Uvays Qaraniy milodiy 621 yili tug'ilganlar. Rivoyatlarga ko'ra, hazrati payg'ambarimizni tushlarida ko'rib, islomga kirgan, shu bois Uvays unvoniga loyiq topilgan. (Uvays tush orqali ta'lim olish ma'nosini beradi). Hazrat Navoiy “Nasoimul-muhabbat” asarida yozishicha, Uvays Qaraniy Uhud jangida payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning bitta tishlari singanini eshitib, o'zlarining hamma tishini urib sindirgan ekanlar.
Payg'ambarimiz bilan bir zamonda yashagan bo'lsalar-da, u zot bilan ko'risha olmay, g'oyibona imon keltirganlar. Rivoyat qilinishicha, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ora-sira Yaman tarafga yuzlarini burib, bunday der edilar: “Yaman tomondan rahmat shabadalari esmoqda. Ehson va ezgulikda tobeinlarning eng yaxshisi Uvays Qaraniydir”.
Oradan yillar o'tib, Payg'ambarimiz (alayhissalom) hayotlari so'ngida muborak hirqalarini echib, Hazrati Umar bilan Hazrati Aliga beradilar va: “Buni Uvays Qaraniyga beringlar!” deya vasiyat qiladilar.
Hazrati Uvays Payg'ambarimizning sollallohu alayhi vasallam vafotlaridan keyin haj qilish uchun Makkaga keladilar. Hazrati Umar ham Uvays bilan ko'rishishni orzu qilib yurardilar. Yamanliklar haj qilish uchun kelishganida Hazrati Umar Abu Qubays tepaligiga chiqib, baland ovoz bilan Yaman hojilari orasida Uvays ismli kishi bor-yo'qligini so'raydilar. Yamanliklardan uzun soqolli kishi o'rnidan turib: “Ey Umar, bir Uvays bor oramizda. U juda odamovi, tuyalarimizga qo'riqchilik qilib o'tiradi. Kechki paytlari unga ovqatini olib borib beramiz”, deydi. Hazrati Umar Uvays turgan joyga boradilar. U bilan suhbatlashib, payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytgan kishi shu odam ekaniga ishonch hosil qiladilar va muborak omonatni — hirqai sharifni unga topshirishadi. Keyinroq bu hirqa qo'ldan-qo'lga o'tib, Usmoniylar tomonidan Istanbulga olib ketiladi. Ayni paytda bu xirqa To'pqopi saroyining “Muqaddas omonatlar” bo'limida saqlanadi.
Bugungi kunda Uvays Qaraniyning maqbaralari dunyoning bir qator mamlakatlarida uchraydi. Qoraqalpog'istonda, Namanganda, Tojikistonda va hatto Turkiyada ham uning nomiga barpo etilgan qadamjolar bor. Emishki, Uvays Qaraniy vafotlaridan so'ng etti mamlakat podshohi uni o'z mamlakati hududida dafn qilish bo'yicha bahslashadi. Mo''jiza tufayli mayit har ettita qabrda paydo bo'ladi.
Asl mayit qaysi biri ekani hech kimga ma'lum emasmish…
Shu qadamjolardan ikkitasi vatanimiz hududida joylashgan. Qoraqalpog'iston Respublikasining Beruniy tumanidagi ziyoratgoh ham, u joylashgan tog' ham sulton Uvays nomi bilan ataladi. Ma'lumotlarga qaraganda, bu erda Sulton Uvays maqbaralari ilk bora XIII asrda Sulton Muhammad Horazmshoh buyrug'iga binoan qurilgan. Ammo, Chingizxon qo'shinlari tomonidan vayron qilingan. Oradan asrlar o'tib, Hiva xoni Eltuzarxon, keyinchalik Olloqulixon tarafidan maqbara qayta tiklanadi. Biroq, sobiq tuzum davrida maqbaraning oltindan yasalgan qandili, oltin suvi yuritilgan panjarasi, gumbaz ustidagi oltin qubbasi talon-taroj qilinib, vayronaga aylantirilgan.
Yana bir ziyoratgoh Namangan viloyatining Chortoq tuman markazidan 35 kilometr uzoqlikdagi Baliqli ko'l qishlog'ida joylashgan. Uvays Qaraniy ziyoratgohining janubiy tomonida onalari Bibi Naima ona ziyoratgohi bor. Rivoyatlarga ko'ra, Uvays Qaraniy onalari bilan bilan shu manzilga kelganlar. Onalari Bibi Naima shu erda qazo qiladilar. Jasadni yuvib, dafn qilish uchun suv topolmagan Uvays Qaraniy Yaratganga munojot qiladilar. Shunda erdan bir buloq otilib chiqadi. Bu buloq hozirgacha saqlanib qolgan. Qizig'i shundaki buloq suvi haftaning ma'lum kunlari sutrang ko'rinishga kiradi, keyin esa yana tiniqlashadi. Buloq suvi ko'plab kasalliklarga shifo emish.
Uvays Qaraniyning yana bir ziyoratgohlari Tojikiston Respublikasi janubidagi Hatlon viloyati Hovaling nohiyasida joylashgan. Mahalliy aholi vakillari buyuk avliyo aynan shu hududda dafn qilinganiga ishonadilar.
Uvays Qaraniyning navbatdagi qabrlari Turkiyaning Janubi-sharqiy qismidagi Siirt viloyati Baykan tumanida joylashgan. Maqbara Usmoniylar saltanatining so'nggi yillarida, aniqrog'i 1901 yilda Abdulhamid Ikkinchi tomonidan tiklangan.
M.Turdaliyeva, I.Ismatov (video) O'zA
O‘zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Buxoro viloyatida faoliyat olib borayotgan imom-xatib va imom-noiblar o‘rtasida “Qur’on tinchlikka buyuradi” shiori ostida Qur’on musobaqasi o‘tkazildi.
Ochilish marosimida Buxoro viloyati bosh imom-xatibi Jobir domla Elov so‘zga chiqib, mazkur ma’rifiy tadbirning ahamiyati haqida so‘zlab, ishtirokchilarga muvaffaqiyat tiladi.
Musobaqani o‘tkazishdan ko‘zlangan maqsad diniy soha xodimlarining Qur’oni karim bo‘yicha bilim va mahoratini yanada oshirish, ular o‘rtasida o‘zaro hamjihatlik muhitini shakllantirishdir.
Bellashuvda viloyatning tuman va shaharlarida faoliyat yuritayotgan 10 nafar imom-xatib va imom-noib ishtirok etib, Qur’oni karimni o‘qish va yoddan bilish borasidagi bilim va mahoratini namoyish etishdi.
Birinchi o‘ringa Peshku tumani “Chiqirchi” jome masjidi imom-noibi Afzal Shavkatov sazovor bo‘ldi. Ikkinchi o‘rin Buxoro shahridagi “Volidi Abdulazizxon” jome masjidi imom-noibi Abduvohid Akramovga, uchinchi o‘rin Jondor tumani “Raboto‘g‘lon” jome masjidi imom-xatibi Shuhrat Sherovga nasib etdi.
G‘oliblarga diplom va qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati