Sayt test holatida ishlamoqda!
27 Iyun, 2025   |   2 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:06
Quyosh
04:51
Peshin
12:31
Asr
17:41
Shom
20:03
Xufton
21:42
Bismillah
27 Iyun, 2025, 2 Muharram, 1447
Maqolalar

Osoyishtalik – ulug‘ ne’mat

25.09.2024   3135   4 min.
Osoyishtalik – ulug‘ ne’mat

Bugun yoshlarimizni har tomonlama ilmli, keng dunyoqarashli etib tarbiyalash hamda ularda yurtimizda kechayotgan ijobiy jarayonlarga daxldorlik hissini shakllantirish dolzarb masalalardan sanaladi. Zero, buning uchun mamlakatimizda barcha imkoniyatlar mavjud.
 

Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan Toshkent shahrida “Islom – tinchlik va ezgulik dini” mavzuida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya hamda uning doirasida Termiz shahrida “Imom Termiziy ilmiy merosining islom sivilizatsiyasida tutgan o‘rni” mavzuidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjumanning o‘tkazilishi zamirida ham islom dini rivojiga hissa qo‘shgan buyuk allomalarimizning ma’naviy merosini keng targ‘ib etish, xalqimizga, xususan, o‘sib-ulg‘ayib kelayotgan yoshlarimizga sof islom ta’limotini yetkazish, ularni barkamol insonlar etib tarbiyalashdek yuksak maqsadlar o‘rin olgan.


Alabatta, ta’lim tizimiga berilayotgan alohida e’tibor tufayli farzandlarimiz hech kimdan kam bo‘lmay, komil insonlar bo‘lib voyaga yetmoqdalar. Shubhasiz, sportda, ilm-fanda va boshqa bir qator sohalarda O‘zbekiston yoshlari qo‘lga kiritayotgan yutuqlar dunyo ahlini lol qoldirib, havasini keltirmoqda. Zotan, bu muvaffaqiyatlar ortida Prezidentimizning yoshlarga bo‘lgan cheksiz g‘amxo‘rligi va xalqimizning ilm egallashga bo‘lgan ezgu an’anasi va eng muhimi, yurtimizda hukm surayotgan tinchlik va osoyishtalik ne’mati mujassam.


Darvoqe, tinchlik bor joyda obodlik, farovonlik, yuksalish bo‘ladi. Odamlar ezgu maqsadlarini, jumladan, farzandlarining baxtu iqbolini ko‘rib yashaydi. Shu boisdan ham islom har jihatdan buyuk va mukammal din. Tinchlik tushunchasi dinimizning bosh g‘oyasi va muhim shiorlaridan biri. Alloh taolo Qur’oni karimda bayon qiladiki: “Ey imon keltirganlar! Barchangiz yoppa­siga tinchlik ishiga kirishingiz” (Baqara, 208).


Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallam esa bunday marhamat qilganlar: “Tinchlik va xotirjamlik ikki ulug‘ ne’­matdirki, bundan ko‘p odamlar bebahradir” (Imom Buxoriy rivoyati).


Afsus, bugungi kunda dunyoning turli burchaklari­da turli notinchliklar bo‘lib turibdi. Bu holatlar xalqimizni ham tashvishga solmoqda.


Shuning uchun dinimizning asl mohiyatini unib-o‘sib kelayotgan yosh av­lodga to‘g‘ri tushuntirish, ezgu g‘oyalarni keng targ‘ib etish har qachongidan ham muhimdir. Muqaddas dinimizni niqob qilib, o‘zlarining g‘arazli maqsadlariga erishishga urinayotgan guruhlardan mudoim sergak va hushyor bo‘lmog‘imiz lozim.


Odamlar o‘rtasida fitna qo‘zg‘atish, tuhmat va ig‘vo tarqatish tinchlik va xotirjamlikni izdan chiqaradi. Bunday xatti-harakatlar dinimiz mohiyatiga mutlaqo zid. Qur’oni karimning Baqara surasi 191-oyatida shunday deyiladi: “...Fitna qotillikdan ham ashaddiyroqdir...”. Demak, kishilarning tinchligiga raxna solish og‘ir gunoh. Musulmon kishi zinhor bunday ishga qo‘l urmasligi lozim.


Ogohlik va hushyorlik shiorga aylanmog‘i kerak. Agar kishi g‘ofil va beparvo bo‘lsa, turli ko‘ngilsizliklar ro‘y berishi mumkin. Alloh taolo ta­fakkur qilmaydigan, o‘zining kim ekanini anglab yetmaydigan, bugunning huzur-halovati bilan yashab, ertasi haqida qayg‘urmaydigan beg‘am kimsalarni A’rof surasining 179-oyatida bunday ta’riflaydi: “Jahannam uchun jinlar va insonlarning ko‘pchiligini yaratganmiz. Ularda qalblar bor, (lekin) ular bilan “anglamaydilar”. Ularda ko‘zlar bor, (lekin) ular bilan “ko‘rmaydilar”. Ularda quloqlar bor, (lekin) ular bilan “eshitmaydilar”. Ana o‘shalar hayvonlar kabidirlar. Balki, ular (yanada) adashganroqdirlar. Aynan o‘shalar g‘ofillardir”.


