Cavol: Hozirgi kunda Alixonto‘ra Sog‘uniyning “Tarixi Muhammadiy” kitobini o‘qiyapman. O‘qiyotgan vaqtimda tahoratli bo‘lishim kerakmi? Umuman Qur’ondan boshqa shunaqa dinga oid kitoblarni yoki Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning kitoblarini mutolaa qilganda tahoratli bo‘lish kerakmi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Qur’oni karim kitobi – mus'hafni tahoratsiz ushlash joiz emas. Qur’oni karim va tafsir kitoblardan boshqa barcha diniy kitoblarni tahoratsiz ushlash joiz.
Aslida ushbu masala katta ulamolar o‘rtasida ixtilofli masala bo‘lib, Imom Abu Hanifa diniy kitoblarni tahoratsiz ushlashni joiz desalar, u zotning ikki shogirdlari – Imom Abu Yusuf va Imom Muhammadlar makruh amal deyishgan. Alloma Halabiy Imom Abu Hanifa rahimahullohning so‘zlarini quyidagicha izohlaganlar: “Fiqh, hadis kabi diniy kitoblarni ushlagan kishi Qur’on oyatlarini ushlagan hisoblanmaydi, chunki kitobda keltirilgan oyatlar undagi ma’lumotlarga qo‘shilib, unga manusub bo‘lib qoladi” (“Sharhul-munya” kitobi).
Mazhabimizning keyingi davr fuqaholari ushbu masalada uch xil qarashni keltirib o‘tganlar:
1. Diniy kitoblarni tahoratsiz ushlash makruh.
Alloma Kamol Ibn Humumon fuqaholarni so‘zlarini naql qilib, shunday deydilar:
“Fuqaholar: “Tafsir, fiqh, hadis kitoblarni tahoratsiz ushlash makruh, chunki ushbu kitoblar Qur’on oyatlaridan xoli emas”, deyishgan. Bunday sabab keltirish nahv kitoblarining sharhlarini tahoratsiz ushlashni ham man qiladi” (“Fathul Qodir” kitobi).
2. Diniy kitoblardagi Qur’on oyatlari o‘rnini tahoratsiz ushlash makruh.
Yana bir toifa fuqaholar barcha diniy kitoblarni ushlash joiz, faqat oyat o‘rinlarini ushlash nojoiz, deyishgan. Masalan, “Muxtasarul Quduriy”ning shorihi Alloma Haddodiy bunday deganlar: “Tafsir kitoblarning Qur’on oyatlari o‘rnini tahoratsiz ushlash joizmas. Kitobdagi oyatlardan boshqa joylarini tahoratsiz ushlash joiz. Shuningdek, fiqh kitoblarida Qur’on oyatlari bo‘lsa, oyat o‘rnidan boshqa joylarini tahoratsiz ushlash joiz. Lekin mus'hafning hukmi unday emas. Chunki mus'hafning hammasi Qur’on oyatlariga mansub hisoblanadi” (“As-Sirojul-vahhoj” kitobi).
3. Tafsirdan boshqa barcha diniy kitoblarni tahoratsiz ushlash joiz.
Bu haqda mashhur faqih Muhammad Mulla Xisrav bunday deganlar: “Tafsir kitoblaridan boshqa diniy kitoblarni tahoratsiz holda qo‘l bilan ushlashga ruxsat etilgan” (“Durarul hukkam” kitobi).
Mazhabimizning mo‘tabar manbalarida keltirilgan ushbu uch xil qarashni sinchkovlik bilan tahlil qilgan Alloma Ibn Obidiyn tafsirdan boshqa barcha diniy kitoblarni tahoratsiz ushlash joiz ekanini mazhabimiz qoidalariga muvofiq ekani va dalil jihatdan asosli ekanini ta’kidlab, jumladan bunday xulosa qilganlar: “Bu masalada dalili kuchlisi va ehiyotrog‘i – uchunchi toifa fuqaholarning qarashidir. Ya’ni, tahoratsiz holda tafsir kitoblarini ushlash makruh, undan boshqa diniy kitoblarni ushlash joiz ekanidir. Chunki diniy kitoblar bilan boshqa diniy kitoblar o‘rtasidagi farq ochiq ma’lum. Zero, tafsirdagi Qur’on oyatlari boshqa kitoblarga nisbatan ko‘proq bo‘lib, shu jihatdan farqi katta. Qolaversa, tafsir kitoblarda Qur’on oyatlari mustaqil zikr qilingan, tobe’ shaklda emas. Shuning uchun tafsirni mus'hafga o‘xshashligi boshqa kitoblarga nisbatan ko‘proq” (“Raddul muhtor” kitobi).
Yuqoridagilardan kelib chiqib, tahoratsiz holda tafsirdan boshqa diniy kitoblarni ushlash va mutolaa qilish joiz ekani kelib chiqadi. Shunday bo‘lsada, imkoni bor kishi diniy kitoblarni tahorat bilan ushlashi – taqvoga va shariatni ulug‘lashga yaqin ekani jihatidan mustahab amal sanaladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Sulaymon ibn Surad roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Ikki kishi Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida so‘kishib qoldi. Ikkisidan birining ko‘zlari qizarib, tomirlari bo‘rtib chiqa boshladi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Men agar u aytsa, undagi bu narsa ketadigan kalimani bilaman. U “A’uzu billahi minash-shaytonir rojiym”dir», dedilar. Bas, u: «Menda jinnilik bor deb o‘ylaysanmi?» dedi» (To‘rtovlari rivoyat qilishgan).
G‘azabi chiqishining oldini olish niyatida bo‘lgan odam «A’uzu billahi minash-shaytonir rojiym»ni aytib yurmog‘i lozim. Abu Zarr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bizga: “Sizlardan kimda-kim g‘azablansa, tik turgan bo‘lsa, o‘tirib olsin, g‘azabi ketsa ketdi, bo‘lmasa yonboshlasin”, dedilar (Abu Dovud va Ahmad rivoyati).
Albatta, bu ishlarning g‘azabni so‘ndirishi tajribada ham sobit bo‘lgan.
Imom Abu Dovud Abu Voil Ossdan quyidagi rivoyatni keltiradi: «Urva ibn Muhammad Sa’diyning oldiga kirgan edik. Bir odam gapirib, uning g‘azabini qo‘zg‘adi. Shunda u o‘rnidan turib, tahorat qildi. So‘ngra: “Otam menga bobom Atiyya roziyallohu anhudan ushbu rivoyatni aytib bergan edi”, deb quyidagilarni aytdi: Atiyya Sa’diy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “G‘azab shaytondandir. Shayton esa olovdan yaratilgandir. Olov suv bilan o‘chiriladi. Kimning g‘azabi kelsa, tahorat qilib olsin”, dedilar (Abu Dovud rivoyati).
Albatta, mazkur va shunga o‘xshash choralar g‘azabni qaytarish uchun qo‘llaniladigan yordamchi choralardir. G‘azabning asosiy chorasi esa Allohga bo‘lgan iymon, qiyomatdan umidvorlikdir. G‘azabi chiqqan odam darhol Alloh taoloni eslashi, U Zot har bir narsani ko‘rib-bilib turganini va hamma narsani hisob-kitob qilishi shubhasizligini yodga olishi zarur.
Shuningdek, g‘azabni ishga solib yomonlik qilsa, qanday jazo olishini, g‘azabini yutib ortga qaytsa, qanday savoblar olishini o‘ylashi lozim.
“Ruhiy tarbiya” kitobi asosida tayyorlandi