O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi buyrug‘iga asosan Toshkent islom institutiga O‘quv ishlari bo‘yicha prorektor tayinlandi.
TII «Qur’oni Karim va tajvid» o‘quv kursi bo‘lim boshlig‘i vazifasida ishlab kelayotgan Jahongir Ro‘ziyev O‘ktamovich prorektor sifatida jamoaga e’lon qilindi.
Yig‘ilishda O‘MI raisi o‘rinbosari, TII rektori Muhammadolim Muhammadsiddiqov so‘zga chiqib, Jahongir Ubaydullohga mas’uliyatli vazifadagi faoliyatiga muvaffaqiyat tiladi.
Jahongir Ubaydulloh 2005-2009 yillari «Ko‘kaldosh» o‘rta-maxsus islom bilim yurtida, 2009-2013 yillari TIIda, 2018-2020 yillari O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi magistraturasida ta’lim olgan.
Mehnat faoliyatini Toshkent shahar «Ahmadjon qori» jome’ masjidi imom noibi vazifasida boshlagan. Uzoq yillardan buyon TII «Qur’on ilmlari» kafedrasida talabalarga dars berib kelmoqda. Shu bilan birga qiroat ilmlari bo‘yicha erkin izlanuvchi sifatida ilmiy-tadqiqot olib bormoqda.
Alloh taolo vazifasiga yangi tayinlangan prorektorning ishlariga xayru baraka ato qilsin!
https://t.me/oliymahad
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Madinai munavvara shahridagi «Zamzam Pullman» mehmonxonasida bo‘lib turgan ziyoratchilar bilan suhbatlashdilar. Yurtdoshlarimizdan sog‘liklari, kayfiyatlari, ibodatlarini qanday ado etayotganlari, mehmonxonadagi sharoitlar haqida fikr-mulohazalarini so‘radilar.
Bo‘lajak hojilar ziyorat va ibodatlarni bekamu ko‘st ado etishlari uchun ko‘rsatilayotgan xizmatlardan nihoyatda mamnunligini bildirishdi. Ayniqsa, mehmonxona Harami sharifga juda yaqinligi yoshi ulug‘ kishilar uchun ham qulay bo‘layotgani, besh mahal namozni Masjidi Nabaviyda ado etishning shukuhi haqida so‘zladilar. Malakali imom-xatiblardan tashkil topgan ellikboshilar, ishchi guruhi, shifokorlar tunu-kun shay turishganini alohida e’tirof etishdi.
Muqaddas zaminda toat-ibodatlarini xotirjam bajarayotgan ziyoratchilar yaqinlari, oila a’zolari qatorida tez-tez el-yurtimiz, davlatimiz rahbari va boshqa mutasaddilar haqlariga duolar qilib, ofiyat va farovonligimiz bardavomligini Allohdan so‘rashmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati