istiqbolli rejalarni muhokama qilish, diniy ta’limda pedagogik va kasbiy mahoratni oshirish, ta’lim jarayoniga zamonaviy texnologiyalarni yanada keng tatbiq etish hamda diniy ta’limni yangi bosqichga olib chiqishdir.
Dastur doirasida soha rahbarlari ishtirokida tahliliy ma’ruzalar, taniqli professorlar tomonidan mahorat darslari, ilmiy-metodik mashg‘ulotlar bo‘lib o‘tadi. Shuningdek, ishtirokchilar O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Islom sivilizatsiyasi markazi bilan yaqindan tanishib, Hazrati Imom majmuasidagi tarixiy qadamjo va obidalarni ziyorat qilishadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati