Ustoz – jamiyatni olg‘a boshlovchi va uning ertangi kunini ta’minlovchi, ta’bir joiz bo‘lsa, bir yo‘lchi yulduzlardir. Ustozsiz hech bir jamiyat kamolga yetmagan. Shuning uchun ham xalqimizda “Ustoz otangdek ulug‘” degan chiroyli iboralar bor. Shunday ekan, ustozning ham ota-onadek haqlari bor.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam murabbiylarga olimlarni hurmatlash, muallim va ustozlarni ulug‘lash borasida ko‘pgina qimmatli ko‘rsatmalar berganlar.
Imom Ahmad, Imom Tabaroniy va Hokim Uboda ibn Somitdan roziyallohu anhu rivoyat qiladi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Keksalarimizni ulug‘lamagan, kichiklarimizga mehribon bo‘lmagan va olimlarimizni (haqini) bilmagan mening ummatimdan emas”, dedilar.
1-oktyabr – o‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan qoraqalpog‘istonlik diniy soha xodimlarimiz Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti tizimidagi masjidlarda ko‘p yillar davomida xizmat qilgan, bugungi kunda nafaqada bo‘lgan nuroniy imom domlalar holidan xabar olib, bayram bilan qutladi.
Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti
Matbuot xizmati
Xabar berganimizdek, 19-20 avgust kunlari Islom sivilizatsiyasi markazida O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining «Zamonaviy diniy ta’lim: pedagogika, ilm-ma’rifat va innovatsiya» nomli I ilmiy-amaliy anjumani bo‘lib o‘tmoqda.
Bugun, 19 avgust kuni ishtirokchilar kutib olinib, ularning Islom sivilizatsiyasi markaziga sayohati tashkil etildi. Tashrif davomida mehmonlar markazning boy ekspozitsiyalari, Qur’oni karim zali, nodir qo‘lyozmalar hamda buyuk ajdodlarimizning ilmiy merosiga bag‘ishlangan bo‘limlar bilan yaqindan tanishdi. Ayniqsa, zamonaviy multimedia loyihalari va tarixiy eksponatlar ularda chuqur taassurot qoldirdi.
Ustozlar Markazda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar islom ma’rifatini targ‘ib qilish hamda yosh avlodni milliy-diniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etishini e’tirof etishdi.
Shuningdek, ishtirokchilar O‘zbekiston musulmonlari idorasida ham bo‘lishdi. Hazrati Imom majmuasidagi tarixiy qadamjo va obidalarni ziyorat qilishdi.
Oqshomda Islom sivilizatsiyasi markazi binosida ma’rifiy dastur – mapping namoyish qilindi.
Mazkur tadbirlar islom sivilizatsiyasi merosini targ‘ib etish, diniy ta’lim tizimini yanada takomillashtirib, yangi bosqichga olib chiqishda salmoqli hissa bo‘lib qo‘shiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati