Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Millatlar Tashkilotining yuksak minbaridan turib bejiz bot-bot tinchlik haqida gapirmaydilar. Xususan, davlatimiz rahbari 2023 yil 19 sentyabr kuni BMTning 78-sessiyasida: «Diyorimiz jahon ilm-fani rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan, islomni ilm-ma’rifat va tinchlik dini sifatida namoyon etgan al-Xorazmiy, Beruniy, Ibn Sino, Imom Buxoriy, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy singari ulug‘ alloma va mutafakkirlar vatani ekani bilan haqli ravishda faxrlanamiz», deya ta’kidladilar va shunday buyuk olimlarning boy merosini o‘rganish, islomning asl insonparvarlik mohiyatini chuqur ochib berish maqsadida 2024 yil O‘zbekistonda “Islom – tinchlik va ezgulik dini” mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkazish tashabbusi ilgari surdilar.
Ana shu ezgu tashabbus O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining shu yil 19 avgustdagi «Imom Termiziy tavalludining 1200 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida»gi qarorida ham o‘z ifodasini topgan bo‘lib, unga ko‘ra, 2024 yil oktyabr oyida “Islom – tinchlik va ezgulik dini” mavzusida yurtimizda xalqaro ilmiy-amaliy anjuman o‘tkaziladi. Ayni kunlarda mazkur anjumanni yuqori saviyada o‘tkazish bo‘yicha katta tayyorgarlik ko‘rilyapti.
Haqiqatan, bugungi kunda tinchlik-osoyishtalikni ta’minlash, millatlararo hamjihatlik va diniy bag‘rikenglikni yanada mustahkamlash har qachongidan ham dolzarb vazifadir. Zero, tinchlik va xotirjamlik – Alloh taoloning buyuk ne’mati. Barcha ezgu ishlar ro‘yobga chiqishi aynan tinchlik va osoyishtalikka bevosita bog‘liq.
Qur’oni karimning yuzdan ortiq oyatlarida tinchlik, ezgulik va bag‘rikenglikka chaqirilgan. Alloh taolo bunday marhamat qiladi:
﴿ يَهْدِي بِهِ اللَّهُ مَنِ اتَّبَعَ رِضْوَانَهُ سُبُلَ السَّلَامِ وَيُخْرِجُهُمْ مِنَ الظُّلُمَاتِ إِلَى النُّورِ
بِإِذْنِهِ وَيَهْدِيهِمْ إِلَى صِرَاطٍ مُسْتَقِيمٍ ﴾
«Alloh rizosini topishga intilganlarni Qur’on bilan tinchlik va salomatlik yo‘llariga yo‘llab, O‘z izni bilan ularni zulmatlardan nurga chiqarur va to‘g‘ri yo‘lga hidoyat qilur» (Moida surasi, 16-oyat).
Boshqa bir oyati karimada esa:
﴿ وَاللَّهُ يَدْعُو إِلَى دَارِ السَّلَامِ وَيَهْدِي مَنْ يَشَاءُ إِلَى صِرَاطٍ مُسْتَقِيمٍ ﴾
«Alloh (odamlarni) tinchlik diyori (jannat)ga chorlaydi va xohlagan kishini to‘g‘ri yo‘lga hidoyat etadi» (Yunus surasi, 25-oyat), deb marhamat qilingan.
“Tinchlik diyori”ning arabchasi oyatda “Dorus salom” deyilgan. U turlicha tafsir qilingan. Masalan, “as-Salom” Allohning nomlaridan biri, “dor” jannat. Demak, uning ma’nosi, “Allohning jannati” bo‘ladi. “as-Salom” salomatlik, tinchlik ma’nolarini ham bildiradi. Hadisi sharifda: “Ko‘zim uyquda, qalbim uyg‘oq paytida qulog‘imga ovoz keldi. U bir xoja hovli qurdi, dasturxon yozdi va ziyofatga taklif etish uchun jarchi yubordi. Taklifni qabul etgan kishi kelib, dasturxon uzra mehmon bo‘ladi. Xoja bu – Alloh, hovli – Islom, dasturxon – jannat, jarchi – Muhammad”, – deyilgan (Abu Lays Samarqandiy, “Bahrul ulum”).
