Joriy yilning 15-16 oktyabr kunlari Poytaxtimiz va Xivada o‘tkaziladigan “Islom – tinchlik va ezgulik dini” mavzuidagi xalqaro anjumanda BMTning Inson huquqlari bo‘yicha vakillari, AYSЕSKO, IRSIKA kabi xalqaro islomiy tashkilotlar rahbarlari, Saudiya Arabistoni, Misr, Rossiya, Turkiya, Ozarbayjon va Markaziy Osiyo davlatlari muftiylari, Pokiston, Hindiston, AQSH va Yevropa davlatlarining nomdor ulamolari hamda tadqiqotchilari ishtirok etadilar.
Shuningdek, mazkur anjumanda bugungi murakkab davrda mintaqada tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash bo‘yicha ma’ruzalar o‘qiladi, tajriba almashiladi va hamkorlik masalalari muhokama qilinadi. Yurtimiz yana bir katta anjumanga mezbonlik qilib, butun dunyoni yana bir bor tinchlik-xotirjamlik, ezgu amallar hamrohligida yashashga da’vat etadi.
Tinchlik so‘zi eshitgan har bir inson ko‘ngliga orom bag‘ishlaydi. Lekin hozir yer yuzidagi qanchadan-qancha insonlar tinchlikka zor yashamoqda. Turli mintaqalarida sodir bo‘layotgan urushlarda minglab begunoh insonlar qoni to‘kilmoqdaki, bunday achinarli holatlar tinch-osoyishta yurtda yashayotgan har bir kishini shukrga, ogohlikka, sergaklikka, tinchlikni qadrlashga undamoqda.
Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom muborak hadislarida: «Ikki ne’mat borki, bu ikki ne’matdan ko‘p insonlar g‘aflatdadirlar: tani-sihatlik va tinchlik-xotirjamlikdir».
Hayotdagi barcha yutuqlar va go‘zal ne’matlar tinchlik tufayli qo‘lga kiritiladi. Ammo ko‘pchilik buni eslamaydi, parvo ham qilmaydi. O‘tmishda ikkinchi jahon urushi qatnashchilari yoki o‘sha vaqtda front ortining og‘ir kunlarini boshdan kechirgan keksalarimiz o‘sha vaqtlarni yodga olsalar “urushning nomi o‘chsin”, deydilar.
Ha, urushning nomi o‘chsin. Urush yoshu qari, erkagu ayol yoxud katta-kichik demaydi. Bugun sayyoramizning urush o‘chog‘iga aylangan joylarida yuz berayotgan qo‘poruvchiliklar, qonli to‘qnashuvlar, tobora kuchayib borayotgan nizo va ziddiyatlar, begunoh insonlarning qurbon bo‘layotgani barchani tashvishga solmasdan qo‘ymaydi.
Dinimizning ezgu shiori mujassam bo‘lgan “Islom – tinchlik va ezgulik dini” mavzuidagi xalqaro anjuman xalqimiz, mo‘min-musulmonlar, butun insoniyat uchun manfaatli bo‘ladi, deb umid qilamiz.
Muhammadnabi ORIPOV,
Rishton tumani bosh imom-xatibi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Farzand uchun ota-onaga xizmat qilib, ularning roziligini olishdan ham ulug‘roq saodat yo‘q. Boisi Alloh taolo rizosi ota-ona roziligiga bog‘langan.
Mehribon Robbimiz ota-ona roziligini topish uchun bizlarga uning yo‘llari va vositalarini oson qilib qo‘ygan. Nafaqat hayotliklarida, balki dunyodan ko‘z yumganlaridan keyin ham ularga yaxshilik qilish shulardan biridir.
Shariatimizda ota-ona nafaqat hayotlik chog‘larida, balki ular bu dunyodan o‘tib ketganlaridan keyin ham haqlarini ado etmoqlik farzand zimmasidagi vazifalardan sanaladi. Ana shulardan biri ota-ona yaqinlari va do‘stlariga yaxshilik qilishdir.
Ibn Dinordan rivoyat qilinadi: “Abdulloh ibn Umarning eshagi va sallasi bo‘lar edi. Bir kuni o‘sha eshagini minib ketayotgan edi, oldidan bir a’robiy o‘tib qoldi. Shunda “Sen falonchining o‘g‘li emasmisan?” dedi. U: “Ha, shunday”, dedi. Ibn Umar unga eshakni berib, “Bunga minib ol”, dedi va sallasini berib: “Buni boshingga o‘rab ol”, dedi.
Sheriklaridan biri unga: “Alloh sizni mag‘firat qilsin! Charchaganda minib turadigan eshagingizni, boshingizga o‘raydigan sallangizni mana shu a’robiyga berdingiz-a?” dedi. Ibn Umar: “Men Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning “Yaxshiliklarning eng yaxshisi – kishi otasi ketganidan (vafot etganidan) so‘ng uning yaxshi ko‘rganlariga yaxshilik qilishidir”, deganlarini eshitganman. Uning otasi (otam) Umarning do‘sti edi”, dedi” (Imom Muslim rivoyati).
Abu Usayd Molik ibn Rabi’a So’idiy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning huzurlarida edik, Bani Salimalik bir kishi kelib, “Yo Allohning Rasuli, ota-onamning vafotidan keyin ularga qilishim mumkin bo‘lgan yaxshiliklardan biror narsa qoldimi?” dedi. U zot: “Ha. Ularning haqqiga duo qilish, ular uchun istig‘for aytish, ulardan keyin ahdlariga vafo qilish, ular orqaligina bog‘lanadigan silai rahmni bog‘lash va ularning do‘stlarini ikrom qilish”, dedilar (Imom Abu Dovud rivoyati).
Hadisi sharifda farzand o‘z ota-onasiga qiladigan yaxshilik ularning vafotlaridan keyin ham davom etishi lozimligi bayon qilinmoqda. Ya’ni, farzand ota-onasi haqqiga ularning vafotidan keyin ham mag‘firat so‘rab duo qilib tursa, ular uchun Alloh taologa istig‘for aytishni kanda qilmasa, inshoAlloh ota-onasining savobiga savob qo‘shilib boraveradi, darajasi esa ko‘tariladi. Yana bir muhim jihat shuki, farzandlar ota-onasining yaqinlariga hamisha sila rahm qilishi, ularning hollaridan xabar olib turishlari lozim.
Imom Buxoriy rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Otangning do‘stligiga rioya qil, shunda Alloh taolo nuringni so‘ndirmaydi”, deganlar.
Demak, ota bilan do‘stlashgan har qanday odamlardan aloqani uzmaslik kerak.
Ilyosxon AHMЕDOV