Tinchlikni ulug‘ ne’mat deb e’lon qilgan dinimizda bu yo‘lda nafaqat amal bilan, bal­ki so‘z bilan ham zarar keltirishdan qaytarilgan. Musulmon kishi jamiyat ravnaqi uchun hissa qo‘shishi, yomonliklardan tiyilmog‘i va o‘zgalarga aziyat bermasligi zarur.


Zamonimiz odamlardan voqeliklarga ochiq ko‘z, teran nazar bilan qarashni, atrofimizda yuz berayotgan ma’naviy tahdid va xatarlarni to‘g‘ri baholab, ulardan tegishli saboqlar chiqarib yashashni talab etmoqda. Buning uchun ajdodlar merosini chuqur o‘rganish, oqilona xulosalar chiqarish g‘oyat muhimdir. 

Ma’murjon domla ERKAYEV,

Ko‘kaldosho‘rta maxsus islom bilim yurti mudir

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Hijriy yangi yilingiz muborak bo‘lsin!

27.06.2025   2172   3 min.
Hijriy yangi yilingiz muborak bo‘lsin!

2025 yilning 26 iyun kuni – yangi 1447 hijriy yil – Muharram oyi boshlanishining 1 kunidir. Ashuro kuni 2025 yilning 5 iyul, shanba kuniga to‘g‘ri keladi.


Muharram oyi qanday oy?

Muharram oyi – musulmonlar taqvimining birinchi oyidir. Bu oy Alloh taolo urush, qon to‘kishni harom qilgan (Zulhijja, Zulqa’da, Muharram, Rajab) to‘rt oyning biri bo‘lib, uning o‘ninchi kuni ya’ni, ashuro kuni alohida fazilatlarga ega.


 Ashuro qanday kun?

Bu kun haqida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Bu shunday yaxshi kundirki, bu kunda Alloh Bani Isroilni dushmanlaridan qutqargan. Shu bois Muso alayhissalom bu kunda ro‘za tutgan. Men Musoga ko‘proq (yaqin bo‘lishga) haqliroqman”, dedilar va u kunda ro‘za tutib, odamlarni ham uning ro‘zasini tutishga buyurdilar” (Imom Buxoriy rivoyati).


Ashuro kuni ro‘za tutish o‘tgan bir yillik gunohlarga kafforat bo‘ladi.
Bu haqda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ashuro kunining ro‘zasi – Allohdan umid qilamanki – bir yil oldingi gunohlarga kafforat bo‘ladi”, deganlar (Imom Muslim rivoyati).


 Bu kun yaqinlarga kengchilik qilish, bir yillik kengchilikka sabab bo‘ladi.
Abu Sa’d roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim Ashuro kuni ahli ayoliga kenglik yaratsa, Alloh unga yil bo‘yi kenglik yaratadi”, dedilar (Imom Bayhaqiy rivoyati).


Sufyon ibn Uyayna rahmatullohi alayh: “Bu hadisni oltmish yil tajriba qildim va faqatgina yaxshilik ko‘rdim”, deganlar.


 Ashuro kunini Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qanday o‘tkazardilar?

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu kunni o‘tkazib yubormaslik uchun qattiq harakat qilardilar, uning savobiga erishish uchun bu kunning kelishini intiqlik bilan kutardilar. Bu haqda Ibn Abbos roziyallohu anhu aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni Ashuro kuni ro‘zasini Ramazon oyi ro‘zasini kutib sog‘ingandek, boshqa kun va oy ro‘zasini kutganlarini ko‘rmadim” (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).


Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ashuro kuni ro‘zasini tutib, odamlarni ham bu kunning ro‘zasini tutishga buyurganlarida, sahobalar: “Yo, Rasululloh! Bu kun yahudiy va nasroniylar ulug‘laydigan kun-ku!” deyishdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh xohlasa kelasi yil to‘qqizinchi kuni ham tutamiz”, dedilar. Ammo, kelasi yil kelmasidan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vafot etdilar (Imom Muslim rivoyati).


 Ulamolarimiz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ushbu niyatlariga e’tiboran, Ashuro kuniga qo‘shib bir kun oldingi yoki bir kun keyingi kunda ham ro‘za tutmoq afzal deydilar.


 Alloh taolo ushbu oyning fazilatlaridan barcha mo‘min-musulmonlarni to‘liq bahramand etsin. O‘zining roziligini topadigan amallarda bardavom qilsin.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
 Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari