Shu kunlarda Iordaniya poytaxti Amman shahrida Iordaniya vaqf va islom muqaddasotlari ishlari vazirligi tomonidan Islom dini tinchlik, bag‘rikenglik, mo‘tadillik ekani va uni har qanday zo‘ravonlik, kuch ishlatish, toqatsizlik kabilarga qarshi ekanini o‘z ichiga oluvchi «Amman risolasi» ning mohiyatiga bag‘ishlangan 45 ilmiy-amaliy seminar bo‘lib o‘tmoqda.
Anjumanda Iordaniya vaqf vaziri Xoliliy, Iordaniyadagi Qirol Abdulloh II nomidagi da’vatchilar tayyorlash, malakasini oshirish instituti rektori doktor Abdussator, Iordaniya bosh muftiysi Ahmad Hasanot, Iordaniya qirollik huzuridagi Quddus ishlari qo‘mitasi a’zosi doktor Muhammad Sidr va boshqalar qatorida O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi bosh mutaxassisi Sayyidjamol domla Masayitov o‘z ma’ruza va suhbatlari bilan ishtirok etmoqda.
O‘zbekiston davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan «Qur’on tinchlikka buyuradi» shiori ostida Samarqand shahridagi "Obi Rahmat" jome masjidida Qur’on musobaqasi tashkil etildi. Qur’oni karimga bo‘lgan muhabbatni yuksaltirish, qiroat va tajvid ilmlarini keng targ‘ib etish hamda jamiyatda tinchlik va osoyishtalik g‘oyalarini mustahkamlashga xizmat qiluvchi ushbu xayrli tadbirning saralash bosqichlaridan o‘tgan ishtirokchilar «Hifz» va «Mujavvid» yo‘nalishlari bo‘yicha bellashdi.
G‘olib va sovrindorlar:
«Hifz» yo‘nalishi:
1-o‘rin: Asqar Tursunov (Samarqand shahri, «Muhammadamin ota» masjidi imom-noibi);
2-o‘rin: Abduvakil Olimov (Urgut tumani, «G‘avsul A’zam» masjidi imom-xatibi);
3-o‘rin: Shavkat Mahmudov (Narpay tumani, «So‘fi Ziyrak» masjidi imom-xatibi).
«Mujavvid» yo‘nalishi:
1-o‘rin: Zikrullo Matlabov (Samarqand shahri, «Xo‘ja Abdu Darun» masjidi imom-noibi);
2-o‘rin: Burxoniddin Tursunov (Nurobod tumani, «Jom ota» masjidi imom-xatibi);
3-o‘rin: Isomiddin Isayev (Paxtachi tumani, «Xo‘ja Ziyovuddin» masjidi imom-xatibi).
Qo‘shimcha nominatsiyalar:
«Eng ta’sirchan tilovat»: O‘tkir Abdullayev (Pastdarg‘om tumani);
«Eng go‘zal tilovat»: Sardorxon Sobirov (Samarqand tumani);
«Tajvid qoidalariga eng mukammal rioya qilgan ishtirokchi»: Yusufxon Nizomov (Samarqand shahri).
Tadbir yakunida g‘oliblarga O‘zbekiston musulmonlari idorasi viloyat vakilligining diplomlari va «Vaqf» fondi filiali tomonidan qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati