Sayt test holatida ishlamoqda!
08 Iyul, 2025   |   13 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:15
Quyosh
04:58
Peshin
12:33
Asr
17:41
Shom
20:02
Xufton
21:37
Bismillah
08 Iyul, 2025, 13 Muharram, 1447
Maqolalar

Yurtimizda “Islom – tinchlik va ezgulik dini” mavzusida xalqaro anjuman o‘tkaziladi

25.09.2024   4869   5 min.
Yurtimizda “Islom – tinchlik va ezgulik dini” mavzusida xalqaro anjuman o‘tkaziladi

Shunday so‘zlar borki, qancha ko‘p aytilsa ham, qayta-qayta takrorlanaversa ham aslo ohori ketmaydi. Ana shunday so‘zlardan biri “tinchlik”dir. Bugungi murakkab davrda, axborot xurujlari kuchaygan, internet saytlari va ijtimoiy tarmoqlar, ta’biri joiz esa, “darvozasiz shahar”ga aylangan bir paytda mazkur so‘z yanada yoqimliroq, yanada jozbaliroq eshitilaveradi quloqqa.
 

Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Millatlar Tashkilotining yuksak minbaridan turib bejiz bot-bot tinchlik haqida gapirmaydilar. Xususan, davlatimiz rahbari 2023 yil 19 sentyabr kuni BMTning 78-sessiyasida: «Diyorimiz jahon ilm-fani rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan, islomni ilm-ma’rifat va tinchlik dini sifatida namoyon etgan al-Xorazmiy, Beruniy, Ibn Sino, Imom Buxoriy, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy singari ulug‘ alloma va mutafakkirlar vatani ekani bilan haqli ravishda faxrlanamiz», deya ta’kidladilar va shunday buyuk olimlarning boy merosini o‘rganish, islomning asl insonparvarlik mohiyatini chuqur ochib berish maqsadida 2024 yil O‘zbekistonda “Islom – tinchlik va ezgulik dini” mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkazish tashabbusi ilgari surdilar.


Ana shu ezgu tashabbus O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining shu yil 19 avgustdagi «Imom Termiziy tavalludining 1200 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida»gi qarorida ham o‘z ifodasini topgan bo‘lib, unga ko‘ra, 2024 yil oktyabr oyida “Islom – tinchlik va ezgulik dini” mavzusida yurtimizda xalqaro ilmiy-amaliy anjuman o‘tkaziladi. Ayni kunlarda mazkur anjumanni yuqori saviyada o‘tkazish bo‘yicha katta tayyorgarlik ko‘rilyapti.


Haqiqatan, bugungi kunda tinchlik-osoyishtalikni ta’minlash, millatlararo hamjihatlik va diniy bag‘rikenglikni yanada mustahkamlash har qachongidan ham dolzarb vazifadir. Zero, tinchlik va xotirjamlik – Alloh taoloning buyuk ne’mati. Barcha ezgu ishlar ro‘yobga chiqishi aynan tinchlik va osoyishtalikka bevosita bog‘liq.


Qur’oni karimning yuzdan ortiq oyatlarida tinchlik, ezgulik va bag‘rikenglikka chaqirilgan. Alloh taolo bunday marhamat qiladi:


﴿ يَهْدِي بِهِ اللَّهُ مَنِ اتَّبَعَ رِضْوَانَهُ سُبُلَ السَّلَامِ وَيُخْرِجُهُمْ مِنَ الظُّلُمَاتِ إِلَى النُّورِ

 بِإِذْنِهِ وَيَهْدِيهِمْ إِلَى صِرَاطٍ مُسْتَقِيمٍ 


«Alloh rizosini topishga intilganlarni Qur’on bilan tinchlik va salomatlik yo‘llariga yo‘llab, O‘z izni bilan ularni zulmatlardan nurga chiqarur va to‘g‘ri yo‘lga hidoyat qilur» (Moida surasi, 16-oyat).


Boshqa bir oyati karimada esa:

 ﴿ وَاللَّهُ يَدْعُو إِلَى دَارِ السَّلَامِ وَيَهْدِي مَنْ يَشَاءُ إِلَى صِرَاطٍ مُسْتَقِيمٍ ﴾


«Alloh (odamlarni) tinchlik diyori (jannat)ga chorlaydi va xohlagan kishini to‘g‘ri yo‘lga hidoyat etadi» (Yunus surasi, 25-oyat), deb marhamat qilingan.


“Tinchlik diyori”ning arabchasi oyatda “Dorus salom” deyilgan. U turlicha tafsir qilingan. Masalan, “as-Salom” Allohning nomlaridan biri, “dor” jannat. Demak, uning ma’nosi, “Allohning jannati” bo‘ladi. “as-Salom” salomatlik, tinchlik ma’nolarini ham bildiradi. Hadisi sharifda: “Ko‘zim uyquda, qalbim uyg‘oq paytida qulog‘imga ovoz keldi. U bir xoja hovli qurdi, dasturxon yozdi va ziyofatga taklif etish uchun jarchi yubordi. Taklifni qabul etgan kishi kelib, dasturxon uzra mehmon bo‘ladi. Xoja bu – Alloh, hovli – Islom, dasturxon – jannat, jarchi – Muhammad”, – deyilgan (Abu Lays Samarqandiy, “Bahrul ulum”).


Har namozda “Assalamu ’alayna va ’ala ibadillahis-solihiyn”, ya’ni “Bizga va solih bandalarga Allohning salomi bo‘lsin!” deb takror-takror aytishimiz bizga vojib qilindi. Har gal tashahhudni o‘qiganimizda o‘zimizga va solih bandalarga salom va tichlik so‘raymiz. Shuningdek, namoz (farz namoz)ni tugatiboq, hadisi sharifga muvofiq, uch marta istig‘for aytgach, yana: “Allohumma antas salam va minkas salam...”, ya’ni: “Ey Allohim! Sen Salomsan va salom (tinchlik) ham Sendandir...” deya duo qilamiz.


Tinchlik Islom shiorlaridandir. Darvoqe, Makkai mukarramadagi Masjidul Haromning eshiklaridan hamda jannat darvozalaridan biri nomi ham aynan “Salom”dir. Shunday ekan, urush, harb, muhoraba, jangu jadal, ur-yiqit, to‘s-to‘polon... – bularning hech biri “tinchlik” bilan o‘zakdosh Islom ila yonma-yon ishlatilishi mutlaqo mumkin emas. 


Rasululloh sollallohu alayhi va sallam tinchlik tarafdori bo‘lganlar. Urushni juda yomon ko‘rganlar. Hatto “Harb”, ya’ni urush deb bolalarga qo‘yilgan ismlarni o‘zgartirganlar. Bunga Ali roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadis dalildir. U kishi aytadi: «“Hasan tug‘ilganida unga “Harb” deb ism qo‘ydim. Rasululloh sollallohu alayhi va salam kelib: “Menga o‘g‘limni ko‘rsatinglar. Unga qanday ism qo‘ydinglar?” dedilar. Men: “Harb” deb ism qo‘ydim”, dedim. U zot: (Yo‘q, unday bo‘lmaydi) balki u Hasandir”, dedilar...» (Imom Ahmad rivoyati).


Boshqa narsalarni-ku qo‘ya turaylik, birgina urushni ifodalaydigan ismga shuncha e’tibor qaratilgan ekan, demak, Islom har doim tinchlik tarafdori bo‘lib kelgan. Dinimizning ana shu go‘zal jihatlarini har doim, ayniqsa, shu yilning 15–16 oktyabr kunlari Toshkent va Xiva shaharlarida o‘tkaziladigan “Islom – tinchlik va ezgulik dini” xalqaro anjumanda butun dunyoga namoyon etishimiz kerak. 


Zayniddin domla ESHONQULOV,

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari

MAQOLA
Boshqa maqolalar

Olti haqning biri

07.07.2025   2238   2 min.
Olti haqning biri

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam bunday deganlar: “Musulmonning (boshqa) musulmon zimmasidagi haqqi oltitadir: “Unga ro‘baro‘ kelsang, salom ber, sen (biror narsaga) taklif etsa, uni qabul qil, sendan nasihat so‘rasa, unga nasihat qil, agar aksirib, Allohga hamd aytsa, unga tashmit ayt, betob bo‘lsa, uni ziyorat qil, vafot etsa, (janozasiga) ergash (ya’ni qatnash)” dedilar” ( Imom Muslim rivoyati). Bu olti haqning biri nasihat berishdir. Agar musulmon boshqa musulmondan nasihat so‘rab kelsa, unga xolis nasihat berishi lozim. Zero, nasihat qilish har bir mo‘min-musulmonning boshqa mo‘min-musulmondagi haqlaridan biridir.

 

Nasihat qilishning quyidagi odoblari bor: 

 

  1. Nasihat so‘rab kelgan kishini ochiq yuz bilan qarshi olish.
  2. Nasihat so‘rab kelgan kishidan hol-ahvol so‘rash.
  3. Nasihat so‘rab kelgan kishining fikrini oxirigacha tinglash.
  4. Nasihat berishni yaxshi niyat bilan boshlash.
  5. Nasihat so‘rab kelgan kishining ko‘ngliga tegmasdan unga chiroyli nasihat qilish.
  6. Nasihat o‘zida dunyo va oxirat manfaatlarini qamrab olishi.
  7. Nasihatda  ishonarli naqliy va aqliy dalillar keltirish.
  8. Kishining xato va kamchiliklari bo‘lsa, yotig‘i bilan tushuntirish;
  9. Nasihatda kishining ijobiy tomonlarini ko‘rsatib o‘tish.
  10. Nasihatning o‘rni va vaqtini topa bilish.
  11. Ko‘pchilik orasida nasihat qilishdan tiyilish.
  12. “Xudo xohlasa, hammasi yaxshi bo‘ladi”, deb yaxshi umid berish.

 

Xulosa qilib aytamizki, har tomonlama yaxshi niyatda, ta’sirchan uslubda, samimiyat bilan qilingan nasihat katta ajr-savoblarga sabab bo‘ladi. U insonlar o‘rtasida yomonlikni mavh qilib, yaxshilikni bardavom bo‘lishi uchun xizmat qiladi. 

 

Ruhiddin Akbarov,

O‘zbekiston musulmonlar idorasining

Qashqadaryo viloyati vakilligi xodimi