Har namozda “Assalamu ’alayna va ’ala ibadillahis-solihiyn”, ya’ni “Bizga va solih bandalarga Allohning salomi bo‘lsin!” deb takror-takror aytishimiz bizga vojib qilindi. Har gal tashahhudni o‘qiganimizda o‘zimizga va solih bandalarga salom va tichlik so‘raymiz. Shuningdek, namoz (farz namoz)ni tugatiboq, hadisi sharifga muvofiq, uch marta istig‘for aytgach, yana: “Allohumma antas salam va minkas salam...”, ya’ni: “Ey Allohim! Sen Salomsan va salom (tinchlik) ham Sendandir...” deya duo qilamiz.
Tinchlik Islom shiorlaridandir. Darvoqe, Makkai mukarramadagi Masjidul Haromning eshiklaridan hamda jannat darvozalaridan biri nomi ham aynan “Salom”dir. Shunday ekan, urush, harb, muhoraba, jangu jadal, ur-yiqit, to‘s-to‘polon... – bularning hech biri “tinchlik” bilan o‘zakdosh Islom ila yonma-yon ishlatilishi mutlaqo mumkin emas.
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam tinchlik tarafdori bo‘lganlar. Urushni juda yomon ko‘rganlar. Hatto “Harb”, ya’ni urush deb bolalarga qo‘yilgan ismlarni o‘zgartirganlar. Bunga Ali roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadis dalildir. U kishi aytadi: «“Hasan tug‘ilganida unga “Harb” deb ism qo‘ydim. Rasululloh sollallohu alayhi va salam kelib: “Menga o‘g‘limni ko‘rsatinglar. Unga qanday ism qo‘ydinglar?” dedilar. Men: “Harb” deb ism qo‘ydim”, dedim. U zot: “(Yo‘q, unday bo‘lmaydi) balki u Hasandir”, dedilar...» (Imom Ahmad rivoyati).
Boshqa narsalarni-ku qo‘ya turaylik, birgina urushni ifodalaydigan ismga shuncha e’tibor qaratilgan ekan, demak, Islom har doim tinchlik tarafdori bo‘lib kelgan. Dinimizning ana shu go‘zal jihatlarini har doim, ayniqsa, shu yilning 15–16 oktyabr kunlari Toshkent va Xiva shaharlarida o‘tkaziladigan “Islom – tinchlik va ezgulik dini” xalqaro anjumanda butun dunyoga namoyon etishimiz kerak.
Zayniddin domla ESHONQULOV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
عَنْ أَبِي مُوسَى t قَالَ: صَلَّيْنَا الْمَغْرِبَ مَعَ رَسُولِ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ ، ثُمَّ قُلْنَا نَجْلِسُ حَتَّى نُصَلِّيَ الْعِشَاءَ، فَخَرَجَ عَلَيْنَا رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ فَقَالَ: مَا زِلْتُمْ هَاهُنَا، قُلْنَا: نَعَمْ يَا رَسُولَ اللهِ، قُلْنَا نَجْلِسُ حَتَّى نُصَلِّيَ الْعِشَاءَ، قَالَ: أَحْسَنْتُمْ أَوْ أَصَبْتُمْ، ثُمَّ رَفَعَ رَأْسَهُ إِلَى السَّمَاءِ وَكَانَ كَثِيرًا مَا يَفْعَلُهُ فَقَالَ: النُّجُومُ أَمَنَةٌ لِلسَّمَاءِ فَإِذَا ذَهَبَتِ النُّجُومُ أُتِيَ السَّمَاءَ مَا تُوعَدُ، وَأَنَا أَمَنَةٌ لِأَصْحَابِي فَإِذَا ذَهَبْتُ أُتِيَ أَصْحَابِي مَا يُوعَدُونَ، وَأَصْحَابِي أَمَنَةٌ لِأُمَّتِي فَإِذَا ذَهَبَتْ أَصْحَابِي أُتِيَ أُمَّتِي مَا يُوعَدُونَ. رَوَاهُ مُسْلِمٌ.
Abu Muso roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan Shom namozini o‘qidik. So‘ngra «Xuftonni o‘qigunimizcha o‘tirib turaylik», dedik. Bas, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam oldimizga chiqdilar va:
«Hali ham shu yerdamisizlar?» dedilar.
«Ha, yo Allohning Rasuli. Xuftonni o‘qigunimizcha o‘tirib turaylik, dedik», deb javob berdik.
«Yaxshi qilibsizlar» yoki «To‘g‘ri qilibsizlar», dedilar u zot. So‘ngra boshlarini osmonga ko‘tardilar. Ko‘pincha shunday qilar edilar. Keyin u zot:
«Yulduzlar osmon uchun omonlikdir. Qachon yulduzlar ketsa, osmonga unga tahdid qilingan narsa keladi. Men sahobalarim uchun omonlikdirman. Qachon men ketsam, sahobalarimga ularga tahdid qilingan narsa keladi. Sahobalarim ummatim uchun omonlikdirlar. Qachon sahobalarim ketsalar, ummatimga ularga tahdid qilingan narsa keladir», dedilar».
Muslim rivoyat qilgan.
Ushbu hadisi sharifda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning masjidlarida bo‘ladigan suhbatlardan birining mazmuni haqida so‘z ketmoqda. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning masjidlari o‘sha paytdagi Islom jamiyatining qalbi – yuragi ekanligi hammaga ma’lum. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning shaxslari musulmonlarga o‘rnak bo‘lganidek, u zotning masjidlari ham o‘zga masjidlarga o‘rnakdir. Islom jamiyatida har bir masjid o‘z qavmidan tashkil topgan kichik jamiyatning tinimsiz urib turgan yuragi bo‘lishi kerak.
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam mazkur suhbatda sahobai kiromlarga ajoyib o‘xshatish ila o‘zlarining fazllarini bayon qilib bermoqdalar:
«Yulduzlar osmon uchun omonlikdir».
Yulduzlar osmonda tursalar, osmon omon bo‘ladi. Ular osmonning omonlik ishonchlaridir.
«Qachon yulduzlar ketsa, osmonga unga tahdid qilingan narsa keladi».
Osmonga tahdid qilingan narsa uning nizomining buzilishi va qiyomat qoim bo‘lishidir.
«Men sahobalarim uchun omonlikdirman».
Osmon yulduzlar bilan omon turganidek, sahobai kiromlar ham Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam bilan tinch-omon yashar ekanlar.
«Qachon men ketsam, sahobalarimga ularga tahdid qilingan narsa keladi».
Sahobai kiromlarga tahdid qilingan narsa ularning oralarida xilof va kelishmovchiliklar kelib chiqishidir.
«Sahobalarim ummatim uchun omonlikdirlar».
Osmon yuduzlar bilan, sahobai kiromlar Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam bilan tinch-omon yashaganlaridek, Islom ummati ham sahobai kiromlar bilan tinch yashar ekanlar.
«Qachon sahobalarim ketsalar, ummatimga ularga tahdid qilingan narsa keladir».
Islom ummatiga tahdid qilingan narsa havoi nafsga ergashish va molu dunyoga o‘ch bo‘lish kabi nuqsonlarga mubtalo bo‘lishdir.
Ushbu hadisi sharifdan sahobai kiromlarning fazllari qanchalik ulug‘ ekanligini bilib olishimiz kerak. Ana shunday ulug‘ fazl egalari bo‘lgan zotlarni hurmatlash va ulardan o‘rnak olish musulmon ummatining burchidir.
«Hadis va hayot» kitobining 21-juzidan olindi