Bismillahir Rohmanir Rohiym
Allohga itoat etib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga itoatsizlik qilinmaydi. Allohga va Uning Rasuliga itoat etish lozim.
Alloh taolo bunday buyuradi: “Agar mo‘min bo‘lsangiz, Alloh va (Uning) Rasuliga itoat etingiz!” (Anfol surasi, 1-oyat); “Ey imon keltirganlar! Allohga itoat etingiz va Payg‘ambarga itoat etingiz!” (Muhammad surasi, 33-oyat).
Alloh taologa itoat Qur’oni karim ko‘rsatmalariga amal qilish bilan, Nabiy alayhissalomga itoat esa u zot alayhissalomning sunnatlariga ergashish bilan bo‘ladi.
Alloh taologa va Uning Rasuliga itoat etganlar ulkan zafarlarga erishadi: “Kimki Allohga va Uning payg‘ambariga itoat etsa, bas, u ulug‘ yutuqqa erishibdi” (Ahzob surasi, 71-oyat).
Allohga va Uning Rasuliga itoatgo‘y bandalar jannatga musharraf bo‘lishadi: “Kimki Alloh va uning payg‘ambariga itoat etsa, (U) uni ostidan anhorlar oqib turadigan (jannatdagi) bog‘larga kiritur” (Fath surasi, 17-oyat).
Allohga va Uning Rasuliga itoat etmaganlar qiyomat kuni azoblanadilar: «Yuzlari olovda aylantiriladigan kunda, ular: “Koshki edi, Allohga itoat etganimizda, payg‘ambarga itoat etganimizda”, derlar» (Ahzob surasi, 66-oyat).
Namozni o‘z vaqtida ado etish, moli nisobga yetganda zakot berish lozim. Namozni o‘qib, zakotga qodir bo‘la turib bermaslik, katta gunohdir.
Alloh taolo namozni ado etishga va zakot berishga buyuradi: “...namozni barkamol ado etingiz, zakotni beringiz...” (Haj surasi, 78-oyat); “(Ey mo‘minlar!) Namozni barkamol ado etingiz, zakotni beringiz” (Nur surasi, 56-oyat).
Namozni ado etuvchilar va zakotni beruvchilar uchun Alloh taoloning ulug‘ mukofotlari bordir: “Albatta, imon keltirgan, yaxshi ishlarni qilgan, namozni barkamol o‘qib, zakotni berganlar uchun Parvardigorlarining huzurida (maxsus) mukofotlari bordir. Ularga xavf ham bo‘lmas va ular tashvish ham chekmaslar” (Baqara surasi, 277-oyat); «...namozni barpo qiluvchilar, zakotni ado etuvchilar, Allohga va “Oxirgi kun” (qiyomat)ga imon keltiruvchilar ham borki, aynan ularga, albatta, ulkan mukofot ato eturmiz» (Niso surasi, 162-oyat).
Mol-dunyosini to‘plab, Alloh yo‘lida sarflamaydiganlar uchun alamli azob bordir: «Oltin va kumushlarni kon (maxfiy xazina) qilib olib, ularni Alloh yo‘lida sarf qilmaydiganlarga alamli azob haqida “xushxabar” bering! (Mazkur oltin-kumushlar) jahannam o‘tida qizitilib, ular bilan peshonalari, yonlari, orqalari kuydirilgan kuni: “Bu o‘zlaringiz uchun saqlagan xazinangizdir. Saqlagan xazinangiz (mazasini) totingiz!” (deyiladi)» (Tavba surasi, 34-35 – oyatlar).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kimga Alloh molu dunyo bersa-yu, u zakotini ado qilmagan bo‘lsa, qiyomat kuni u unga ko‘zoynakli ilon bo‘lib ko‘rinadi. Uning ikki tishi chiqib turadi. U qiyomat kuni bo‘ynidan bo‘g‘ib oladi. So‘ng ikki jag‘ suyagidan tishlab turib: “Men sening molingman! Men sening to‘plagan xazinangman!” deydi”, dedilar va: “Allohning fazli bilan bergan narsasi (boyligi)dan baxillik qiluvchilar buni o‘zlariga yaxshi deb hisoblamasinlar! Aslo! Bu ular uchun yomondir. Qiyomat kuni baxillik qilgan narsalari (o‘z bo‘yinlariga) bo‘yinturuq qilib ilib qo‘yiladi”, oyatini tilovat qildilar» (Oli Imron surasi, 180-oyat).
Allohga itoat etish va ota-onaga yaxshilik qilish lozim. Allohga ibodat qilib, ota-onani hurmat etmaslik, ularga yaxshilik qilmaslik ulkan gunoh.
Alloh taolo bunday buyuradi: “Robbingiz Uning O‘zigagina ibodat qilishingizni hamda ota-onaga yaxshilik qilishni amr etdi” (Isro surasi, 23-oyat); “Biz insonga ota-onasini (rozi qilishni) buyurdik” (Luqmon surasi, 14-oyat); “Biz insonni ota-onasiga yaxshilik qilishga buyurdik” (Ahqof surasi, 15-oyat).
Alloh taolo barchamizni O‘zining roziligini topadigan amallarda sobit qadam qilsin!
Davron NURMUHAMMAD
Shu kunlarda Ummon Sultonligining Masqat shahridagi "Hilton Muscat Al Bandar" majmuasida "Masqat harakatlar rejasi global forumi" (Muscat Plan Global Forum) bo‘lib o‘tmoqda. Joriy yilning 15-16 noyabr kunlariga mo‘ljallangan ushbu nufuzli anjumanda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov ham ishtirok etmoqda.
Mazkur xalqaro forum Birlashgan Millatlar Tashkilotining Genotsidning oldini olish va himoya qilish mas’uliyati bo‘yicha boshqarmasi (UNOSAPG), Ummon Sultonligi Vaqf va diniy ishlar hamda Tashqi ishlar vazirliklari, shuningdek, "Din va an’anaviy tinchlikparvarlar tarmog‘i" (The Network for Religious and Traditional Peacemakers) hamkorligida tashkil etilgan.
Tadbirning asosiy maqsadi kamsitish va zo‘ravonlikning oldini olish, shuningdek, o‘zaro muloqot, bag‘rikenglik va tinch-totuvlikni keng targ‘ib qilishda amaliy yondashuvlarni ishlab chiqishdan iborat.
E’tiborlisi, forumning asosiy tadbirlari Birlashgan Millatlar Tashkilotining Xalqaro bag‘rikenglik kuniga (16 noyabr) to‘g‘ri kelgan bo‘lib, bu o‘zaro hurmat va tinch-totuv yashash qadriyatlarini mustahkamlash uchun muhim platforma vazifasini o‘taydi.
Xalqaro tadbirda dunyoning turli davlatlaridan kelgan taniqli ulamolar, diniy va an’anaviy yetakchilar, hukumat vakillari, BMT va boshqa yirik xalqaro tashkilotlar mutasaddilari jam bo‘lgan. Forum dasturi doirasida muhim sessiyalar bo‘lib o‘tmoqda. Jumladan, tinchlik va xavfsizlikni ta’minlashda xalqaro hamkorlik mexanizmlari, nafratli nutqlarga qarshi kurashish hamda bag‘rikenglikni ilgari surishda diniy yetakchilar va ommaviy axborot vositalarining o‘rni kabi mavzularda yuqori darajadagi muhokamalar olib borilmoqda.
O‘zbekiston vakillarining bunday nufuzli xalqaro anjumanlardagi ishtiroki yurtimizda olib borilayotgan diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlar, dinlararo bag‘rikenglik va tinchliksevarlik tamoyillarini jahon hamjamiyatiga yetkazishda muhim ahamiyat kasb etadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati