Shu kunlarda Qozog‘istonda bo‘lib o‘tayotgan Turkiy davlatlar muftiylari kengashining V yig‘ilishi doirasida mazkur tuzilma huzuridagi Fatvo hay’atining “Turkiy dunyo: fatvo berishning metodologiyasi va o‘ziga xos xususiyatlari” mavzusida I-xalqaro davra suhbati o‘tkazildi.
Ta’kidlash joizki, 2023 yil 25 noyabr kuni Toshkentda o‘tkazilgan Turkiy davlatlar muftiylari kengashining IV yig‘ilishida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining taklifigi binoan mazkur Fatvo hay’ati tuzilgan edi.
O‘tgan kuni o‘tkazilgan ushbu hay’atning ilk yig‘ilishi qizg‘in bahs-munozalarga boy bo‘lib, ulamolar va mutaxassislar o‘rtasida hamkorlikni mustahkamlash, ularning o‘zaro tajriba almashishini tashkil etish, fatvo berish tartiblariga rioya etish, zamonaviy masalalar, dolzarb muammolarni hal etishda jamoaviy fatvolar ishlab chiqish kabi bir qator masalalar muhokama qilindi.
Shuningdek, Turkiy davlatlar tashkiloti muftiylar kengashi huzuridagi Fatvo hay’ati yo‘riqnomasi va Islom dini shar’iy dalillarga zid bo‘lmagan urf-odatlarni e’tiborga olishi to‘g‘risidagi hujjatlar ko‘rib chiqildi.
Davra suhbatida O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi Fatvo markazi faoliyati haqida ma’lumot berilib, ushbu markaz to‘g‘risida videolavha namoyish etildi. Shu bilan birga, markaz tomonidan nashr etilgan “Fatvolar to‘plami” kitobi taqdimot qilindi.
Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston va Qirg‘iziston vakillari O‘zbekistondagi mazkur yo‘nalishdagi ishlarga yuqori baho berdi, xususan, “Fatvolar to‘plami” kitobini turkiy tillarga tarjima qilish taklifi bildirildi.
Muloqot yakunida O‘zbekiston tomonining taklifiga binoan ushbu hay’at turkiy davlatlarda oila, nikoh va ajrim borasidagi muammoli masalalarni o‘rganib, jamoaviy fatvo ishlab chiqishga kelishib olindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Mustaqilligimizning 35 yilligi munosabati bilan yurtimizda tinchlik, mehr-oqibat, saxovat va insonparvarlik kabi yuksak qadriyatlarni keng targ‘ib etishga qaratilgan xayrli tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan,13 avgust kuni Xorazm viloyati bosh imom-xatibi Xayrulla domla Abdullayev boshchiligida tuman bosh imom-xatiblari, otinoyilar, «Haj–2026» ziyoratidan qaytgan hoji otalar va hoji onalar hamda mahalla faollari ishtirokida Urganch shahridagi «Oxun bobo» jome masjidida sayyor yig‘ilish o‘tkazildi. Tadbirda Xorazm viloyati hokimi o‘rinbosari R.Sobitov ishtirok etdi. Tadbir doirasida «Mustaqillik shukuhi» shiori ostida Urganch shahridagi boquvchisini yo‘qotgan, yetim, nochor va kam ta’minlangan oilalardan 100 nafariga VAQF jamoat fondi viloyat bo‘limi bilan hamkorlikda moddiy yordamlar ko‘rsatildi. Bu xayrli amal orqali ehtiyojmand oilalar holidan xabar olinib, ularga moddiy ko‘mak va samimiy mehr-e’tibor ulashildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Xorazm viloyati vakilligi matbuot xizmati