Bugun yoshlarimizni har tomonlama ilmli, keng dunyoqarashli etib tarbiyalash hamda ularda yurtimizda kechayotgan ijobiy jarayonlarga daxldorlik hissini shakllantirish dolzarb masalalardan sanaladi. Zero, buning uchun mamlakatimizda barcha imkoniyatlar mavjud.
Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan Toshkent shahrida “Islom – tinchlik va ezgulik dini” mavzuida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya hamda uning doirasida Termiz shahrida “Imom Termiziy ilmiy merosining islom sivilizatsiyasida tutgan o‘rni” mavzuidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjumanning o‘tkazilishi zamirida ham islom dini rivojiga hissa qo‘shgan buyuk allomalarimizning ma’naviy merosini keng targ‘ib etish, xalqimizga, xususan, o‘sib-ulg‘ayib kelayotgan yoshlarimizga sof islom ta’limotini yetkazish, ularni barkamol insonlar etib tarbiyalashdek yuksak maqsadlar o‘rin olgan.
Alabatta, ta’lim tizimiga berilayotgan alohida e’tibor tufayli farzandlarimiz hech kimdan kam bo‘lmay, komil insonlar bo‘lib voyaga yetmoqdalar. Shubhasiz, sportda, ilm-fanda va boshqa bir qator sohalarda O‘zbekiston yoshlari qo‘lga kiritayotgan yutuqlar dunyo ahlini lol qoldirib, havasini keltirmoqda. Zotan, bu muvaffaqiyatlar ortida Prezidentimizning yoshlarga bo‘lgan cheksiz g‘amxo‘rligi va xalqimizning ilm egallashga bo‘lgan ezgu an’anasi va eng muhimi, yurtimizda hukm surayotgan tinchlik va osoyishtalik ne’mati mujassam.
Darvoqe, tinchlik bor joyda obodlik, farovonlik, yuksalish bo‘ladi. Odamlar ezgu maqsadlarini, jumladan, farzandlarining baxtu iqbolini ko‘rib yashaydi. Shu boisdan ham islom har jihatdan buyuk va mukammal din. Tinchlik tushunchasi dinimizning bosh g‘oyasi va muhim shiorlaridan biri. Alloh taolo Qur’oni karimda bayon qiladiki: “Ey imon keltirganlar! Barchangiz yoppasiga tinchlik ishiga kirishingiz” (Baqara, 208).
Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallam esa bunday marhamat qilganlar: “Tinchlik va xotirjamlik ikki ulug‘ ne’matdirki, bundan ko‘p odamlar bebahradir” (Imom Buxoriy rivoyati).
Afsus, bugungi kunda dunyoning turli burchaklarida turli notinchliklar bo‘lib turibdi. Bu holatlar xalqimizni ham tashvishga solmoqda.
Shuning uchun dinimizning asl mohiyatini unib-o‘sib kelayotgan yosh avlodga to‘g‘ri tushuntirish, ezgu g‘oyalarni keng targ‘ib etish har qachongidan ham muhimdir. Muqaddas dinimizni niqob qilib, o‘zlarining g‘arazli maqsadlariga erishishga urinayotgan guruhlardan mudoim sergak va hushyor bo‘lmog‘imiz lozim.
Odamlar o‘rtasida fitna qo‘zg‘atish, tuhmat va ig‘vo tarqatish tinchlik va xotirjamlikni izdan chiqaradi. Bunday xatti-harakatlar dinimiz mohiyatiga mutlaqo zid. Qur’oni karimning Baqara surasi 191-oyatida shunday deyiladi: “...Fitna qotillikdan ham ashaddiyroqdir...”. Demak, kishilarning tinchligiga raxna solish og‘ir gunoh. Musulmon kishi zinhor bunday ishga qo‘l urmasligi lozim.
Ogohlik va hushyorlik shiorga aylanmog‘i kerak. Agar kishi g‘ofil va beparvo bo‘lsa, turli ko‘ngilsizliklar ro‘y berishi mumkin. Alloh taolo tafakkur qilmaydigan, o‘zining kim ekanini anglab yetmaydigan, bugunning huzur-halovati bilan yashab, ertasi haqida qayg‘urmaydigan beg‘am kimsalarni A’rof surasining 179-oyatida bunday ta’riflaydi: “Jahannam uchun jinlar va insonlarning ko‘pchiligini yaratganmiz. Ularda qalblar bor, (lekin) ular bilan “anglamaydilar”. Ularda ko‘zlar bor, (lekin) ular bilan “ko‘rmaydilar”. Ularda quloqlar bor, (lekin) ular bilan “eshitmaydilar”. Ana o‘shalar hayvonlar kabidirlar. Balki, ular (yanada) adashganroqdirlar. Aynan o‘shalar g‘ofillardir”.
Tinchlikni ulug‘ ne’mat deb e’lon qilgan dinimizda bu yo‘lda nafaqat amal bilan, balki so‘z bilan ham zarar keltirishdan qaytarilgan. Musulmon kishi jamiyat ravnaqi uchun hissa qo‘shishi, yomonliklardan tiyilmog‘i va o‘zgalarga aziyat bermasligi zarur.
Zamonimiz odamlardan voqeliklarga ochiq ko‘z, teran nazar bilan qarashni, atrofimizda yuz berayotgan ma’naviy tahdid va xatarlarni to‘g‘ri baholab, ulardan tegishli saboqlar chiqarib yashashni talab etmoqda. Buning uchun ajdodlar merosini chuqur o‘rganish, oqilona xulosalar chiqarish g‘oyat muhimdir.
Ma’murjon domla ERKAYEV,
“Ko‘kaldosh” o‘rta maxsus islom bilim yurti mudir
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Odatda odamlarda «Qiz bola birovning hasmi, erta-indin erga tegib ketib qoladi. Undan nima foyda bo‘lishi mumkin», degan salbiy fikr bo‘ladi. «O‘g‘il bola esa doimo xizmatda bo‘ladi. Uni uylab qo‘ysang, kelin ham xizmatingni qiladi. U qariganingda ham joningga oro kiradi», kabi tushunchalar bor. Bu noto‘g‘ri fikr. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qizlarga nafaqa qilishning fazli haqida o‘z hadislarida qayta-qayta bayon qilganlar. O‘zlari to‘rt nafar qizlariga qilgan muomalalari bilan barchaga namuna ko‘rsatganlar.
Ushbu hadisi sharif va rivoyatlarda ham shu ma’nolar ilgari surilgan.
عَنِ الزُّهْرِيِّ قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: «مَنْ كَانَتْ لَهُ بِنْتَانِ فَصَبَرَ عَلَى لَأْوَائِهِمَا وَنَفَقَتِهِ عَلَيْهِمَا كَانَتْ لَهُ بِنَفَقَتِهِ عَلَيْهِمَا الْجَنَّةُ».
Zuhriydan rivoyat qilinadi:
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kimning ikki qizi bo‘lsa va ularning mashaqqatlariga va nafaqasiga sabr qilsa, ularga qilgan nafaqasi uchun unga jannat bo‘ladi», dedilar.
Sharh: Qiz boqish oson narsa emas, buni hamma yaxshi biladi. Bu ishni amalga oshirish uchun sabr-matonat kerak, harakat, g‘ayrat kerak, topganini sarflash kerak. Baribir shu qiz ertami, indinmi, birovning uyiga ketishi, kelin bo‘lishi borligini o‘ylab, yurak uvushib ham turadi. Ayniqsa qizi ko‘p bo‘lsa, bu holat aniq bilinadi. Ana shularni bilib turib va sabr etib, qizlarini yaxshi tarbiya qilgan odam o‘zi uchun oxiratning katta bir martabasini kasb qilgan bo‘lar ekan.
Ayni paytda qizlarni nafaqa bilan ta’minlash ham lozim ekan. Bu ish uchun ham sabr-bardosh kerak bo‘ladi.
Ikki qizning tarbiyasidagi mashaqqatlarga, xususan, qizlarning nafaqasini ta’minlashdagi qiyinchiliklarga sabr qilish ota-ona uchun katta savob hamda jannatga kirishga sabab bo‘ladigan amallardan biri hisoblanar ekan.
«Yaxshilik va silai rahm» kitobi 1-juz