Shu yilning 3 oktyabr kuni Ostona shahrida “Xoja Ahmad Yassaviy va uning ma’naviy merosi” nomli Turkiy davlatlar olimlarining xalqaro ilmiy-amaliy anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda turkiy davlatlar muftiylari, din va davlat arboblari taniqli ulamolar, mutasavvif olimlar va diniy soha xodimlari qatnashdi.
Anjuman avvalida Qozog‘iston Respublikasi parlamenti yuqori palatasi - Senat raisi Maulen Ashimbayev ushbu mamlakat Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev janoblarining ishtirokchilarga tabrigini yetkazdi.
Nufuzli anjumanda Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari so‘zga chiqib, Xoja Ahmad Yassaviy turkiy xalqlarning ma’naviy kamolotiga, axloqiy poklanishi va ruhiy olami boyishi yo‘lida buyuk xizmatlar qilgani, uning ma’naviy merosi bugungi kunda ham ta’lim-tarbiya ishida keng foydalanilayotgani, Ahmad Yassaviy Buxoroi sharifda ta’lim olgani, Xoja Abdulxoliq G‘ijduvoniy kabilar bilan hamsuhbat bo‘lib, Yusuf Hamadoniyning shogirdi sanalishining ilmiy asoslarini keltirdilar.
Shuningdek, Muftiy hazratlari sohibqiron Amir Temur Xoja Ahmad Yassaviy maqbarasini Turkiston shahrida qurdirgani turkiy xalqlar qadimdan bunyodkorlik ishlarida o‘zaro ittifoq bo‘lganiga dalolat qilishi, bugungi zamonimizda ham bir ezgu maqsad yo‘lida birlashish ana shunday asrlarga tatigulik xayrli ishlarga sabab bo‘lishini ta’kidladilar.
Anjumanda so‘zga chiqqan olimlar Xoja Ahmad Yassaviy nafaqat Turk dunyosida, balki butun Islom olamida shuhrat qozongani, uning ta’limoti asrlar bo‘yi davom etib kelayotgani, u zot asos solgan Yassaviylik ta’limoti hamda asarlari uzoq yillardan buyon olimlar, tadqiqotchilarning diqqatini o‘ziga jalb qilib kelayotganini qayd etishdi. Shu bilan birga, Xoja Ahmad Yassaviyga mansub “Devoni hikmat” asari mazmun-mohiyati haqida so‘z yuritildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas’ul xodimi Abdulhakim Oripov "Ahmad Yassaviy ta’limotining Qur’on va sunnatga mosligi" mavzusidagi ma’ruzasi bilan ishtirok etdi.
Xalqaro ilmiy-amaliy anjuman yakunida ishtirokchilarning murojaati e’lon qilindi. Unda Xoja Ahmad Yassaviy ezgu ta’limotlarini keng yoyish, komil inson bo‘lish uchun zarur sifatlarni yoshlar tarbiyasida qo‘llash, alloma merosini chuqur o‘rganish va tasavvuf rivojiga qo‘shgan hissasini targ‘ib etish kabi ishlarni yanada ommalashtirish lozimligi bayon etildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Alloh taolo aytadi: “Kim Allohga taqvo qilsa, U unga (tashvishlardan) chiqish yo‘lini (paydo) qilur”, (Taloq surasi, 2-oyat).
Izoh:
- Ibn Abbos roziyallohu anhu oyati karimaning “chiqish yo‘li” qismini “dunyo va oxiratdagi har turli tashvishlardan uni qutqaradi”, deb tafsir qilganlar.
- Ali ibn Solihga ko‘ra, “chiqish yo‘li” Alloh taoloning o‘sha bandaga rizq berish bilan uni xushnud etishidir.
- Kalbiy oyatni bunday tafsir qiladi: “Kim musibat paytida sabr qilib, Allohdan qo‘rqsa, Parvardigor unga do‘zax otashidan jannat sari bir chiqish yo‘li ko‘rsatadi”.
- Abul Oliya oyatni: “Turli mashaqqat va tashvishlardan chiqish yo‘li”, deya sharhlagan bo‘lsa,
- Rabi’ ibn Haysam: “Odamni siqadigan hamma narsadan unga chiqish yo‘li ko‘rsatadi”, shaklida tafsir qilgan.
- Husayn ibn Fazlga ko‘ra, oyat tafsiri bunday: “Kim farzlarni ado etish borasida Allohdan qo‘rqsa, Alloh unga jazolanishdan qutulish yo‘lini ko‘rsatadi”.