Sayt test holatida ishlamoqda!
16 Noyabr, 2026   |   6 Jumadul soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
05:50
Quyosh
07:12
Peshin
12:13
Asr
15:22
Shom
17:06
Xufton
18:23
Bismillah
16 Noyabr, 2026, 6 Jumadul soni, 1448

Nikohsiz eko qilsa bo‘lmaydimi?

02.10.2024   7922   1 min.
Nikohsiz eko qilsa bo‘lmaydimi?

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Cavol: Turmush qurganimizga 7 yil bo‘ldi farzandimiz yo‘q. EKO ga ham xo‘jayinimni urug‘lari chiqmadi, shunga qaynimni urug‘idan EKO qildirmoqchi edik. Nikohsiz EKO qildirishni xohlamayman. Shu masalaga qanday maslahat berasiz?

Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Ulamolar sun’iy urug‘lantirish amaliyotini o‘ta zarur holatda va faqat o‘rtalarida shar’iy nikoh bo‘lgan er-xotinlar orasidagina amalga oshirishni joiz deb hisoblaydilar. Siz bu borada quyidagi fatvoni o‘qib chiqing (https://t.me/diniysavollar/270).

Farzand ko‘rmaslik ham Alloh taoloning sinovi va dardlarning biri hisoblanadi.

Qur’oni Karimning Sho‘ro surasining 49-50 oyatlarida: “Osmonlar va yerning mulki Allohga xosdir. U xohlaganini yaratadi. U xohlagan kishiga qizlarni, xohlagan kishiga o‘g‘illarni in’om etadi. Yoki ularni o‘g‘il va qizlar aralash qilib beradi. Va xohlagan kishisini bepusht qiladi. Albatta, U (har narsani) biluvchi va (har narsaga) qodirdir”.

Bu oyatdan ma’lum bo‘ladiki, farzandli bo‘lish yoki bepushtlik Allohning qudrati va hikmati bilan sodir bo‘ladi. Har bir mo‘min inson o‘zining taqdirini qabul qilib, unga shukr qilishi va bu sinovga chiroyli sabr qilishi lozim.

Biroq, kasallikdan davolanish dinimiz ko‘rsatmasidir. Shuning uchun siz ham Alloh taologa duo va iltijo qilgan holatda farzand ko‘rish choralarini halol yo‘llaridan foydalaning. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

«Uchinchi Renessans chorrahasi»: Imom-xatiblar uchun ilm, tarix va ma’rifat muloqoti tashkil etildi

16.11.2026   11809   3 min.
«Uchinchi Renessans chorrahasi»: Imom-xatiblar uchun ilm, tarix va ma’rifat muloqoti tashkil etildi

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida Toshkent shahri va Navoiy viloyatidan tashrif buyurgan imom-xatiblar ishtirokida “Uchinchi Renessans chorrahasi” mavzusi doirasida ma’rifiy tadbir tashkil etildi, xabar bermoqda iccu.uz.

Tashrif avvalida ishtirokchilar uchun mahorat darsi o‘tkazildi. Unda diniy-ma’rifiy faoliyatda zamonaviy yondashuvlar, milliy va diniy qadriyatlarni targ‘ib etish, tarixiy merosni yosh avlodga yetkazish masalalariga e’tibor qaratildi. Shuningdek, mehmonlarga “Men” nomli hujjatli film namoyish etildi.

Shundan so‘ng imom-xatiblar Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan Markazning muzey ekspozitsiyalari bilan tanishdi. Ular yurtimiz hududida shakllangan qadimgi sivilizatsiyalar, islom ilm-fani taraqqiyoti, buyuk allomalar hayoti va ilmiy merosiga oid tarixiy manbalar, noyob eksponatlar hamda zamonaviy multimedia yechimlari bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ldi. Ayniqsa, Qur’oni karim zalida saqlanayotgan Usmon mus'hafi va turli davrlarga oid nodir Qur’on nusxalari ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.

Tashrifning muhim yo‘nalishlaridan biri Markazning ilmiy-tadqiqot va ma’rifiy faoliyati bilan tanishish bo‘ldi. Jumladan, mehmonlarga kutubxona faoliyati, uning fondidan o‘rin olgan ilmiy adabiyotlar, qo‘lyozmalar, elektron axborot resurslari hamda tadqiqotchilar uchun yaratilgan imkoniyatlar haqida batafsil ma’lumot berildi.

Shuningdek, Markazning ikkinchi qavatida joylashgan xalqaro ilmiy-ma’rifiy platforma faoliyatiga alohida e’tibor qaratildi. Ishtirokchilarga ushbu platformaning asosiy vazifasi — islom sivilizatsiyasi merosini xalqaro miqyosda o‘rganish va targ‘ib etish, jahonning nufuzli ilmiy muassasalari, tadqiqot markazlari, xalqaro tashkilotlar hamda olimlar o‘rtasida samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish ekani tushuntirildi.

Mazkur platforma xalqaro ilmiy muloqotlar, konferensiyalar, davra suhbatlari va taqdimotlarni tashkil etish, qo‘shma tadqiqotlarni amalga oshirish, ilmiy tajriba almashish uchun zamonaviy maydon vazifasini bajaradi. U orqali Markazda jamlangan tarixiy manbalar va ilmiy izlanishlar natijalarini xalqaro ilmiy hamjamiyatga yetkazish, shuningdek, O‘zbekistonning boy ilmiy-ma’naviy merosini jahonda keng tanitish imkoniyatlari yaratilgan.

Shodlik Boynazarov, Xorazm viloyati Xiva tumanidagi Xon Ismoil Jo‘rjoniy masjidi imom-xatibi:

Bu yerda faqatgina muzey bilan cheklanib qolinmagan. Ilmiy yo‘nalishlar, diniy qadriyatlarimiz, islom dinining shakllanishidan bugungi kungacha bo‘lgan tarixi, buyuk ulamolarimiz hayoti va ularning asarlari bilan tanishish imkoniyati yaratilgan. Bunday markazning barpo etilishi yurtimiz kelajagi, ayniqsa, yosh avlod uchun katta ilmiy va ma’naviy meros hisoblanadi.

Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanidagi Qangli jome masjidi noib imomi esa Markazda yaratilgan zamonaviy imkoniyatlar, xususan, ekspozitsiyalar va ko‘p tilli axborot tizimining ahamiyatiga to‘xtaldi.

Uning ta’kidlashicha, Markaz orqali milliy qadriyatlar, diniy meros va buyuk allomalar hayoti haqida turli tillarda ma’lumot olish, ularni chuqur o‘rganish mumkin. Ayniqsa, Qur’oni karim zalidagi “Alaqa” surasi ilk oyatlaridan boshlanib, “Fotiha” surasi tilovati bilan davom etadigan taqdimot unda katta taassurot qoldirgan.

Normamat Ramazon, Navoiy viloyati Xatirchi tumanidagi “Abu Hanifa” jome masjidi imom-xatibi:

Ulamolarimizning hayoti va ilmiy merosi, qo‘lyozma kitoblar, shuningdek, Qur’oni karim zalidagi Usmon mus'hafi bilan tanishib, juda katta taassurot oldik. Bu yerda har bir tafsilotga alohida e’tibor qaratilgan. Yurtimizda bunday ilmiy-ma’rifiy markazlar tashkil etilayotgani biz, diniy soha vakillari uchun ham katta imkoniyat.

Ta’kidlash joizki, “Uchinchi Renessans chorrahasi” mavzusi doirasidagi bunday uchrashuv va ma’rifiy tashriflar diniy soha vakillarining tarixiy meros, islom ilm-fani va zamonaviy ilmiy tadqiqotlar haqidagi bilimlarini boyitish, shuningdek, milliy va diniy qadriyatlarni keng targ‘ib etishga xizmat qiladi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari