Shu kunlarda Iordaniya poytaxti Amman shahrida Iordaniya vaqf va islom muqaddasotlari ishlari vazirligi tomonidan Islom dini tinchlik, bag‘rikenglik, mo‘tadillik ekani va uni har qanday zo‘ravonlik, kuch ishlatish, toqatsizlik kabilarga qarshi ekanini o‘z ichiga oluvchi «Amman risolasi» ning mohiyatiga bag‘ishlangan 45 ilmiy-amaliy seminar bo‘lib o‘tmoqda.
Anjumanda Iordaniya vaqf vaziri Xoliliy, Iordaniyadagi Qirol Abdulloh II nomidagi da’vatchilar tayyorlash, malakasini oshirish instituti rektori doktor Abdussator, Iordaniya bosh muftiysi Ahmad Hasanot, Iordaniya qirollik huzuridagi Quddus ishlari qo‘mitasi a’zosi doktor Muhammad Sidr va boshqalar qatorida O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi bosh mutaxassisi Sayyidjamol domla Masayitov o‘z ma’ruza va suhbatlari bilan ishtirok etmoqda.
Joriy yilning 26 avgust kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasida «Vaqf» xayriya jamoat fondi hamda Turkiya Diyonat vaqfi mas’ul xodimlari ishtirokida videokonferensiya formatida muloqot bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda ikki muassasa o‘rtasida imzolangan memorandum va uning asosida ishlab chiqilgan yo‘l xaritasidagi vazifalar ijrosi atroflicha muhokama qilindi. Tomonlar sheriklik aloqalarini mustahkamlash hamda uning amaliy mexanizmlarini belgilab olish masalalariga alohida e’tibor qaratdilar.
Muloqot davomida vazifalarning joriy holati tahlil qilinib, istiqbolda amalga oshiriladigan qo‘shma tashabbuslar va ijtimoiy loyihalar borasida o‘zaro tajriba almashishga kelishib olindi. Xususan, ta’lim va madaniyat sohalaridagi qo‘shma tashabbuslar, yoshlar bilan ishlash va ijtimoiy loyihalarni hayotga tatbiq etish, xorijiy xayriya xizmatlarini tashkil etish hamda zakot va xayriya munosabatlarini yanada rivojlantirish kabi o‘zaro manfaatli yo‘nalishlar bo‘yicha atroflicha fikr almashildi.
Ta’kidlash joizki, mazkur muloqot ikki qardosh davlat vaqf fondlari o‘rtasidagi diniy-ma’rifiy va saxovat yo‘nalishidagi aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati