Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qiyomat kuni menga eng yaqin kishilar, albatta, menga ko‘p salavot aytganlardir”, dedilar (Imom Termiziy rivoyati).
Sahobalar roziyallohu anhum Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan “Yo Rasululloh sizga salavot aytish qanday bo‘ladi?” deb so‘raganlarida u zot sollallohu alayhi vasallam: “Allohumma solli a’la Muhammadin va a’la oli Muhammad, kama sollayta a’la Ibrohiyma va a’la oli Ibrohiym. Innaka hamiydummajiyd. Allohumma barik a’la Muhammadin va a’la oli Muhammad, kama barokta a’la Ibrohiyma va a’la oli Ibrohiym. Innaka hamiydum majiyd”, deb aytinglar, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Allohumma solli va sallim ’ala Muhammadin va ’ala aali Muhammad.
Davron NURMUHAMMAD
G‘aflatda qolmang! Ertaga Ashuro kuni: Ro‘za tutishni va oilangizga kengchilik qilishni unutmang!
Ashuro kuni ro‘za tutish o‘tgan bir yillik gunohlarga kafforat bo‘ladi.
Bu haqda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ashuro kunining ro‘zasi Allohdan umid qilamanki bir yil oldingi gunohlarga kafforat bo‘ladi”, deganlar (Imom Muslim rivoyati).
Esda tuting! Muharram oyining yolg‘iz o‘ninchi kunida emas, bu kunga qo‘shib, bir kun oldingi yoki bir kun keyingi kunda ham ro‘za tutish lozim.
Ashuro kuni yaqinlarga kengchilik qilish – bir yillik kengchilikka sabab bo‘ladi.
Abu Sa’d roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy alayhissalom: “Kim Ashuro kuni ahli ayoliga hadya ulashsa, Alloh yilning barchasida unga ham hadya ulashadi”, dedilar (Imom Bayhaqiy rivoyati).
Sufyon ibn Uyayna rahmatullohi alayh: “Bu hadisni oltmish yil tajriba qildim va faqatgina yaxshilik ko‘rdim”.
Davron NURMUHAMMAD